Iqtisodiyot | 14:34 / 27.07.2022
23174
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq kodeksidan tashqaridagi qoidalar asosida 6 oyda 2,1 trln so‘m soliq imtiyozi berilgan

2022 yilning birinchi yarmida yuridik shaxslardan undirilmagan soliqlarning 22,5 trln so‘miga Soliq kodeksi, 2,1 trln so‘miga esa boshqa hujjatlar bilan berilgan imtiyozlar asos bo‘lgan. DSQ soliq imtiyozlari bo‘yicha ayrim statistik raqamlarni taqdim etdi.

Foto: Kun.uz

Soliq qo‘mitasi E-imtiyoz axborot tizimi orqali imtiyozlardan foydalanish bo‘yicha ayrim ma’lumotlarni taqdim etdi.

2022 yilning 6 oyida yuridik shaxslar 75 mingta holatda 24,6 trln so‘m soliq imtiyozlaridan foydalangan. Shundan 8,5 trln so‘mi QQSning nol stavkasi qo‘llangani bilan bog‘liq.

Me’yoriy-huquqiy hujjatlar bo‘yicha soliq imtiyozlari:

  • Soliq kodeksiga asosan – 22,5 trln so‘m;
  • qonun, prezident farmonlari, qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va boshqa hujjatlarga asosan – 2,1 trln so‘m qo‘llangan.

Soliq turlari kesimida:

  • Eng ko‘p qo‘llangan imtiyoz – QQS bo‘yicha 22,4 trln so‘m (91,1%)
  • Boshqa soliq turlaridan – 2,2 trln so‘m (8,9%) miqdorida foydalanilgan.

Hududlar kesimida:

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi korxonalari tomonidan jami imtiyoz summasining 18 trln so‘m qismi foydalanilgan. Imtiyozning qolgan 6,6 trln so‘m qismi respublikaning boshqa hududlariga to‘g‘ri keladi.

Imtiyozlardan foydalangan korxonalarning katta qismi Toshkent shahrida – 11 286 korxona 3,2 trillion so‘m imtiyozlarga ega bo‘lgan.

QQSni nol stavkada qo‘llashdan tashqari eng ko‘p soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan  korxonalar ro‘yxatida Grand Pharm Trade yetakchilik qilmoqda. U olti oyda 308,4 mlrd so‘mlik imtiyozga ega bo‘lgan. Shuningdek, Meros Pharm MCHJ 192,3 mlrd so‘m, Farm Lyuks Invest 87,1 mlrd so‘mlik imtiyozlardan foydalangan. 

Bundan tashqari, soliq imtiyozlaridan eng ko‘p foydalangan TOP 10 korxonalar 10 ligida imtiyozlarning asosiy qismini QQSning nol stavkasi qo‘llanishi tashkil qilgan. Ro‘yxatda birinchi o‘rinni 4,3 trln so‘mlik soliq imtiyozlari bilan Navoiy kon metallurgiya zavodi egallagan bo‘lsa, 1,8 trln so‘m bilan Olmaliq KMK va 1,2 trln so‘mlik imtiyozlar bilan O‘zmilliybank keyingi o‘rinlarni zabt etdi.

Joriy yilning 6 oyida eng ko‘p soliq imtiyozlari QQS ( 22 trln so‘m), foyda solig‘i (583,5 trln) va mol-mulk solig‘i (544,7 trln) dan berilgan.

Avvalroq, Soliq qo‘mitasi 2021 yilda individual xususiyatga ega bo‘lgan 15 ta hujjat bo‘yicha jami 316,2 mlrd so‘mlik, 2022 yilning dastlabki 6 oyi davomida esa 10 ta hujjat bo‘yicha jami 144,8 mlrd so‘mlik soliq imtiyozi qo‘llanganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid