«Migrantlar Rossiya iqtisodiyoti uchun muhim, ammo zamon o‘zgardi» – iqtisodchi Rossiya mehnat bozoridagi vaziyat haqida
Rossiyalik iqtisodchi markaziy osiyolik mehnat migrantlari uchun Rossiya hamon asosiy yo‘nalish bo‘lib qolayotgani, lekin keyinroq bu yo‘nalish o‘zgarishi mumkinligi haqida gapirdi.
Rossiyalik professor, iqtisodchi Natalya Zubarevich iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatda urushning mehnat bozoriga ta’siri, Rossiyadagi ahvol, markaziy osiyolik migrantlar uchun muqobil variantlar kabi mavzularda gapirdi. Kun.uz intervyuda bildirilgan fikrlarning bir qismini tarjima qildi.
Rossiyada mehnat migrantlariga oid statistika oshirib ko‘rsatiladi
Rossiyadagi hozirgi ahvol tufayli mehnat bozorida muammolar yuzaga kelishi aniq, bu borada menda optimistik qarashlar yo‘q. Mehnat muhojirlari Rossiyada ishlolmasa, Janubiy Koreyaga ham, Turkiyaga ham bormaydilar. Chunki Janubiy Koreya va Turkiya past malakali ishchilardan ko‘ra ko‘proq yuqori malakali ishchilarga muhtoj. Rossiya mehnat bozori markaziy osiyolik mehnat migrantlari uchun juda muhim.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har yili Rossiyaga kelgan 4,5 million kishi migratsion anketa to‘ldirishadi va unga «ishlash uchun» kelganini yozadi. Bu ma’lumotlar migratsiya xizmati statistikasiga asoslangan. Migrantlarning 70 foizi haqiqatan ham qonuniy ishlaydi. Qirg‘iziston rezidentlaridan esa, Qirg‘iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi bo‘lgani uchun patent talab qilinmaydi.
Migrantlar Rossiyada erkin harakat qilishi uchun maxsus hujjat – patent O‘zbekiston, Tojikiston rezidentlari tomonidan olinadi. Ular mehnat migrantlarining asosiy uch guruhi, ya’ni patent oluvchilarning eng katta qismini tashkil qiladi. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Rossiyaga ishchi kuchi yetkazib beruvchi uchta asosiy mamlakat hisoblanadi. 4,5 million mehnat muhojiridan taxminan 3,8-3,9 millioniga patent rasmiylashtiriladi yoki yo‘q. Qolgan mehnat muhojirlari «soyada» (noqonuniy) ishlaydi.
Rossiyada mehnat muhojirlaridan juda qo‘rqishadi va hukumatimiz statistik ma’lumotlarni manipulyatsiya qiladi. Rossiyada 10-12 million mehnat muhojiri ishlayapti, deyishadi. Bu to‘g‘ri ma’lumot emas. Bizda har yili avgust oyida qancha odam Rossiyaga kelgani borasida ma’lumot yig‘iladi. Har yili taxminan 8,5 yoki maksimal 9 million odam turli sabablarga ko‘ra, turli joylardan Rossiyaga tashrif buyuradi, lekin ularning hammasi ham ishlash maqsadida kelmaydi. Kimdir mehmon bo‘lib keladi va boshqa shu kabi sabablar bilan har yili 8,5 million odam Rossiyaga keladi, biroq yana aytaman: migratsion anketaga «ishlash uchun keldim» deb yozadiganlar 4,5 million nafarni tashkil qiladi.
Markaziy osiyolik migrantlar band bo‘lgan asosiy 4 soha
Aytaylik, hamma ham anketaga to‘g‘risini yozmaydi. Ammo umumiy miqdor 4,5-6 million, bundan ko‘p emas. Mayli, 6 million deb olaylik. Rossiyada yiliga o‘rtacha 74 -75 million odam ishlaydi va yana 6 million odam ishlashga keladi. Bu ko‘p, deyarli 8 foiz odam [chetdan] Rossiyada band degani.
Rossiyaga mehnat migrantlari juda zarur. Bizda mehnat yoshidagi aholi soni qisqarib bormoqda. 2012 yildan beri deyarli har yili qisqarish davom etmoqda. Rossiya iqtisodiyotining ko‘plab tarmoqlari ishchi kuchi yetishmasligi muammosiga duch kelmoqda. Bu qaysi tarmoqlar: birinchidan, qurilish. Bosh vazir o‘rinbosari Xusnullin aytganidek, har yili qurilish maydonlarida 1 million ishchi kuchi yetmaydi. Ular Covid-19’dan keyin ko‘proq qurilishda ishlashmoqda. Ish haqi ko‘tarilgan bo‘lsa-da, bunday og‘ir va mashaqqatli ish uchun maosh yaxshi emas. Shuning uchun faqatgina qurilishda emas, do‘konlarning yetkazib berish xizmatlarida ishlovchilar ham Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar hisoblanadi.
Davom etamiz: savdo markazlari, tovarlarni qadoqlash uchun olib ketish kabi ishlarda ham markaziy osiyolik migrantlar ishlashadi. Bundan tashqari, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida ham ishlashadi.
Og‘ir yashash sharoitlari va qimmat kvartiralar
Men uzoq yillardan beri ko‘p qavatli uylarda yashayman. Pod’yezdlarni tozalash, ko‘cha supurish kabi ishlarni Qirg‘izistondan kelgan mehnat migrantlari qilishadi. Demak, qurilish, dostavka (yetkazib berish), savdo, uy-joy xo‘jaligi – bular migrantlar band bo‘lgan asosiy sohalar hisoblanadi.
So‘rashingiz mumkin, nima sababdan bu ishlarni rossiyaliklar qilmaydi. Chunki maosh juda yuqori emas, Moskva va uning atroflarida uy-joy kommunal xizmatlarida ishlash foydali emas. Chunki bu yerda yashashga joy kerak, biroq Moskvadan kvartira ijaraga olish juda qimmat. Migrantlar qanday kvartira ijaraga oladi deb so‘rasangiz, bu juda achinarli deyishim mumkin. Uy-joy sifatida ishlatiladigan, yerto‘lalardagi bir xonali kvartirada 10 kishi yashaydi. Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar rossiyaliklar umuman xohlamaydigan shunaqa yomon sharoitlarda yashashga tayyor. Shuning uchun Markaziy Osiyodan mehnat muhojirlarining migratsion oqimi Rossiya iqtisodiyoti uchun juda muhim, ammo zamon o‘zgardi. 24 fevraldan keyin (Rossiya Ukrainaga urush ochgan kun nazarda tutilmoqda – tahr) juda ko‘p narsalar o‘zgara boshladi.
Ish beruvchilar ish o‘rinlarini mehnat migrantlari hisobiga qisqartiradi, chunki…
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, Rossiya fuqarolarini ishdan bo‘shatish juda qiyin. Bizda juda qat’iy Mehnat kodeksi bor. Migrantlarni ishdan bo‘shatish oson. Ishchi kuchiga talab qisqarishi va daromadlar kamayishi evaziga ish beruvchilar ish o‘rinlarini migrantlar hisobiga qisqartirishi osonroq.
Yana bir bor aytaman: Rossiya Mehnat kodeksi juda qattiq. Rossiya fuqarolarini ishdan bo‘shatish juda qiyin. Shuning uchun, hamma narsa oddiy emas. Qurilishda hozircha balans bo‘ladi. Ya’ni markaziy osiyolik ishchilar juda og‘ir ish uchun oz pul olib ishlashga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, migrantlar «dostavka» xizmatlarida ham ishlashi mumkin, orqasida quti bilan Moskva atrofida velosiped haydash shartli ravishda qurilish yoki uy-joy kommunal xizmatlarida ishlashdan ko‘ra osonroq.
Rubl devalvatsiyasi va daromadlar qisqarishi
Shunday bo‘lsa-da, barqaror ish haqi bor va bu nisbatan ishonchliroq. Shuning uchun biz hozir Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar uchun vaziyat qanday o‘zgarishini ko‘rib chiqamiz, lekin yana bir muhim jihatni unutmang – rublning devalvatsiyasi.
Hozir sun’iy ravishda rubl kursi dollar va yevro bilan munosabatlarda oldingi holiga qaytdi va bu jarayon mutlaqo sun’iy. Chunki siz ko‘p valuta sotolmaysiz va sotib ololmaysiz. Bu sun’iy bozor, istalgan bankdan yevro va dollar sotib olishingiz sun’iy. Bu mehnat muhojirlari uchun nimani anglatadi: ular uylariga pul jo‘natishlari kerak, rubl pasaydi, ya’ni sizning daromadingiz qisqardi. Tushunarliki, Tojikistonda mehnat migrantlari uchun ishlashga boshqa muqobil variantlar yo‘q va odamlar nima bo‘lsa ham Rossiyaga keladi. Chunki yo uyda (migrantlarning vatanida) pul umuman yo‘q, yoki siz Rossiyada ishlab yuribsiz. Delta daromadining qisqarishi shubhasiz Markaziy Osiyo davlatlari valutalari qadrsizlanishiga olib keladi. Chunki mehnat migrantlarining hissasi juda muhim va Rossiya hamda Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiyoti bir-biriga bog‘liq. Biz buni rubl qadrsizlanganda so‘m va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari valutalari, xususan, qozoq tengesi ham pasayganini ko‘rdik. Qandaydir ma’noda biz hammamiz bir kompaniyadamiz, deyishim mumkin.
Men Toshkentda o‘qimishli qatlam uchun yangi muqobil variantlarni ko‘rganman
Xizmatlar yomonlashishiga qaramay, migrantlar kelishda davom etadi, chunki muqobil yo‘q. Biroq men bunday variantlarni ko‘rganman, 2 yil ilgari Toshkentda bo‘lganimda, u yerda leksiya o‘qigandim va toshkentliklardan pul topish uchun qayerga borishini so‘ragandim.
Nisbatan o‘qimishli va ma’lumotga ega shaharliklar uchun Janubiy Koreya yangi joy ekan, ular Koreyadagi avtomobil zavodlariga ishlashga borisharkan. Ular allaqachon buni amalga oshirishgan, chunki ular shaharlik va ta’lim darajasi bor. Biroq (shartli) Farg‘ona vodiysining qishloqlarida yashaydigan migrantlarda Rossiyadan boshqa yana qanday tanlov bor? Ya’ni ma’lum ta’lim darajasiga ega bo‘lmagan, til bilmaydigan aholi uchun Rossiyadan boshqa variant yo‘q.
Biroq yildan yilga Rossiyaga mehnat muhojirlari oqimi kamayib, Sharqiy Osiyoga esa nisbatan ko‘payib boradi. Ammo katta ehtimol bilan bu oqim Janubiy Koreyaga allaqachon boshlandi. Boshida Turkiyaga oqim juda kuchli bo‘lmaydi, ya’ni Markaziy Osiyoda yashovchi aholi uchun to‘g‘ri variant juda kam. Yevropaga ishlashga borish imkonsiz, Rossiya asosiy yo‘l edi, biroq hozir Rossiyada gigant muammo bor va bu muammo juda tez jiddiylashadi.
Shuning uchun men Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlariga hamdardman, ular bu yerda faqat og‘ir ishlarni topishi mumkin va shunda ham kam haq evaziga.
Rossiyaga ancha avval kelgan bir mehnat muhojirini bilaman va u bilan yaxshi munosabatdaman. Unga Rossiyaga kelmasligi kerakligi, bu yerda urush boshlanishi va ish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishidan ogohlantirgandim. U meni eshitmadi va keldi. Hozir Rossiyada ishsiz o‘tiribdi. Bu juda achinarli.
Mavzuga oid
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
18:42 / 04.10.2024