Jamiyat | 17:24 / 20.05.2022
19309
3 daqiqa o‘qiladi

Amir Temur xiyobonida kartoshka ekishini aytgan yigit va uning sherigi 15 sutkaga qamaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt markazidagi xiyobonda bir yigitning Amir Temur haykali yonida turganicha maydonda kartoshka ekishini, daraxtlarni kesib sotishini aytgan videolavha tarqaldi. Haykalga qarata: “Mana bu amakiga pul beramiz, oti bilan yerlarni haydab beradi”, degan yigit va uning sherigiga sud hukmi o‘qildi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahar sudi matbuot xizmatiga ko‘ra, A.I. (1989 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan) va S.M. (1991 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan) huquqbuzarlar deb topilgan.

Video 17 may kuni soat 23:20 lar atrofida olingan. Sud xulosasiga ko‘ra, ular “noo‘rin xatti-harakatlar sodir etgan” paytda alkogolli ichimlik ta’siridan mast bo‘lgan.

“Bu ikki fuqaro jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, IIO xodimlari e’tiborini tortgan. Natijada IIO xodimlari tomonidan shaxslariga aniqlik kiritish maqsadida ular IIB binosiga taklif etilgan. Biroq, jamoat tartibini buzayotgan bu ikki fuqaro IIO xodimlarini uyatli so‘zlar bilan haqoratlab, ularning qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortgan”, – deyiladi xabarda.

Har ikki fuqaroga nisbatan MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan shu kodeksning 34-moddasi tartibida 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 7 aprelida bir guruh yoshlar poytaxtdagi Amir Temur haykalidan koronavirus qachon ketishini so‘ragani uchun, 2021 yil 10 may kuni ikki yigit Samarqand shahridagi Alisher Navoiy haykali oldida Alisher Navoiy shaxsiga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun 15 sutkadan qamoq jazosiga tortilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 30 iyun kuni O‘zbekiston yoshlari bilan uchrashib, o‘z nutqida ijtimoiy tarmoqlarda shuhrat qozonish uchun nomunosib harakatlar qilayotgan yoshlar bo‘yicha ham to‘xtalgandi:

“Kerak bo‘lsa, xalqimizning muqaddas qadriyatlari, timsollari va tabarruk qadamjolariga bepisand munosabatda bo‘ladigan kimsalarga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytiramiz. Bunday buzg‘unchi ishlarning oldini bugun olmasak, ertaga kech bo‘ladi. Tariximizga, Navoiy bobomizga, Motamsaro onamizga tosh otishga hech kimning haqqi yo‘q. Nega bunday harakat qilganlarga jamoatchilik keskin munosabat bildirmayapti?! Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun javobgarlikni kuchaytirish kerak”, – degandi davlat rahbari.

Mavzuga oid