Jahon | 16:59 / 22.07.2022
29657
6 daqiqa o‘qiladi

MI-6: Rossiya armiyasi bo‘shashmoqda, Ukraina qarshi hujumga o‘tishi mumkin

Britaniya tashqi razvedkasi MI-6 rahbari Richard Mur yaqin haftalar ichida Rossiya qo‘shini frontga yangi harbiy xizmatchilar va qurol-yarog‘ jo‘natishi tobora qiyinlashishini ta’kidladi. Uning fikricha, bu Ukraina uchun qarshi hujumga o‘tish oynasi ochilishini anglatadi.

Foto: EPA

MI-6 rahbari Richard Mur Amerikaning Kolorado shtatidagi Aspen shahrida o‘tkazilgan Xavfsizlik bo‘yicha forum chog‘ida Rossiya o‘zining dastlabki maqsadlari - Ukraina prezidentini chetlatish, Kiyevni egallash va G‘arb mamlakatlari birligi parchalanishiga erisha olmaganini epik muvaffaqiyatsizlik deb atadi.

«Bizning baholarimizga ko‘ra, yaqin haftalarda rossiyaliklarda frontga yuborish uchun jonli kuch, qurollar va harbiy texnikalar topish yanada jiddiy muammoga aylanadi. O‘ylaymanki, ular tez orada holdan toyadi. Ular qandaydir tanaffus qilishiga to‘g‘ri keladi va bu ukrainlarga javob zarbasi berish imkoniyatini taqdim etadi», — deya Murning so‘zlarini keltirgan BBC News.

U Rossiya bosqinini Yevropada Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng dahshatli tajovuzkorlik akti deb atagan.

Iyul oyi boshida Lisichansk egallangach, RF armiyasi operativ pauza e’lon qilgandi, ammo bir necha kun muqaddam Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu qo‘shinlarga harakatlarni faollashtirishga buyruq berdi. So‘nggi uch haftada rossiyalik harbiylar biror muvaffaqiyatga erisha olmadi, xususan ularning asosiy kuchlari to‘plangan Donetsk va Luhansk oblastlarida ham.

Ukraina va uning ittifoqchilari RF armiyasi bo‘shashganini G‘arb tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofaga otuvchi artilleriya, xususan AQShning HIMARS baravar o‘t ochish tizimlari qo‘llanayotgani bilan bog‘lagan, Ukraina qurolli kuchlari bu tizimlar orqali rossiyaliklarning front ortidagi o‘q-dori omborlari va boshqaruv punktlariga muvaffaqiyatli zarbalar bermoqda. Shu tariqa, Rossiya armiyasining o‘t ochish kuchi bo‘yicha ustunligi yo‘qqa chiqarilmoqda.

Aspendagi forum chog‘ida Mur Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns tomonidan keltirilgan Rossiya armiyasining 15 ming harbiysi Ukraina tuprog‘ida halok bo‘lgani to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlagan.

Foto: DANIEL BAYER/Getty

Ammo Mur bu ma’lumotni «katta ehtimol bilan, konservativ hisoblar» deb atagan.

«Bu taxminan ular 1980-yillarda Afg‘onistondagi urushda yo‘qotgan odamlar soniga teng. Va bular Sankt-Peterburg yoki Moskvadagi o‘rta sinf vakillari bo‘lgan yigitlar emas. Bu bechoralar Sibirdagi ishchilar shaharchalaridan kelgan yigitlar. Ular orasida milliy ozchiliklar vakillari soni juda ko‘p. Bular to‘pga yem qilingan askarlar», degan Britaniya tashqi razvedkasi rahbari.

Byornsning baholariga ko‘ra, Ukrainadagi urushda Rossiya armiyasining yana 45 ming askari yarador bo‘lib safdan chiqqan.

Ukraina RF armiyasining 38,5 mingdan oshiq harbiysi halok bo‘lganini iddao qiladi. Rossiya o‘z yo‘qotishlari to‘g‘risida so‘nggi bor 25 mart kuni xabar bergan: o‘shanda mudofaa vazirligi urushda 1,3 ming harbiy halok bo‘lganini aytgandi, ammo ekspertlar bu raqamlar haqiqiy holatdan bir necha barobar pastligini aytishgandi.

BBC ochiq manbalar orqali tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya armiyasining 5 mingga yaqin harbiysi o‘limi rasman tasdiqlangan. Ammo bu Donbassdagi «respublika»lar kuchlari yo‘qotishlarini o‘z ichiga olmaydi.

Rossiya harbiylari Luhansk oblastining so‘nggi yirik shahri Lisichanskni iyul oyi boshida egallagandi.
Sergei Ilnitsky / EPA / Scanpix / LETA

Kanadada esa Rossiya endi harbiy salohiyatga ega emasligi aytildi. Ukraina razvedkasi Rossiya qo‘shinlari o‘z raketalarining 60 foizini ishlatib bo‘lganini xabar qilgan

Shu kabi fikrlar 21 iyul kuni Kanada qurolli kuchlari tomonidan ham bildirildi. «Shaxsiy tarkib va texnika bo‘yicha jiddiy yo‘qotishlar tufayli Rossiya Ukrainadagi ambitsiyalarini amalga oshirish uchun yetarli darajadagi harbiy salohiyatga ega emas», — deyiladi kanadalik harbiylar ma’lumotida. Kanada tomoni fikricha, Rossiya o‘z strategik maqsadlarini qisqartirishiga to‘g‘ri keladi.

Kanada hukumati shu tariqa RF TIV rahbari Sergey Lavrovning so‘zlariga munosabat bildirdi, vazir 20 iyul kuni Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus amaliyoti» geografiyasi o‘zgargani, endi u nafaqat «DXR» va «LXR» hududini, balki Ukrainaning bosib olingan Xerson va Zaporijjya oblastlari hududlari va «boshqa qator hududlar»ni ham qamrab olishini aytgandi.

Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi 21 iyul kuni rossiyalik harbiylar bosqin boshidan buyon o‘z zaxiralaridagi raketalarning 55-60 foizini sarflab yuborganini da’vo qildi.

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish institutidagilarning hisoblashicha, «rossiyaliklarning hozirgi operativ tempi rasman operativ tanaffus e’lon qilingan 7-16 iyul kunlaridagidan farq qilmayapti». Qayd etilishicha, 21 iyul kuni Rossiya kuchlari «quruqlikda bir necha lokal hujumlar uyushtirish» bilan cheklangan.

Mavzuga oid