O‘zbekiston | 15:30 / 23.05.2022
8448
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan 76- talabalar va yosh olimlar xalqaro anjumanida 34 ta oliy ta’lim muassasasidan vakillar qatnashdi

Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari” talabalar va yosh olimlarning an’anaviy 76-Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda “Stomatologiyada estetik restavratsiya mahorati” mavzusida II Xalqaro ilmiy-amaliy olimpiada o‘tkazildi.

Xalqaro anjuman va olimpiadada Turkiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi, Gruziya, Qozog‘iston, Ukraina, Belarus, Pokiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda ilmiy-tekshirish instituti talabalari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, O‘zbekiston tibbiyot oliygohlari rektorlari Prezidiumi raisi Botir Daminov, Baltika federal universiteti rektori Aleksandr Fedorov (Kaliningrad, Rossiya), Qozoq milliy tibbiyot universiteti Talgat Nurgojin (Olma-ota, Qozog‘iston), “Telemeditsina tizimlari” MChJ bosh direktori Yuriy Bogoduxov (Sankt-Peterburg, Rossiya), Ivoclar Vivadent kompaniyasining MDH va Baltika davlatlari bo‘yicha vrachlar bo‘limi rahbari Viktor Daub (Elvangen, Germaniya), Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti rektori Nikolay Karyakin (Nijniy Novgorod, Rossiya), Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti rektori, professor Gevdot Erdol mazkur anjumanning dolzarbligi, xalqaro hamkorlikni kengaytirishda oliy ta’lim muassasalari faoliyatida qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etishdi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti
Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Xalqaro anjuman doirasida Baltika federal universiteti bilan SamDTU va BFU o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Konferensiya ochilish marosimida mamlakatimizda tibbiy oliy ta’limni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Qozoq milliy tibbiyot universiteti rektori Talgat Nurgojinga Samarqand davlat tibbiyot universiteti “Faxriy professori” unvoni topshirildi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Anjuman mehmonlari uchun universitetning yangi binosida milliy taomlar va milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Afg‘oniston, Pokiston, Koreya Respublikasi, Hindistondan kelib universitetda tahsil olayotgan talabalar o‘zlarining milliy taomlari va milliy liboslarini taqdimot qildilar. Shuningdek, konferensiya mehmonlari o‘quv jarayonini olib borish uchun yaratilgan qulayliklar hamda universitetning tarix muzeyi bilan ham tanishdilar.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti
Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Xalqaro konferensiyaning asosiy ishi shu’balar yig‘ilishida davom ettirildi. Shu’ba yig‘ilishlarida jamoat salomatligi, tibbiyotda gumanitar fanlar, ichki kasalliklar, kardiologiya, nevrologiya, psixiatriyaning dolzarb masalalari, sport tibbiyoti va reabilitatsiya, pediatriya, akusherlik, ginekologiyaning dolzarb masalalari va reproduktiv tibbiyot, eksperimental va fundamental tibbiyot dolzarb masalalari; xirurgiya va urologiyaning dolzarb masalalari, bolalar xirurgiyasining dolzarb masalalari, neyroxirurgiya, onkologiyaning dolzarb masalalari va travmatologiya, klinik va fundamental farmakologiyaning zamonaviy yutuqlari, stomatologiya, otorinolaringologiya va oftalmologiyada innovatsion yondashuv, yuqumli kasalliklar klinikasi, diagnostikasi, davolash va oldini olishga zamonaviy yondashuvlar, konferensiya doirasidagi yosh olimlar tanlovi, kollej va texnikumlarning interaktiv rivojlanish asoslari kabi yo‘nalishlari dolzarb mavzulariga bag‘ishlangan 34 ta oliy ta’lim muassasalari talabalari va yosh olimlarining 270 dan ortiq ma’ruzalari eshitildi. Konferensiya materiallari to‘plam shaklida “Biologiya va tibbiyot muammolari” xalqaro jurnalining maxsus sonida chop etildi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti
Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti

“Stomatologiyada estetik restavratsiya mahorati” II Xalqaro ilmiy-amaliy olimpiadasi ishtirokchilari uch bosqichda o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar. Xalqaro hay’at a’zolari tomonidan yosh tadqiqotchilarning nazariy bilimlari test topshiriqlarini bajarishda, og‘zaki savol-javob va tishlarni restavratsiyalash orqali amaliy ko‘nikmalarni bajarishlari xolisona baholandi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti anjuman doirasida IT-inkubatsion markazining tantanali ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Bugungi kunda globallashuv tendensiyalari davlatlar taraqqiyotini bevosita axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lishini taqozo etmoqda. Shuning uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlari IT ekotizimini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratmoqda. Ushbu markaz iqtidorli talabalarning g‘oyalari va startap loyihalarini rag‘batlantirishga katta hissa qo‘shadi, albatta.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Bu kabi anjumanlar yosh olim va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, salohiyati va ilmiy izlanishlaridan samarali foydalanish, fundamental va klinik fanlarni o‘qitish sifatini yanada oshirish, mamlakatimizda tibbiyot sohalarini rivojlantirish hamda oliygohlarning xalqaro hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Samarqand davlat tibbiyot universiteti matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid