O‘zbekiston | 12:49 / 20.04.2023
5963
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

18 aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida «Stomatologiya va yuz-jag‘ xirurgiyasi ta’lim, fan va klinik amaliyotiga zamonaviy yondashuvlar» mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Foto:  Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Ushbu Xalqaro anjuman ishida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va mamlakatimizni tibbiyot oliy o‘quv yurtlardan 40ga yaqin professor – o‘qituvchilar va 70dan ortiq yaqin talabalar ishtirok etishdi.

Xalqaro anjumanning asosiy maqsadi — stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi, klinik amaliyotiga zamonaviy yondashuvlarni, soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, yosh olim-tadqiqotchilarga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi. Konferensiya ishi gibrid shaklda, oflayn va onlayn tarzda olib borildi.

Konferensiyaning tantanali ochilishida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi Stomatologiya va yuz-jag‘ xirurgiyasi markaziy tadqiqot instituti direktori Fyodor Losev, V.I.Razumovskiy nomidagi Saratov davlat tibbiyot universiteti rektori Andrey Yeryomin, Toshkent davlat tibbiyot instituti rektori Nodir Xaydarov, Univet kompaniyasi mintaqaviy direktori Gregorio Cocco va boshqalar so‘zga chiqib, stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi amaliyotiga zamonaviy yondashuvlarini, soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun xalqaro aloqalarni rivojlantirish ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Yalpi majlisdan so‘ng xalqaro anjuman ishi xirurgik stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi, terapevtik stomatologiya, ortopedik stomatologiya, bolalar stomatologiyasi va ortodontiya, yosh olimlar minbari shu’balarda davom ettirildi. Ayniqsa yosh tadqiqotchilarning ma’ruzalari anjuman ishtirokchilari e’tiborini tortdi.

Xalqaro anjuman doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti UNIVET Loupes SPA  kompaniyasi, X.M.Berbekov nomidagi Kabardino-Balkariya davlat universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Samarqand harbiy gospitali bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Xalqaro konferensiya bilan bir qatorda shu kunning o‘zida “Stomatologiyada estetik restavratsiyalar mahorati” talabalar Xalqaro Olimpiadasi ham bo‘lib o‘tdi. Musobaqalarda ishtirok etgan talabalar test sinovlari, og‘zaki savol-javob va amaliy ko‘nikmalarni bajarish bo‘yicha o‘zlarining bilimlarini sinashdilar.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan o‘tkazilgan «Stomatologiya va yuz-jag‘ xirurgiyasi ta’lim, fan va klinik amaliyotiga zamonaviy yondashuvlar» mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda «Stomatologiyada estetik restavratsiyalar mahorati» Xalqaro Olimpiadasi respublika va mintaqamizda sohaga oid ilmiy izlanishlarini rivojlantirish, ilmiy yangiliklarni amaliyotga joriy qilish, yosh tadqiqotchilar ishiga ko‘maklashish va malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish hamda respublikamiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy tekshirish markazlari xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

 Samarqand davlat tibbiyot universiteti Matbuot xizmati 

Mavzuga oid