Jahon | 12:17 / 10.06.2022
8665
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh kongressi komissiyasi: Tramp olomonni Kapitoliyga bostirib kirishga undagan 

Foto: Reuters

Tergov komissiyasi 2021 yil 6 yanvardagi tartibsizliklarni davlat to‘ntarishiga urinish deb atadi. «Zo‘ravonlik tasodif hodisa bo‘lmagan. Bu Trampning so‘nggi urinishi edi», - dedi kongressmenlar.

AQSh kongressining Kapitoliyga amalga oshirilgan hujumni tergov qilish komissiyasi 2021 yil 6 yanvarda Vashingtondagi tartibsizliklar uchun asosiy javobgarlikni o‘sha paytdagi prezident Donald Trampga yukladi. 

«6 yanvar kuni davlat to‘ntarishiga urinish, hukumatni ag‘darish uchun qo‘pol harakatning avj nuqtasi bo‘ldi. Zo‘ravonlik tasodifiy hodisa bo‘lmagan. Bu Trampning so‘nggi urinishi edi», — dedi komissiya raisi, Demokratik partiyadan kongressmen Benni Tompson 9 iyun, payshanba kungi eshituvlar davomida.

Tergov komissiyasi raisining o‘rinbosari, respublikachi Liz Cheyni shunday dedi: «Prezident Tramp olomonni chaqirib, uni to‘pladi va bu hujum alangasini yoqdi». Kapitoliyga bostirib kirish sodir bo‘lganidan keyin AQSh kongressi vakillar palatasining komissiyasi Trampning o‘sha voqealardagi rolini aniqlash uchun 140 mingdan ortiq hujjatlarni o‘rganib chiqdi va mingdan ortiq guvohlar bilan suhbatlashdi.

Cheyni so‘zlariga ko‘ra, tergov komissiyasining xulosasiga ko‘ra, o‘sha paytdagi prezident saylovlarni soxtalashtirish bo‘yicha nohaq ayblovlarni ilgari surgan, voqeaga aralashib, olomonni tinchitish o‘rniga tartibsizliklarga undagan va o‘z lavozimida qolish uchun korrupsiyadan foydalangan. 

Televideniyeda jonli efirga uzatilgan va oltita rejalashtirilgan sessiyalarning birinchisi bo‘lgan komissiya yig‘ilishida asosiy maslahatchilar va Tramp oilasi a’zolariga e’tibor qaratildi. Sud majlisiga ikki guvoh ham taklif qilindi - tartibsizliklar paytida boshidan jarohat olgan politsiyachi Kerolayn Edvardz va Proud Boys guruhining o‘ng qanot ekstremistlarini suratga olgan operator Nik Kuested. Kongressmenlar Trampning qizi Ivanka va uning turmush o‘rtog‘i Jared Kushner, AQSh sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens va bosh prokuror Uilyam Barrning videolari va guvohliklarini namoyish qildi. 

Tergov guruhiga ko‘ra, Trampning saylovoldi shtabi a’zolari, jumladan, uning qizi Ivanka sobiq prezidentning saylovlarni soxtalashtirish haqidagi yolg‘on ayblovlarini rad etgan. Bir qator sudlar, amaldorlar va Tramp ma’muriyati a’zolari avval ham shunday qilgandi.

Shu bilan birga, Donald Trampning o‘zi hamon 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchragani yirik miqyosdagi firibgarlik natijasi bo‘lgani haqidagi iddaolardan qaytgani yo‘q. Kongressdagi eshituvlarning birinchi bosqichi arafasida u tergov komissiyasi faoliyatini keskin tanqid qildi. Tramp 2024 yilda AQSh prezidentligi uchun yana o‘z nomzodini qo‘yishini istisno etmayapti. 

Mavzuga oid