O‘zbekiston | 08:02 / 12.07.2022
5300
1 daqiqa o‘qiladi

Jizzax va Andijonda fuqarolarni pul evaziga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Oltinko‘lda yashovchi fuqaroni Qirg‘izistondagi OTMga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs avval ham firibgarlik jinoyatini sodir etgani aniqlangan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Zomin tuman bo‘limi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro L.K. boshqa bir fuqaro F.ni Jizzax Politexnika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 2 ming dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Oltinko‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan J.X. fuqaro D.ni Qirg‘izistondagi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritib, keyinchalik tanishlari orqali o‘qishini O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtiga ko‘chirib berishi evaziga 800 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid