Jahon | 20:46 / 02.07.2022
23286
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda sayyoh akula hujumi oqibatida vafot etdi

Qizil dengiz sohilida cho‘milayotgan avstriyalik ayol akula hujumiga uchrab, qo‘li va oyog‘idan ajralishi ortidan shifoxonaga olib ketilayotganida yurak xurujidan vafot etdi.

Foto: Videodan kadr

68 yoshda bo‘lgan sayyoh, Al-Arabiya xabariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Misrning Hurgada shahrida yashab kelgan. Voqea mazkur shaharcha yaqinidagi Sahl Hashish kurort-zonasida 1 iyul kuni ro‘y bergan.

The Times of Israel'ning yozishicha, akula hujumi o‘nlab odamlar guvohligida ro‘y bergan. Ular tomonidan olingan videoda ko‘rinishicha, sohil yaqinida akula yurgani ma’lum bo‘lgach, ayol ortga qarab suza boshlagan. U sohilga tezroq yetib olishida yordamlashish uchun bir erkak u tomonga qarata arqon otgan, biroq ko‘p o‘tmay qurbon turgan joyda dengiz suvi qondan qizarib qolgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, Sahl Hashish doimo sayyohlar bilan gavjum kurort-zonalardan sanaladi.

Akulalar hujumi Misrda kamdan kam sodir bo‘ladi. Qizil dengizda esa baliqlarning 44 dan ortiq turi qayd etilgan, ulardan ayrimlari, xususan uzunligi 180 sm atrofida bo‘ladigan kulrang akulalar inson uchun xavfli sanaladi.

2020 yili ta’tilda dam olish uchun Misrga borgan 12 yoshli ukrainalik bola va unga hamrohlik qilgan gid Ras Muhammad kurortida akula hujumiga uchragan, natijada tanalarining ayrim a’zolarini amputatsiya qildirishlariga to‘g‘ri kelgandi.

2010 yil davomida esa Sharm el-Sheyxda besh kunda akula hujumlari ro‘y bergan, ularda uch rossiyalik va bir ukrainalik jarohatlanib, bir germaniyalik halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid