Finaldan oldingi final. «Siti» va «Real» mavsumning eng yorqin o‘yinini o‘tkazishdi
Yarimfinal o‘yinida 7 gol urildi, pley-offda shu vaqtgacha gol o‘tkazmay kelayotgan «Siti» bir o‘yinda o‘z darvozasidan 3ta gol olib chiqdi.
«Real» yirik mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Benzema esa «Oltin to‘p» uchun loyiqligini yana bir bor namoyish etdi.
Manchester Siti — Real 4:3
26 aprel, «Etihad»
Gollar: de Bryuyne (2), Jyezus (11), Foden (53), Silva (74) — Benzema (33, 82 penalti), Vinisius (55).
Manchester Siti – Ederson, Stounz (Fernandino, 36), Laport, Diash, Zinchenko, de Bryuyne, Bernardu Silva, Rodri, Foden, Marez, Gabriel Jyezus (Sterling, 83).
Real – Kurtua, Karvaxal, Alaba (Nacho, 46), Militao, Mendi, Modrich (Sebalos, 79), Kroos, Valverde, Benzema, Vinisius Junior (Asensio, 88), Rodrigo (Kamavinga, 70).
Ogohlantirishlar: Fernandino (81), Nacho (90+3).
Karlo Anchelotti o‘z vaqtida Pep Gvardiolaga faoliyatidagi eng yirik mag‘lubiyatni taqdim etgan. 2013/14 yilgi mavsum yarimfinalida papa Karlo boshchiligidagi «Real» Pepning «Bavariya»sini ilojsiz qoldirib (1:0, 4:0) orzudagi Desima tomon qadam tashlagan va finalda ham g‘alaba qozonib o‘ninchi bor Chempionlar ligasini qo‘lga kiritgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, aynan o‘sha vaqtda «Gvardiola sindromi» paydo bo‘lgan, u muhim o‘yinlar arafasida hadiksirab, jamoa uchun noodatiy bo‘lgan qandaydir rejalar o‘ylab topishga odatlangan. Bunga klassik namuna — 2020 yilda yarimfinalda jamoa «Lion»ga mag‘lub bo‘lib turnirni tark etishi bo‘lgandi.
Ammo bu safar Pep hech qanday yangi narsa o‘ylab topib, donolik qilmadi. Shu bilan birga mas’uliyatdan qochish odatini kanda qilmadi — markaziy hududda Rodrining yonida Ilkay Gundo‘g‘an emas, Kevin de Bryuyne va Bernardu Silva chiqdi. Bu esa o‘zini oqladi.
«Real»da o‘yinda qatnashishi so‘roq ostida bo‘lgan yoki qatnashmasligi aniq bo‘lgan futbolchilar bir guruh bo‘ldi – David Alaba, Ferlan Mendi, Kazemiro, Garet Beyl, Marselo, Xesus Valexo, Eden Azar, Luka Yovich va Mariano Dias. Bunday yo‘qotishlar tufayli Karlo Anchelotti o‘zini ham zaxira futbolchisi sifatida zayavkaga kiritishi mumkin edi. Ammo barchasi kutilganidek dahshatli bo‘lib chiqmadi: dastlabki ikki futbolchi asosiy tarkibga kirdi, yana to‘rt nafari zayavka qilindi va faqat Azar, Yovich va Dias yarimfinal o‘yinini muxlislar qatorida tomosha qiladigan bo‘lishdi.
O‘yinning ilk daqiqalaridayoq «Real»ning boshlang‘ich tarkibidagi futbolchilarning barchasi o‘yinga tayyor emasligi ko‘rinib qoldi. «Man Siti» madridliklarni yuqori pressing bilan bosib tashladi, maydonning ikkinchi qismida futbolchilar joylarini tez-tez o‘zgartirib chalg‘itishdi, to‘p juda tez harakatlantirildi. Natijada ikkinchi daqiqadayoq hisob ochildi. Vinisius Junior va Mendi Riyoz Mahrez raqib bo‘sh qoldirgan yo‘lak bo‘ylab harakatlanishini tomosha qilishdi, to‘p uzatilgan nuqtada Dani Karvaxal epizodni Kevin De Bryuynega yutqazdi.
