Shov-shuvdan so‘ng: Chimboyda “ayti” tanlov g‘oliblariga kompyuterlar berildi
Avvaliga tokuzaytirgich, noutbuk sumkasi va klaviatura bilan taqdirlangan yoshlarga, mazkur holat muhokamalarga sabab bo‘lgach, kompyuterlar ham taqdim etildi. Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev mas’ullarni “davlatning misqollab yig‘adigan obro‘sini mayda, kichik xatolar bilan yo‘q qilmaslik”ka chaqirdi.
Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumani yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “IT bilimdoni” tanlovi g‘olib va sovrindorlari qanday taqdirlangani muhokamalarga sabab bo‘lgach, vaziyatga Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev aralashdi.
“Bu tadbirga haqiqatan ham yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilmagan. Tumandagi mas’ullarimiz g‘oliblarga noutbuk sumkasi, klaviatura va “udlinitel” sovg‘a qilishgan. Hozir rasmiylar bilan gaplashdik, hamma g‘oliblarimizga yangi kompyuterlar yetib boradi.
Hamkasblarimizdan, tizimdagilardan so‘rardimki, davlatning misqollab yig‘adigan obro‘sini mana shunaqa mayda, kichik xatolar bilan yo‘q qilish kerak emas. Xalqning kayfiyati, yoshlarning kayfiyati uchun bu juda ham muhim. Shuning uchun har doim shunaqa tadbirlarga professional yondashishimizni so‘rardim”, – deya audioyozuv qoldirdi Sa’dullayev Telegram'dagi kanalida.
U yoshlarga noutbuklar berilayotgani suratlarini taqdim etarkan, shunday izoh qoldirdi:
“Yoshlarimiz bu holatdan tushkunlikka tushmasliklarini so‘rab qolamiz. Bilimli yoshlarimizni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz!”
Mavzuga oid
21:25 / 13.08.2024
Sun’iy intellekt texnologiyalari markazi tashkil etiladi
21:51 / 29.07.2024
Farg‘onada “Mirzo Ulug‘bek vorislari”ga va’da qilingan mukofot pullari berilmadi, nega?
21:39 / 26.07.2024
Imtihonlar tugadi. Abituriyentlarning yarmi testdan yiqildi
12:30 / 25.07.2024