Sport | 19:34 / 28.05.2022
31882
8 daqiqa o‘qiladi

Saloh 4 yil avvalgi mag‘lubiyat uchun o‘ch olmoqchi, Benzema «Oltin to‘p» umidida. YeChL finali oldidan

Foto: UEFA

Bugun, 28 may shanba oqshomida butun dunyo nigohi klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnir – Chempionlar ligasi finali o‘tadigan Parij tomon qaratiladi. «Stad de Frans» o‘yingohi «Liverpul» va «Real» o‘rtasidagi to‘qnashuvga mezbonlik qiladi. Shiddat va’da qilayotgan qarama-qarshilik oldidan ingliz va ispan jamoasining final oldi tayyorgarligi, o‘zaro o‘yinlardagi hisob-kitoblar, tarkiblar bilan tanishing. Yana bir jihati, final – «Oltin to‘p»ning yangi egasi kim bo‘lishi haqidagi bahslarga yakun yasab berishi mumkin.

Yevropaning 6 karra g‘olibi 13 karra chempionga qarshi

UYeFA tarixida 66-marta tashkil etilayotgan ko‘hna qit’aning eng nufuzli turniri finalida qit’ada 6 marta tengsiz bo‘lgan «Liverpul» musobaqaning rekordchisi – 13 karra chempion «Real»ga qarshi saf tortadi.

Foto: UEFA

«Liverpul» «Manchester Siti» bilan kurashda APL chempionligini boy bergan bo‘lsa-da, mavsumni ajoyib o‘tkazmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Klopp murabbiyligidagi jamoa allaqachon ikkita turnir – Angliya kubogi va Angliya liga kubogi bosh sovriniga ega chiqdi.

«Real» esa Ispaniyada chempionlikni rasmiylashtirib, Chempionlar ligasida ham kambeklar evaziga turnirning asosiy qahramoni bo‘lib turibdi. Karim Benzema yetakchiligidagi madridliklar ajoyib mavsumni finalda chiroyli yakunlash imkoniyatiga ega.

Finalga kim qanday yetib keldi?

Ikki klubning finalgacha bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlaydigan bo‘lsak, «Real»ga qaraganda «Liverpul»ning raqiblari nisbatan osonroq ko‘rinadi. Yurgen Klopp shogirdlari guruhdan peshqadam sifatida 1/8 finalga yo‘llanma olgach, finalga qadar Italiya chempioni, Portugaliyaning 3-jamoasi, Ispaniyaning 7-jamoasi to‘sig‘idan o‘tdi.

Foto: Getty Images

Karlo Anchelotti jamoasi esa «D» guruhi peshqadami sifatida finalga qadar Fransiya chempioni, YeChLning amaldagi g‘olibi va Angliya chempionini turnirdan chiqarib, hal qiluvchi bahsga yetib keldi.

«Liverpul»ning finalgacha yo‘li:

«V» guruhi g‘olibi

1/8 final: «Inter» (umumiy hisob: 2:1)

1/4 final: «Benfika» (umumiy hisob: 6:4)

1/2 final: «Vilyarreal» (umumiy hisob: 5:2)

Mavsumdagi natijasi: APL – 2-o‘rin, Angliya kubogi sohibi, Angliya ligasi kubogi g‘olibi.

YeChLdagi so‘nggi final: 2019 yil, «Liverpul» - «Tottenhem» 2:0

«Real»ning finalgacha yo‘li:

«D» guruhi g‘olibi

1/8 final: «PSJ» (umumiy hisob: 3:2)

1/4 final: «Chelsi» (umumiy hisob: 5:4)

1/2 final: «Man.Siti» (umumiy hisob: 6:5)

Mavsumdagi natijasi: La Liga – chempion.

YeChLdagi so‘nggi final: 2018 yil, «Real» - «Liverpul» 3:1

Foto: Getty Images

 O‘yindan oldin kim qanday fikrda? 

Yurgen Klopp («Liverpul» bosh murabbiyi): «Real» - Yevropaning eng sovrindor jamoasi. Raqib jamoa tarkibidagi aksariyat o‘yinchilar sovrinni beshinchi marotaba, murabbiyi esa 4-marta yutishi mumkin. Bizda bunday tajriba yo‘q, buni sotib olib bo‘lmaydi. Ammo unutmaslik kerakki, biz ham so‘nggi 5 yilda uchinchi marta finalga chiqdik va bu ajoyib natija».

Foto: Getty Images

Karlo Anchelotti («Real» bosh murabbiyi): «O‘z jamoalarimni boshqargan finallardan yaxshi xotiralar qolgan. Biz 2005 yilda «Liverpul»ga aql bovar qilmas tarzda mag‘lub bo‘lganmiz, ammo hozirgacha o‘sha finalni jamoam eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan bahs sifatida eslayman. Finalga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik, jamoa yaxshi sport formada. G‘alaba uchun borimizni beramiz. Biz mahoratimiz evaziga finalda to‘p surishga haqli ekanimizni ko‘rsatdik. Bu jihat sizda bo‘lmasa, finalgacha yetib kela olmaysiz». 

Saloh final haqida: «Hisob-kitoblarni o‘rniga qo‘yish vaqti keldi»

Parijdagi final oldidan «qizillar» forvardi Muhammad Saloh 4 yil avvalgi mag‘lubiyat uchun revansh olishni maqsad qilgan.

2017/18 yilgi mavsum Kiyevda o‘tgan YeChL finalida Saloh Ramos bilan to‘qnashuvdan so‘ng yelkasidan jarohat olib, o‘yinni davom ettira olmagan, jamoasi esa yakunda mag‘lubiyatga (1:3) uchragan edi.

Foto: Getty Images

«Real» bu mavsum final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgach, Saloh darhol «tvitter»dagi sahifasida «Eski hisob-kitoblarni o‘rniga qo‘yish vaqti keldi», - deya yozgan.

Bir necha kundan keyin esa yana o‘sha final haqida to‘xtalib, «2018 yilgi final biz uchun qayg‘uli o‘tgandi. O‘sha mag‘lubiyat uchun o‘ch olish vaqti yetdi», degan misrlik hujumchi. 

Benzema Ronalduning rekordini yangilaydimi?

Fransiyadagi finalda madridliklar goleadori Karim Benzema Krishtianu Ronalduning rekordini yangilashi mumkin, Karlo Anchelotti esa murabbiylar orasida birinchi bo‘lib YeChLda 4-marta g‘olib chiqish imkoniyatiga ega.

Foto: Getty Images

Krishtianu Ronaldu – hozirgacha turnirda 5 marta zafar quchgan yagona o‘yinchi hisoblanadi. «Liverpul» bilan bahsda Karim Benzema, Luka Modrich, Dani Karvaxal va Marselo Ronalduning rekordini takrorlab, 5-marotaba «shalpangquloq» sovringa ega chiqishi mumkin. Shuningdek, ayni damda 15ta gol bilan turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turgan Benzema finaldagi gollari bilan Ronalduning yangilanmayotgan rekordini yangilashi mumkin. Krishtianu YeChLda bir mavsumda 17ta gol kiritgan yagona o‘yinchi sanaladi, Benzema dubli bilan bu rekordni takrorlash, het-trik evaziga yangilash imkoniyatiga ega. Karim pley-off o‘yinlarida «PSJ» darvozasiga 3ta, «Chelsi»ga 4ta, «Manchester Siti» darvozasiga 3ta gol kiritganini inobatga olsak, u tarixiy rekordning yangi muallifiga aylanishi hech gap emas. To‘purarlik va g‘oliblik esa Benzemaga uzoq kutilgan «Oltin to‘p»ni ham keltirishi deyarli aniq.

Foto: Getty Images

YeChL. Final. 28 may (shanba)

LIVeRPUL – ReAL

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: Sport

Stadion: Fransiya, «Stad de Frans»

Taxminiy tarkiblar:

«Liverpul»: Alisson; Aleksander-Arnold, Konate, van Deyk, Roberson; Henderson, Fabino, Tyago; Saloh, Mane, Luis Dias

«Real»: Kurtua; Karvaxal, Eder Militao, Alaba, Mendi; Kroos, Kazemiro, Modrich; Valverde, Benzema, Vinisius Junior

Usmon Ibodov tayyorladi.

Mavzuga oid