Frontdagi vaziyat. Ukraina va Rossiya armiyasi tashabbus uchun kurashmoqda
Iyul oyi boshida Rossiya rahbariyati Ukrainadagi harbiy kampaniyada e’lon qilgan «operativ pauza» janglar to‘xtatilishiga olib kelmadi, ammo kuzatuvchilarning baholariga ko‘ra, avgust oyi boshiga kelib ikki tomon ham hujumga o‘tishga tayyor. Shu bilan birgalikda, yurishlar allaqachon boshlanib ketgan bo‘lishi ham mumkin.
Ukrainlar tez orada Xerson yaqinida faol harbiy harakatlar boshlanishi haqida aytishmoqda va buni Rossiya armiyasining ushbu shahardagi guruhi ta’minoti yetkaziladigan Dnepr ustidan o‘tgan ko‘priklar o‘qqa tutilayotgani ham tasdiqlaydi.
Ukraina qurolli kuchlari Ingulets daryosi sohilidagi platsdarmni egallab olgan, buni ko‘pchilik hujum boshlanishi sifatida qabul qilmoqda.
Rossiya qo‘shini Donbassda faol harakatlanishda davom etmoqda. Bu hududda front katta aylana yoy shaklini (do‘g‘a) hosil qilgan, u shimolda Rossiya nazoratidagi Izyum shahridan, janubiy qismi esa - Donetsk rayonida boshlanadi. So‘nggi kunlarda ushbu do‘g‘aning asosiy hududida faol harbiy harakatlar kechmoqda.
Kuzatuvchilar qayd etishicha, ikki tomon ham jonli kuch va texnikada raqibdan katta ustunlikka ega bo‘lmagani tufayli harbiy harakatlar borishini qat’iy o‘zgartira olmaydi.
Rossiya kuchlari oldindan himoyalanish uchun tayyorlab qo‘yilgan hududlarga hujum qilmoqda, ularning harakatlanish sur’ati u qadar yuqori emas. Platsdarm egallangani va Dnepr bo‘ylab o‘tgan ko‘priklarga muvaffaqiyatli hujumlarga qaramay, Ukraina qo‘shinlari ham Rossiya guruhi mudofaasini yorib o‘ta olmayapti.
Tomonlarning har biri tashabbusni qo‘lga olishga - o‘zi uchun qulay joyda raqibga qarshi amaliyotlar olib borishga urinmoqda. Ammo hozircha bunday tashabbusni qo‘lga olish kurash o‘zining aktiv fazasiga chiqa olmadi.
Donbass do‘g‘asi
Rossiya armiyasining Ukrainadagi harbiy kampaniyasining aprel oyining ikkinchi yarmida boshlangan «ikkinchi bosqichi» Donbassni egallashga qaratilgandi. 22 aprel kuni Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari Rustam Minnekayev bu kampaniyaning yangi maqsadlari haqida gapirgandi.
«Maxsus amaliyotning ikkinchi fazasi boshlanganidan beri, u ikki kun oldin boshlandi, Rossiya armiyasining vazifalaridan biri — Donbass va Janubiy Ukraina ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatish. Bu Qrimga quruqlik orqali koridorni ta’minlaydi, shuningdek, Ukraina iqtisodiyoti uchun o‘ta muhim obektlarga ta’sir ko‘rsatadi», — degandi Minnekayev.
O‘shandayoq Donbassdagi front janubda Mikolayiv, Xerson, Zaporijjya va Donetsk oblastlarining egallab olingan hududlaridan boshlanib shimolda Xarkiv atrofigacha uzangan yoy shakllangandi.
Mojaroning ikkinchi bosqichida Rossiya avvaliga Ukraina qurolli kuchlarining Donbass guruhini qurshab olishga harakat qildi, ammo yakunda ukrain qo‘shinlari qarshiligini yengib o‘tolmadi. Ukrain harbiylarini to‘rt tomondan o‘rab olish uchun boshlangan yurishlar faqatgina ukrain harbiylarini g‘arbga chekintirish bilan yakunlandi.
Asosiy muvaffaqiyat yoyning sharqiy qismida joylashgan Severodonetsk va Lisichansk shaharlarini egallab olish bo‘ldi. Shundan keyin Ukrainaning Luhansk oblasti hududi to‘lig‘icha Rossiya nazoratiga o‘tdi.
Ekspertlar qayd etishicha, Donbass ustidan nazorat o‘rnatish Rossiyaning Ukrainadagi kampaniyasining mazkur bosqichdagi siyosiy maqsadi hisoblanadi. Rossiya qo‘shinlari oldindan mudofaaga tayyorlangan istehkomlarga hujum qilishiga to‘g‘ri keldi va maqsadga katta qiyinchiliklar bilan erishildi.
Donbass - hujum davom etmoqdami?
Rossiya rahbariyati dam olish va qo‘shinlarni to‘ldirish uchun e’lon qilgan tanaffusga qaramay, harbiy harakatlar davom etmoqda. Rossiya qo‘shinlari Donbassda yangi aholi punktlari va hududlarni egallab olgan holda, Ukraina qurolli kuchlari mudofaasini tom ma’noda «g‘ajib kelmoqda».
So‘nggi kunlarda Donbassda deyarli butun front chizig‘i bo‘ylab janglar ketmoqda. Rossiya armiyasining yutuqlari kamtarona bo‘lsa-da, baribir yutuq, masalan, Uglegorsk TES egallab olingani xabar qilingan. Rossiya harbiylari Donbass yoyining janubiy qismi bo‘ylab Baxmut va Avdeyevka tomon harakatlanmoqda, shimolda esa - Severskka hujum qilinmoqda.
Ammo ekspertlar yurishlar sur’ati u qadar yuqori emasligini qayd etishmoqda. Bu katta ehtimol bilan quyidagi ikki sabab tufayli bo‘lmoqda.
Birinchidan, Rossiya armiyasi bo‘linmalarni to‘ldirishda muammoga duch kelmoqda. Rossiya rahbariyati e’lon qilgan tanaffus dam olish va saflarni to‘ldirish zarurati tufayli e’lon qilingandi - rasmiy e’londa ham shunday deyilgan.
Ammo, Britaniya mudofaa vazirligi Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha 29 iyul kuni bergan hisobotida qayd etishicha, Rossiya urushning ilk haftalaridayoq frontda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi otryadlaridan foydalana boshlagan, ular frontning butun sektorlariga mas’ul bo‘lgan. Shu bilan birga, britan razvedkasi qayd etishicha, armiya Ukrainadagi mojaroga qadar bunday otryadlarga bu kabi vazifalar berilmasdi.
«Vagner»ning roli katta ehtimol bilan o‘zgargan, chunki Rossiya mudofaa vazirligi piyodalarning o‘tkir yetishmovchiligiga duch kelgan, lekin «Vagner» kuchlari ham harbiy harakatlar kechishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi dargumon», deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda aytilishicha, aynan «Vagner» kuchlari Uglegorsk elektr stansiyasi hududini o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lgan.
Rossiya qo‘shinlari sekin harakatlanayotganining ikkinchi sababi - ukrain kuchlari GMLRS raketalari bilan rossiyaliklarning o‘q-dori omborlariga aniq zarbalar yo‘llayotganidir. Rossiya armiyasi harakati artilleriya qo‘llab-quvvatloviga o‘ta bog‘liq, qator omborlar yo‘q qilinishi esa artilleriyachilarni snaryadlarni tejab ishlatishga majburlamoqda.
Natijada, Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (Institute for the Study of War - ISW) ekspertlari fikricha, «rossiyalik kuchlar, ko‘rinishidan, Ukrainada ayni vaqtda faqat ikkita yirik yurish amalga oshira olishi mumkin: biri Severskni egallashga urinish, ikkinchisi - Baxmut yo‘nalishida hujum qilish».
ISW ekspertlari hisoblashicha, aynan resurslar yetishmovchiligi boshqa yo‘nalishlarda ham yurishlarni shu kabi sur’atda davom ettirish yoki hududlarni egallab olishga imkon bermagan.
Xerson
Ayni paytda Rossiya yana bir muammo bilan shug‘ullanishi kerak. Gap shundaki, Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastida harakat boshlagan.
Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi 28 iyul kuni bu harakatni «hujumga o‘tish» deb baholadi.
Xersonga hujum mamlakat rahbariyati tomonidan Ukraina qurolli kuchlari oldiga qo‘yilgan siyosiy vazifa hisoblanadi. 11 iyul kuniyoq Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov Britaniyaning Times nashriga bergan intervyusida, prezident Zelenskiy mamlakat janubidagi hududlarni, jumladan urush davrida rossiyalik harbiylar tomonidan egallab olingan yagona viloyat markazi bo‘lmish Xersonni qaytarib olish bo‘yicha amaliyot rejasini tayyorlashga topshiriq bergani haqida aytgandi.
Xersonga hujum shunisi bilan jozibaliki, ushbu shaharni egallab turgan Rossiya guruhining ta’minoti Dnepr orqali o‘tgan ko‘priklarga, ayniqsa Antonov ko‘prigiga bog‘liq.
Bu ko‘prik 19 iyuldan buyon nishonga yuqori aniqlikda borib teguvchi GMLRS raketalari bilan o‘qqa tutilmoqda, ukrainlar bu raketalarni amerikaliklar yetkazib bergan HIMARS va MLRS qurilmalari orqali otishmoqda. Bu zarbalar natijasida ko‘prik jiddiy shikastlangan va armiya ta’minoti xavf ostida qolgan.
Endilikda, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, Rossiya kuchlari ta’minot uchun vaqtinchalik ponton ko‘priklardan foydalanmoqchi bo‘lmoqda, lekin bunday ko‘priklarning o‘tkazish qobiliyati nisbatan juda past.
Ta’minot uchun muhim bo‘lgan boshqa ko‘priklarga ham zarbalar yo‘llanmoqda - bular Antonov ko‘prigidan 6 km shimoldan o‘tgan temiryo‘l ko‘prigi, shuningdek Xerson oblastining rossiyaliklar tomonidan bosib olingan hududidan o‘tgan Ingulets daryosidagi Darevskiy ko‘prigi va nihoyat Nova Kaxovkadagi Kaxovka GES dambasi orqali o‘tgan yo‘l.
Bu hujumlardan maqsad Xersondagi rossiyaliklar qo‘shinini ta’minot manbalaridan uzib qo‘yishga qaratilgan.
Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari nafaqat ta’minot liniyalariga tahdid solmoqda, balki hujumkor harakatlarni ham amalga oshirmoqda. Ukraina qurolli kuchlari Ingulets daryosining janubi-sharqiy sohilida, Lozovoye va Andreyevka qishloqlari hududidagi platsdarmlarni egallagan. Ular Xersondan shimoli-g‘arbda joylashgan.
Bu muhim hodisadir, chunki daryo tabiiy to‘siq hisoblanadi, bu platsdarmlar egallangani evaziga bu yerdan turib hujumlarni boshqarish mumkin. Rossiya armiyasi frontning bu uchastkasi ahamiyatini yaxshi tushunadi, ammo hozirga qadar ukrainlarning bu platsdarmi yo‘q qilinmadi.
Tashabbus uchun kurash
Frontdagi so‘nggi vaqtlarda sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmayotgan bo‘lsa-da, Rossiya-Ukraina mojarosidagi harbiy harakatlarni hozircha pozitsion urush deb atash mushkul.
Harbiy ekspertlarning qayd etishicha, tomonlarning hech biri barcha kuchini bir mushtga jamlab, raqib kuchidan bir necha barobar ustunlikka erishish imkoniyatiga ega emas.
Rossiya qo‘shinlarining Donbassdagi yirik amaliyotlari yoki ukrainlarning Xersonda hujumga o‘tishi nafaqat mudofaa liniyasini yorib o‘tishdek murakkab ishni bajarishni, balki muvaffaqiyatni rivojlantirish uchun katta kuchlarni jalb etishni ham talab qiladi.
Ukraina qurolli kuchlari G‘arbdan yetkazib berilgan yuqori aniqlikdagi tizimlarni qo‘llamoqda, ammo keng ko‘lamli hujumga o‘tish uchun yetarli darajada ko‘p qurollar yo‘q. Ukrainlarga hozirgacha yetkazib berilayotganidan ko‘ra ancha ko‘p miqdorda tanklar va boshqa zirhli texnikalar zarur. Shuningdek, ukrainlarga muvaffaqiyatli hujum harakatlari uchun kerak bo‘lgan jangovar samolyotlar ham yetishmayapti.
Shunga qaramay, Ukraina zirhli texnikalar olishda davom etmoqda - o‘tgan hafta oxirida Shimoliy Makedoniya Ukrainaga T-72 tanklari yetkazib berishini e’lon qildi.
Kelgusida Kiyev G‘arbdan katta partiyada artilleriya va hatto jangovar samolyotlar olishi mumkin - Amerika Senati ukrain uchuvchilarini tayyorlash dasturini tasdiqlagan. Ammo bunday jo‘natmalar ham muammoni «joyida va hozirning o‘zida» hal etolmaydi.
Rossiya qo‘shinlari artilleriya va aviatsiya bobida ustunlik qilmoqda, bu esa Ukraina qurolli kuchlarining oldinga siljishini sezilarli darajada qiyinlashtiradi. Shu bilan birga, Rossiyaning Xersondagi guruhi ta’minotdagi muammo tufayli ancha qiyin holatga tushib qolgan.
Hozirda ikki armiya tashabbusni qo‘lga olishga, ya’ni dushmanni o‘ziga qulay bo‘lgan yo‘nalishga jalb etishga urinayotgani aniq. Bunday taktikada armiyaning vazifasi - raqibning nisbatan zaif nuqtalariga zarba berib, u yerga zaxiralarni olib kelishga va bunga juda katta kuch sarflashiga majbur qilish hisoblanadi. Hujum tugagach, boshqa joyga zarba berish mumkin - bunday zarbalar oldindan tayyorlab qo‘yilgan bo‘ladi.
Xerson esa Ukraina qurolli kuchlarining tashabbusni qo‘lga olishga urinishi uchun mantiqiy nishondir. Ammo bu vaqtda Rossiya hamon asosiy e’tiborini boshqa yo‘nalishga qaratgan va o‘z maqsadiga erishish - Donbass ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga bo‘lgan harakatlarini davom ettirmoqda.
Mavzuga oid
11:00
RFda Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari imtiyozli ipotekani ololmaydi
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024