O‘zbekiston | 09:22 / 23.07.2022
10757
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda harbiy texnikani temiryo‘l orqali tashish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi

Samarqand temiryo‘l bekati, shoxobchasi va aeroporti harbiy harakatlar tarkibiy bo‘limi hamda Samarqand garnizonida joylashgan harbiy qism shaxsiy tarkibi hamkorligida «Sazagan» dala-o‘quv maydonida harbiy texnika va harbiy yuklarni temir yo‘l harakatchan tarkibi (vagon)ga yuklash-tushirish bo‘yicha amaliy-ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Foto: Mudofaa vazirligi

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mashg‘ulotlar turli o‘quv nuqtalarida o‘tkazilib, qo‘shinlarni bir joydan ikkinchisiga ko‘chirib o‘tkazish, harbiy texnika va yuklarni tashishda foydalaniladigan temiryo‘l vagonlariga ishonchli va mustahkam joylashtirish, saqlash va olib yurishni o‘rgatish maqsadida tashkil etildi.

Samarqand temiryo‘l bekati, shoxobchasi va aeroporti harbiy harakatlar tarkibiy bo‘limi xodimlari tomonidan mashg‘ulotlarda harbiy texnika va yuklarni tashish jarayonida tayinlangan qorovul shaxsiy tarkibining majburiyati, turli xil vaziyatlardagi harakatlari va alohida xizmat o‘tashning boshqa ahamiyatli jihatlari harbiy texnikalarni yuklashda zarur bo‘ladigan anjomlar xususida tushuntirishlar berib o‘tildi.

Qayd etilishicha, mashg‘ulotlar jarayonida asosiy e’tibor texnika xavfsizligi talablariga va texnikalarni vagonlarga yuklashda ehtiyot choralariga rioya etishga qaratildi.

Ko‘rgazmali tarzda o‘tilgan mashg‘ulotlar doirasida zirhli hamda avtomobil texnikalarni platformalar orqali vagonlarga yuklash-tushirish, ularni belgilangan tartibda mahkamlash, texnikalarni tashishda niqoblash ishlari namoyish etildi.

Mavzuga oid