Haydovchilarning YPX xodimi dislokatsiyasini joyida talab qilish huquqi nega bekor qilindi?
YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov Kun.uz muxbirining shu haqdagi savoliga javob bermadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu degani inspektor nazoratsiz qoladi degani emas”, YPX xodimlari qachon va qayerda bo‘lgani ularning bodikamerasi va plansheti yordamida nazorat qilinadi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati sohasiga oid yangiliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri haydovchilar YPX xodimining dislokatsiya ko‘chirmasi bilan joyida tanishish huquqidan mahrum bo‘lgani haqida savol berdi.
“YPX xodimining dislokatsiya ko‘chirmasini so‘rab olish tartibi qiyinlashtirildi. Bunga nima sabab bo‘ldi? Ushbu o‘zgartirishdan keyin bir hududga biriktirilgan YPX xodimi o‘z vakolatini suiiste’mol qilib boshqa hududda noqonuniy faoliyat olib bormasligiga kimdir kafolat bera oladimi?” – deya savol berdi Kun.uz muxbiri.
IIV YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov savolning bu o‘zgarishga nima sabab bo‘lgani haqidagi qismini javobsiz qoldirdi.
“Dislokatsiya masalasiga kelsak, albatta, 2021 yilda bo‘lgan holatlardan hammalaringiz xabardorsizlar. Lekin bu degani inspektor nazoratsiz qoladi, degani emas. Hozirgi kunda inspektorlar hammasi bodikameralar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, qo‘llarida planshet bor. Bu ikkita moslama orqali xodimning soat nechida qayerda bo‘lgani to‘liq nazorat ostiga olingan.
Buni, agar xohlasalaringiz, amaliy tadbirda ham ko‘rishimiz mumkin. Bizda situatsion markazlar tashkil etilgan, o‘sha yerga borib, har bitta xodimning – hatto Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi xodimning ham bodikamerasi orqali qayerda qanaqa xizmat olib borilayotganini nazorat qilish imkoniyatiga egamiz”, – dedi Erali Bozorov.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 12 apreldagi qarori bilan, haydovchilar YPX xodimining dislokatsiyasi ko‘chirmasi bilan o‘sha joyning o‘zida tanishishi mumkinligiga oid norma qonunchilikdan chiqarib tashlandi.
Endilikda haydovchilar dislokatsiya bilan tanishish uchun saf bo‘limiga murojaat qilishi va yozma tarzda taqdim etiladigan javobni kutishi kerak bo‘ladi.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
13:39 / 08.12.2024
Avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir inson umriga zomin bo‘ldi
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
18:44 / 12.11.2024