O‘zbekiston | 13:50 / 21.06.2022
7569
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hokim yordamchilari halollikni kuchaytirish bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitilmoqda

So‘nggi vaqtlarda tuman (shahar) hokimlarining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchilari orasida korrupsiyaviy holatlar sodir etilayotgani turli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Tengrinews.kz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 19 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham joylardagi ayrim hokim yordamchilari kredit, subsidiya, yer ajratish masalasida tamagirlik qilayotgani tanqid qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, 2022 yil yanvar-may oylarida hokim yordamchilari tomonidan 14 ta jinoyat sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur jinoyatlar asosiy qismini poraxo‘rlik, mansabdorlik va firibgarlik jinoyatlari tashkil etadi. 

Bu kabi salbiy holatlar oldini olish maqsadida agentlik tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda hududlar kesimida hokim yordamchilarini korrupsiyaga qarshi kurash va halollik bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi. 

Joriy yil 20 iyun sanasidan e’tiboran mamlakat hududlarida “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish ustuvor yo‘nalishlari, davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni va unga qarshi kurashish bo‘yicha ijobiy xulqni shakllantirish” mavzusidagi seminar mashg‘ulotlari boshlandi. 

Unda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari xodimlari hamda hokim yordamchilari ishtirok etmoqda.  

Seminar mashg‘ulotlarida korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar va ular uchun belgilangan javobgarlik masalalari hamda hokim yordamchilari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar tahlil qilinmoqda. Bu borada hokim yordamchilari faoliyatida korrupsiyaviy omillarning vujudga kelish sabablari hamda shart-sharoitlari, ularni  bartaraf etish usullariga alohida urg‘u berilmoqda. 

Seminarlar joriy yil 1 iyul kuniga qadar mamlakatning barcha hududlarida bo‘lib o‘tadi. 

Seminarlar yakuni bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan poraxo‘rlik, mansabdorlik, firibgarlik va boshqa korrrupsion holatlarni keltirib chiqaruvchi omillar, ular yechimi atroflicha tahlil qilinadi. 

Bu borada hokim yordamchilarining ham fikr-mulohaza va takliflari umumlashtirilib, tegishli tashkilotlarga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid