Jamiyat | 19:56 / 21.06.2022
2618
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 20 gektar yerdagi somon poyalari yoqib yuborilgani uchun fermerga 32,7 million so‘m zarar hisoblandi

Illyustrativ foto

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida bug‘doy o‘rib olingandan so‘ng uning maydoni yoqib yuborilgani haqida xabarlar tarqalgan. Holat yuzasidan viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Jarqo‘rg‘on tumanida g‘alladan bo‘shagan maydon 2022 yil 19 iyun kuni tungi vaqtda yoqib yuborilgan. Tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi inspektori tomonidan olib borilgan surishtiruvda ushbu joy “Surxon” TFXB hududida tashkil bo‘lgan “ABBOS-AR” fermer xo‘jaligiga tegishli ekani aniqlangan.

Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilining kelishuviga ko‘ra tekshirish o‘tkazilganda fermer xo‘jaligi rahbari somon qoldiqlari yongan dalasida tekshirish o‘tkazishga hech qanday sababsiz qatnashmagan.

O‘rganish natijasida g‘alla o‘rimidan bo‘shagan jami 20 gektar yer maydonda somon poyasi qoldiqlari yoqib yuborilishi oqibatida Yer kodeksining 40 va 79-moddasi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan fermer xo‘jaligiga ajratilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishda ekologik talablar va atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish majburiyatlari bajarilmagani aniqlangan.

Shuningdek, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 24-modda talablari (Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari) buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, aniqlangan holat yuzasidan 32 million 711 ming 397 so‘m miqdorida zarar summasi hisoblanib, javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun tegishli tartibda sudga yuborilgan.

Mavzuga oid