O‘zbekiston | 19:39 / 17.03.2023
11736
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Samarqand davlat tibbiyot universitetida O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining II forumi o‘tkazildi

15-16 mart kunlari Samarqand davlat tibbiyot universiteti tashabbusi bilan O‘zbekistondagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining II forumi bo‘lib o‘tdi. Unda respublikadagi o‘nta tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yuzdan ortiq talabalar ishtirok etib, 8000 mingdan ortiq yoshlar qamrab olindi.

Tadbirni SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev ochib berdi. 

– Ushbu forumni o‘tkazishdan maqsad, tibbiyotning fundamental va amaliy fanlari bo‘yicha talabalarning bilim darajasini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarini jahon va milliy tibbiyot merosiga jalb qilishdir. Mazkur forum universitetimiz talabalari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda SamDTU Union assotsiatsiyasining ko‘magi va bevosita ishtiroki bilan tashkil qilindi, – dedi J.Rizayev.

Forum doirasida «Milliy liboslar» ko‘rgazmasi, «Talabalar hayoti to‘g‘risida videorolik», «Talabalar loyihalari tanlovi» jamoaviy, «Start-up loyiha», «Ilmiy innovatsion loyihalar», «Zakovat» intellektual o‘yini va sport musobaqalaridan «Badminton», «Stol tennisi» hamda «Voleybol» kabi yo‘nalishlarda talabalar bellashdi. Forumning ikkinchi kunida sohaning yetakchi mutaxassislaridan ma’ruzalar eshitildi.

Talabalar o‘zlari tahsil olayotgan oliy o‘quv yurtlarida amalga oshirilayotgan loyihalar, ilmiy izlanishlar, ishlanmalarini keng jamoatchilik oldida taqdimot qildilar. Forum talaba-yoshlar o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarishlari uchun haqiqiy foydali maydon bo‘lib xizmat qilishi e’tirof etildi.

Forumda Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Yevropa tibbiyot universiteti, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali va Samarqand viloyatida joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari faol ishtirok etayotgani mazkur tadbirning nufuzini oshirishiga xizmat qildi.

Forum doirasidagi «Zakovat» intellektual o‘yini breyn-ring formatida olib borildi. Sport musobaqalarida esa har bir oliy ta’lim muassasalaridan ikki nafardan talabalar o‘zaro «Badminton», «Stol tennisi» sport turlari bo‘yicha kuch sinashdilar.

Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilayotgan va an’anaga aylanib borayotgan O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining forumi tibbiyot oliygohlari talabalari o‘rtasida do‘stlik va birdamlik, o‘zaro hamkorlik, sohaga bo‘lgan mehr-muhabbat, kasbga sadoqat, bo‘lajak shifokorlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi va jonajon yurtimiz istiqboliga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti matbuot xizmati

Mavzuga oid