Jahon | 09:41 / 08.05.2022
61438
14 daqiqa o‘qiladi

Donbass uchun jang nega sekin kechmoqda?

Dronlar va artilleriyadan faol foydalanilishi ikki armiyani ham pozitsion jihatdan mushkul ahvolga tushirib qo‘ygan.

Foto: Reuters

AQSh Kongressi Ukraina uchun lend-liz dasturini qabul qildi, unga ko‘ra, Kiyev yaqin oylarda 20 milliard dollarlik harbiy texnikalarni qabul qilib olishi mumkin. Nazariy jihatdan bunday texnikalarni qabul qilib, o‘zlashtirib va bu orqali jangovar tuzilma shakllantirgan holda Ukraina nafaqat muvaffaqiyatli qarshilikka, balki Rossiyani mag‘lub etishga ham umid qilishi mumkin. Ammo hozircha Rossiya armiyasi hujum qilish uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega: ular o‘t ochish kuchi borasida yaqqol ustunlik qiladi. Ammo vaqt (ayniqsa lend-liz tufayli) Rossiya qo‘mondonligi zarariga o‘ynayotgan bo‘lsa-da, rossiyaliklarning yurishi haddan tashqari sekin kechmoqda.

Donbassda so‘nggi kunlarda nimalar bo‘ldi?

Qisqacha javob

Janglar sezilarli ilgarilashlarsiz bir-birining obektlarini artilleriya zarbalari bilan yo‘q qilish yo‘sinida kechmoqda. Rossiya armiyasi razvedka va nishonni belgilash vositalari bo‘yicha (ayniqsa uchuvchisiz tizimlarda) ustunlikka ega emasligi va Ukraina artilleriyasini yakson etolmasligi ko‘rinib qolmoqda. O‘z navbatida ukrainlar armiyasi hozircha o‘q otish vositalari yetarli emasligi tufayli rossiyaliklar artilleriyasini yakson etolmaydi. Ammo ikki armiya ham razvedka uchun dronlarni ishga solgan holda raqib pozitsiyalari va ilgarilayotgan qismlariga artilleriya orqali aniq zarbalar yo‘llashi mumkin.

Batafsil

Mart oyi oxirida rossiyaliklar Kiyev atrofidan chekingach, qo‘mondonlik razvedka va nishonni belgilash bilan bog‘liq muammolarni qisman hal qila oldi: Donbassda rossiyalik harbiylar artilleriya va aviatsiyadan keng foydalanishga asoslangan tartibli hujumlar olib borishmoqda.

Izyumdan janubda Shimoliy Don daryosi bo‘yidagi platsdarmga yangi qo‘shimcha kuchlar, xususan avval Kiyevdan g‘arbdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan desant qismlari va poytaxtdan sharqda jang qilgan tank bo‘linmalari tashlangan. Ushbu yirik guruh ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan (martda Kiyev ostonasida bu borada jiddiy kamchiliklar kuzatilgandi).

Kiyev atrofidagi janglardan farqli o‘laroq, rossiyaliklar qo‘mondonligi flanglarga katta e’tibor qaratmoqda: platsdarmdan Slavyansk va Barvenkovoga hujum qilish barobarida Shimoliy Donning ikkinchi sohilida Liman va Yampol yo‘nalishida kuchli zarba berildi. Bu yerda ukrainlar mudofaasi yorib o‘tilib, rossiyalik harbiylar amalda Slavyanskdan sharqda Shimoliy Don bo‘yiga chiqishdi. Boshqa tomondan, G‘arbdagi flangda rossiyalik harbiylar Barvenkovo yo‘nalishida ilgarilamoqda. Butun hujumning ehtimoliy maqsadi — Slavyansk va Kramatorskka (bu hududda ukrainlarning Donbassdagi yirik guruhi shtabi joylashgan) uch tomondan - g‘arb, shimol va sharqdan chiqib, janubga hujumni davom ettirish uchun bu guruhni Ukrainaning qolgan qismidan uzib qo‘yish.

Donetsk va Zaporojye oblastlari chegarasida (Shimoliy Dondagi platsdarmdan 120–130 kilometr janubda) «Azovstal» qamali «bekor qilingach» Mariupoldan olib chiqilgan kuchlar bilan to‘ldirilgan qo‘shinlar hujum qilishi ko‘zda tutilgan. Aprel oyida bu qo‘shin Gulyaypol (Zaporojye oblastidagi shahar) va Velikaya Novoselka (Donetsk oblastidagi posyolka) o‘rtasida bir necha kilometr bosib o‘tdi. Shundan keyin bu yurish to‘xtab qolgan.

Bu natijalarning barini lokal yutuqlar deb atash mumkin. Hal qiluvchi maqsadga erishish — Donbassdagi butun guruhni yoki hatto uning alohida bir qismini qurshovga olishdan — Rossiya armiyasi hali ancha uzoqda. Har kunlik yurishlar o‘rtacha bir-ikki kilometrni tashkil etmoqda, ayrim uchastkalarda esa umuman ilgarilash kuzatilmayapti. Masalan, ukrain harbiylari yillar mobaynida mudofaaga tayyorlangan Donetsk atrofida shunday.

Frontdan kelayotgan xabarlar va videolarga asoslanib aytish mumkinki, harbiy harakatlar asosan tankka qarshi vositalar (jumladan ikki va undan ortiq kilometrdagi nishonni uruvchi raketalar) bilan qurollangan ukrain otryadlari joylashgan kichik qishloqlar va o‘rmonzorlar uchun kechmoqda. Ukraina artilleriyasi dronlarning razvedka ma’lumotlari asosida mudofaa ichkarisidan turib bostirib kelayotgan rossiyalik harbiylarni o‘qqa tutmoqda. Rossiya artilleriyasi ham dronlar va quruqlikdagi razvedkachilarning nishonni ko‘rsatishi orqali ukrainlarning qishloqlar va o‘rmonlardagi pozitsiyalariga zarba bermoqda. Rossiyalik harbiylar tankka qarshi raketalar va raqibning artilleriya zarbalari tufayli yo‘qotishlarga uchrayotganiga qaramay, artilleriya va aviatsiya vositalaridagi ustunlik evaziga baribir bir necha kunda bir necha kilometr bosib o‘tmoqda va ukrain harbiylarining oldindagi pozitsiyalarini egallamoqda. Keyin shu vaziyat keyingi qishloq yoki keyingi o‘rmonzorlarda takrorlanmoqda.

Ukrainlarning so‘nggi haftalardagi hujumlari e’tiborni chalg‘ituvchi xarakter kasb etmoqda (hujumlar rossiyalik harbiylar hujum qilishga harakat qilmayotgan hududlarda amalga oshirilmoqda, masalan Xarkov atrofida). Rossiya artilleriyasi zarbalariga qaramay, ukrainlar qarshi hujumlarda muvaffaqiyatga erishmoqda va qishloqlarni egallab, rossiyalik harbiylarni asir olishmoqda.

Nega tomonlarning biri tez va hal qiluvchi maqsadlar bilan hujumga o‘ta olmaydi?

Katta ehtimol bilan, urushning bu bosqichida tomonlar tezlik bilan ilgarilash shunchaki imkonsiz bo‘lgan o‘ziga xos pozitsion inqirozga duch kelishdi. Bu bir jihatdan Birinchi jahon urushi vaqtida G‘arbiy frontda yuzaga kelgan pozitsion turg‘unlikni eslatadi. O‘shanda urushuvchi tomonlar o‘z taktik muvaffaqiyatlaridan foydalana olmagan — dushmanning birinchi yoki hatto ikkinchi qator xandaqlari egallansa-da, bu muvaffaqiyat dushmanning artilleriya zarbalari yoki qo‘shimcha kuchlari yetib kelishi bilan tezda yo‘qqa chiqqan. Taktik muvaffaqiyatni butun amaliyot uchun ahamiyatli yutuqqa aylantirish uchun yorib kirilgan pozitsiyalarga o‘z zaxiralari va artilleriyasini raqibnikidan ilgariroq olib borishning imkoni bo‘lmagan.

