O‘zbekiston | 11:52 / 18.07.2022
37732
3 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors yangi Chevrolet Tracker-2023 modelini ishlab chiqarishni boshladi

O‘zbekistonda birinchi marta krossover tipidagi avtomobil to‘liq siklda ishlab chiqarila boshlandi, deya e’lon qildi UzAuto Motors. Ayni vaqtda Asakadagi avtomobil zavodida Chevrolet Tracker-2023 avtomobilining taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirda qatnashayotgan Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, yangi model 30 avgustdan sotuvga chiqariladi. Narxi hozircha ma’lum emas. Biroq u Xitoyda ishlab chiqariladigan modeldan biroz qimmatroq bo‘lishi istisno qilinmayapti: Asakadan chiqqan Tracker-2023ning dvigateli kuchliroq bo‘ladi. Ilk bosqichda LS, LT va Premier komplektatsiyalari sotuvga chiqariladi.

Tracker avtomobili bungacha faqat Xitoy va Braziliyada ishlab chiqarilgan. Uning yangi avlodi O‘zbekiston bozoriga 2021 yil yanvarda Xitoydan kirib kelgan edi. O‘tgan yil dekabrda Asakada bu modelning ilk test-tajriba varianti ishlab chiqarilgandi.

UzAuto Motors seriyali ishlab chiqara boshlagan ilk krossoveridan yiliga 80 ming dona chiqarmoqchi. 2022 yil oxirigacha 25 mingta Tracker-2023 ishlab chiqarilishi reja qilingan.

Krossover GM tomonidan ishlab chiqarilgan CSS Prime tejamkor dvigateli, intellektual funksiyalari va xavfsizligi bilan ajralib turishi aytilmoqda.

L shaklidagi LED yoritgichli kunduzgi chiroqlar va panoramali lyukka ega. Yangi uslubdagi qulay o‘rindiqlar bilan jihozlangan.

Chevrolet Tracker-2023 texnik xususiyatlarining muhim jihatlari quyidagilardan iborat:

  • 1,2 hajmli, aylanma harakatda 190 Nm va 97 kW quvvatga ega zamonaviy uch silindrli CSS Prime turbomotor;
  • 6 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi;
  • aralash siklda tejamkor yonilg‘i sarfi 6,9 l/100 km, shahar tashqarisidagi yo‘lda harakatlanish – 5,6 l/100 km;
  • xavfsizlikni ta’minlash tizimi (past tezlikda avtomatik tormozlash, ko‘rinishi cheklangan joylar monitoringi, faol favqulodda tormozlash, oldinda turgan to‘siqlar haqida ogohlantiruvchi signalizatsiya, yarimavtomat (parallel) to‘xtash tizimi;
  • haroratni avtomatik nazorat qiluvchi tizim (klimat kontrol);
  • kruiz-kontrol;
  • kalitsiz salonga kirish va dvigatelni ishga tushirish;
  • charm qoplamali rul;
  • elektr mexanizmga ega haydovchi o‘rindig‘i;
  • eko-charmdan o‘rindiqlar qoplamalari;
  • simsiz zaryadlash qurilmasi;
  • to‘liq svetodiod optikasi va LED orqa gabarit chiroqlar va boshqalardan iborat. 

Mavzuga oid