Yanayam yomoni, «Real» ko‘p o‘tmay ikkinchi golni ham osonlik bilan o‘tkazib yubordi. Gvardiola jamoasi mehmonlar himoyasini turlicha yurishlar hisobiga parokanda qilishda davom etdi. Masalan, hujum vaqtida qanot himoyachisi Aleksandr Zinchenko vaziyatga qarab markazga o‘tdi, bu pozitsiyadagi futbolchi esa hujumchiga aylandi. Odatda Joau Kanselu shunday harakatlanardi, ammo portugaliyalik futbolchi bu o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yubordi. Qolaversa, ikkinchi golda «Siti»ning omadi ham keldi, De Bryuynening to‘pni sapchitib yo‘llagan uzatmasidan keyin David Alaba to‘pga teginsa-da, to‘xtata olmadi va bundan Gabriel Jyezus unumli foydalandi.
«Siti»ning ustunligi total ustunlikdek ko‘rindi, ammo hozirgi «Real» ikkinchi raqam ostida o‘ynashga xotirjam qaraydi. «PSJ»ga qarshi 150 daqiqa va «Chelsi»ga qarshi javob uchrashuvida to‘liq shunday o‘ynaldi. Bu jamoa uchun vaziyatni o‘nglashga yarimta imkoniyat yetarli. Bu o‘yinda Benzema to‘psiz ham jamoasining eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘layotgandi, unga to‘p yetib borishiga yo‘l qo‘yish esa - o‘zingga hukm o‘qish bilan barobar edi. Madridliklar «Siti»ning zaif nuqtasidan – mudofaaning chap qanotidan foydalanishdi. Zinchenko baribir hali to‘la himoyachiga aylana olmadi va Benzema ukrainalik futbolchi bilan pozitsiyada ustun kelib hisobni qisqartirdi.
Tanaffusga qadar «Real» zarbalar bo‘yicha «Siti» bilan deyarli tenglashib oldi (5:7, darvoza sohasiga aniq zarbalar – 2:2). Lekin mehmonlar uchun 1:2 bunday bo‘lim uchun yaxshi hisob edi.
Hisob 2:0 ko‘rinishida ekanida Mahrez va Fil Foden o‘z imkoniyatlaridan foydalana olganida qarama-qarshilik taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal bo‘lishi mumkin edi. Jazoirlik futbolchi deyarli yakkama-yakka vaziyatda turib xato zarba berdi va Gvardiolani qattiq ranjitdi: o‘ng qanotdan jarima maydoniga kirib borgan Mahrez to‘pni markazdan kelgan Foden yoki de Bryuynega uzatish o‘rniga tepishga qaror qildi — natijada «3 ga 1» holatidan foydalanilmadi.
Lekin Pep uchun eng dahshatli holat vaziyatlardan foydalanilmasligi emas, jamoasi noto‘g‘ri o‘ynashi yoki vaziyatni nazorat qilmasligi bo‘ladi. Ikki tomonga gollar yomg‘iri kechadigan o‘yin — «Siti» uchun xos emas.
Ikkinchi bo‘lim shunday boshlandiki, birinchi bo‘limning so‘nggi 15 daqiqaligi unutildi. «Siti» telbavor tezlikda harakat qildi, bunday vaziyatda «Real» avtobus qo‘ymasdan o‘ynashining imkoni yo‘q edi. Mahrezning ochiq sherigiga uzatmay, darvozaga yo‘llashga qaror qilgan yana bir zarbasi ustunga tegdi. Lekin inglizlar baribir uchinchi golni urishdi. «Shaharliklar»ning golli hujumi raqib hududida bosim o‘tkazish va to‘pni olib qo‘yishi bilan rivojlandi, bu vaziyatda Vinisius Junior o‘ziga uzatilgan to‘pni egallash uchun yakkakurashga kirishishga erindi, to‘pni yo‘qotgan Mendi Fernandinoning krossini to‘sa olmadi va Karvaxal Fodenga darvozani ishg‘ol etishiga qarshilik ko‘rsatmadi.
Ammo Vinisius tezda barchasini to‘g‘riladi. Braziliyalik vinger qanotda Fernandinoni osonlik bilan dog‘da qoldirib, oldinga yugurdi, bu vaziyatda «Siti»ning tajribali sardori hayratlanarli darajada juda bo‘sh harakat qildi. Lekin aytish kerakki, Fernandino bu o‘yinda o‘ziniki bo‘lmagan pozitsiyalarni yopish bilan shug‘ullanishiga to‘g‘ri keldi, u birinchi bo‘limda eski jarohati qo‘zib qolgan Jon Stounz o‘rniga tushirilgandi.
«Real»ning omadi kelib yirik mag‘lubiyatdan qutulib qoldi va o‘yin oxirigacha intrigani saqlab qoldi. Anchelotti Rodrigo o‘rniga Eduard Kamavingani tushirishi hisobni tenglashtirish uchun o‘ynashidan dalolat edi. Ammo bu futbolchi almashtirishdan ko‘p o‘tmay to‘rtinchi gol o‘tkazib yuborildi. «Real» futbolchilari jarima maydoni atrofida Zinchenkoning yiqilishidan keyin bir muddat diqqatni yo‘qotishdi, Tibo Kurtua ham yaqin burchagini nazorat qila olmadi va o‘yinning eng yaxshi futbolchilaridan bo‘lgan Bernardu Silva o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Ammo «Real» baribir epizodlarni foydasiga og‘dirdi — jarima maydoni ichida to‘p Laportning qo‘liga tekkach belgilangan penaltini Benzema «panenka» uslubida aniq amalga oshirdi. Fransuz YeChLning bu mavsumidagi eng yaxshi to‘purarga aylanib oldi. Endi unda 14ta, turnirni tark etib bo‘lgan Robert Levandovskida — 13ta gol.
Fransuz hujumchisi 34 yoshida aql bovar qilmas o‘yin namoyish etmoqda. «PSJ» va «Chelsi»ga het-triklar. Endi — «Etihad»da «Real» safidagi 600-o‘yinida dubl.
Bir hafta oldin, 599-o‘yinida Benzema la ligadagi raqibga ikki penaltidan gol urolmagandi. Shundan keyin ham «nuqta»ga yaqinlashish — aqlsizlik. U esa zarbani «panenka» uslubida tepdi. Benzema may oyida «quloqli» kubokni beshinchi bor ko‘tara olmasa ham, bu allaqachon uning Chempionlar ligasi. Unga hoziroq «Oltin to‘p» topshirsa bo‘ladi.
Bu shou hozircha YeChL mavsumining eng yorqin o‘yiniga aylandi. «Real» yakunda darvoza sohasiga yo‘llangan besh zarbadan uchtasini golga aylantirdi, «Siti» – oltitadan to‘rttasini (zarbalar soni bo‘yicha ustunli inglizlar foydasiga – 16:11). Shu bilan birga Anchelotti jamoasi maydonning uchinchi qismidagi uzatmalar soni bo‘yicha bir necha barobar ortda qoldi (67:245). Ammo jamoa Madridga final uchun yomon bo‘lmagan imkoniyatni saqlab qolgan holda qaytadi.
Mavzuga oid
10:01 / 10.11.2024
Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar
00:08 / 07.11.2024
«Real» o‘z yo‘liga tushib olishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan 6 masala
13:17 / 06.11.2024
YChLda sensatsiyalar kuni. «Real» va «Siti» yutqazdi
12:52 / 27.10.2024