Hozirgi urush yuz yil oldingisidan ancha kichik armiyalar ishtirokida kechayotgani bilan ham tubdan farq qiladi: millionlab emas, o‘n minglab harbiylar, minglab kilometrlik front chizig‘idagi yuzlab og‘ir qurollar o‘rniga yuz kilometrlik frontda o‘nlab qurollar. Inson bo‘yi balandligidan chuqurroq xandaqlar qatori yo‘q (Donetsk atrofidagi eng mustahkamlangan frontda ham bunday istehkomlar ozgina). Nazariy jihatdan qo‘shinlar tig‘iz joylashmagani har kuni o‘nlab kilometr masofaga yorib kirishga qaratilgan manyovrlar qilish uchun qulaylik tug‘diradi. Ammo faqat urushning ilk kunlaridagina harbiy harakatlar shunday tus olgandi, o‘shanda rossiyalik harbiylar Ukraina janubida va hatto Kiyev yo‘nalishida ham uyushgan qarshilikka uchramay, tez fursatda o‘nlab kilometrlarni bosib o‘tgandi. Katta ehtimol bilan bu qo‘qqisdan hujum qilingani bilan bog‘liq edi: Ukraina hukumati urush boshlanguniga qadar uning bo‘lishiga ishonmagan va Rossiya armiyasi qanday yo‘nalishlarda va qanday kuchlar bilan yurish qilishidan bexabar edi. Ammo ukrain brigadalari Nikolayev, Chernigov, Kiyev va Zaporojye yo‘nalishlarida bostirib kelayotgan rossiyalik harbiylarni qarshi ola boshlagach — Rossiya qo‘shinlari yurishi kuniga bir kilometrdan oshmay qoldi.

Bu o‘z navbatida, razvedka va nishonni belgilash vositalari (birinchi navbatda dronlar) kichik armiyalar urushini ham pozitsion inqirozga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi. Hujum qilayotgan tomon tanklarga qarshi kuchli vositalar (raketalar) bilan ta’minlangan piyodalar mudofaasi bilan to‘qnashgach, to‘xtashga va o‘z artilleriyasini o‘q ochish pozitsiyasiga joylashtirish bilan mashg‘ul bo‘lishga majbur bo‘ladi. Raqib esa dronlar yordamida hujum qilayotgan tomonning pozitsiyalarini belgilaydi va artilleriya zarbalari yo‘llaydi. Bunday taktikadan (ko‘pincha dushman hujumlarini keskin sekinlashtirish va yurishni to‘xtatish ko‘rinishida operativ muvaffaqiyat keltiradi) ikki tomon ham foydalanmoqda.

Britaniyadagi mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI)ning hozirgi urush tabiatini o‘rganish maqsadida ukrain harbiy qo‘mondonligi bilan gaplashgan mutaxassislari yaqinda e’lon qilgan hisobotda raketalar (tankka qarshi vositalar) rossiyaliklarning yurishini faqat sekinlashtirib berishi haqida xulosa berilgan. Rossiya qo‘shinlariga eng jiddiy zarbani esa dronlar vositasida nishonga aniq zarbalar yo‘llayotgan artilleriya bermoqda.

Shu bilan birga bu turg‘unlikning yagona sababi emas. Ikki armiya ham son jihatdan qariyb tengligi ham ahamiyatga ega. Umumiy safarbarlikdan keyin Ukraina kuchlari son jihatdan ayni vaqtda mamlakat hududida bo‘lib turgan rossiyalik harbiylardan ko‘proq ham, ammo yangi chaqirilgan ukrainlarning katta qismidan hali frontga jo‘natilmagan yangi brigadalarni shakllantirish uchun foydalanilmoqda. Yevropa va Amerikadan bu qismlar uchun qurollar endigina yetib kelmoqda.

Dronlarning bu urushdagi o‘rni qanday?

Rossiya armiyasi (DXR va LXR kuchlarini hisobga olmaganda) razvedka va artilleriyaga nishonlarni belgilab berish uchun shtatdagi dronlardan foydalanmoqda. Bular asosan «Orlan-10» rusumli uchuvchisiz uchar qurilmalardir. Bu apparatlar lazerli yoritish orqali nishonga yo‘naltiriladigan yuqori aniqlikdagi «Krasnopol» snaryadlari otuvchi gaubitsalar uchun ham nishonni belgilab berishga qodir. Dronlar rotalari diviziyalar va brigadalar qo‘mondonligiga bo‘ysunadi va markazlashtirilgan holda qo‘llanadi. Shu bilan birga, frontda mustaqil harakatlanuvchi ko‘plab bo‘linmalar havoda operativ razvedka o‘tkaza olmaydi va eski usulda quruqlikdagi razvedkaga tayanishga majbur.

Foto: TASS

Ukraina qo‘mondonligi esa dronlardan foydalanishga yanada moslashuvchan yondashadi: Donbassda rotatsiya bo‘yicha xizmat qilgan qo‘shinlar o‘z dronlariga ega. Ularda boshqalari qatori Xitoyning DJI kompaniyasi ishlab chiqargan fuqarolik dronlari ham bor. Donbassdagi urushda tajriba to‘plagan dron operatorlari tezda o‘z artilleriyasi uchun nishon belgilab bera oladi. DXR va LXR kuchlari ham kichikroq ko‘lamda bo‘lsa-da, tijoriy dronlar qo‘llaydi. Shu bilan birga DJI kompaniyasi 2022 yil aprelida o‘z dronlarini rasmiy ravishda Ukraina va Rossiyaga yetkazib berishni to‘xtatdi.

Katta ehtimol bilan rossiyaliklarning bu kurashda barcha joyda va hamisha ham ukrainlar dronlariga qarshi tura olmasligi — ukrainlar bu vositalardan ommaviy ravishda va markazlashmagan holda foydalanishi oqibatidir.

Turklarning (va Ukraina o‘zi litsenziya asosida ishlab chiqargan) «Bayraktar»lari esa, aksincha, markazlashgan holda qo‘llanadi, zarba berishdan ko‘ra, razvedka maqsadlarida. Prezident Volodimir Zelenskiy «Bayraktar»lar urush borishiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatmasligini aytgan. Katta ehtimol bilan u bu dronlarning zarba berish qobiliyatidan kelib chiqib shunday degan, ammo razvedka uchun yaxshi himoya tizimiga ega bo‘lgan shunday dronlar qo‘llanadi. Xususan, rossiyaliklarning 10 dan ortiq vertolyotlari yo‘q qilingan Xerson yaqinidagi Chernobayevka aerodromiga aynan «Bayraktar»lar 40 kilometr masofadan turib nishonlarni belgilab bergandi.

Rossiyaning yurishi sekinlashganiga qarab aytish mumkinki, ukrainlar armiyasi artilleriya sonidagi farqni ularni aniq nishonga olib beruvchi vositalardan oqilona foydalanish orqali yo‘qqa chiqarmoqda.

Urushuvchi tomonlar nima uchun raqibning artilleriyasini yakson qila olmaydi?

Gap shundaki, ikki tomonning artilleriyasi ham ularning tuzilmalari ichkarisida joylashgan: Ukrainada yetarli vositalar deyarli yo‘q, Rossiyada bunday vositalar bor — bu aviatsiya, ammo undan erkin foydalanish imkoni yo‘q.

Ikki tomon ham raqibning artilleriya tizimlariga zarba berilayotgani va yakson qilinayotganiga oid videolarni e’lon qilib kelmoqda. Ammo, artilleriya ikki tomonda ham urush olib borishning asosiy instrumenti bo‘lib qolayotganiga qaraganda, bunday zarbalarning haqiqiy ta’siri u qadar katta emas. Rossiya armiyasi hamon aviatsiyadan foydalanmoqda, ammo ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimlaridan xavf saqlanib qolayotgan sharoitda, samolyotlar raqib fronti ortiga deyarli o‘tmayapti.

Bunday sharoitda tomonlar artilleriyani bostirish uchun batareyalarga qarshi kurash (artilleriya duellari) olib borishadi, ammo bunda ularning imkoniyatlari chegaralangan: dushman batareya qismlariga zarba berish uchun o‘z artilleriyasini oldingi chiziqqa olib kelish (bu holda bu artilleriyaning o‘zi ham yakson bo‘lishi xavfi yuqori) yoki yanada uzoq masofaga o‘q otuvchi ko‘plab og‘ir qurollarga ega bo‘lish kerak bo‘ladi.

Agar rossiyaliklar armiyasi aviatsiyadan kengroq foydalana boshlasa, vaziyat o‘zgarishi mumkin. O‘z navbatida, Ukraina tomoni Amerika va Yevropa ishlab chiqaruvchilaridan uzoq masofaga otuvchi gaubitsalar va kamikadze-dronlarni qabul qilib olishi ham kuchlar nisbatini o‘zgartiradi. Shuningdek, Rossiya qo‘mondonligi yaqin vaqtlar ichida (ukrainlar yangi texnikalarni olishga ulgurmasidan) hujumni tezlashtirishi yoki G‘arb texnikalari frontga yetkazilishini to‘xtatishga urinishi mumkin. Ammo bu holatda ham ruslar samolyotlarini ukrainlar fronti ichkarisiga yuborishiga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid