Jahon | 17:05 / 02.08.2022
11243
5 daqiqa o‘qiladi

Pekin Pelosining Tayvanga ehtimoliy tashrifi kuni ogohlantirish bilan chiqdi

Axborot agentliklari xabar berishicha, AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi allaqachon Malayziyani tark etgan bo‘lishi mumkin. Tayvanda uning tashrifini 2 avgust kuni kechqurun kutishmoqda.

Foto: AP

AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi - - Amerika rahbariyatidagi hokimiyat iyerarxiyasida prezident va vitse-prezidentdan keyin uchinchi shaxsning Hind-Tinch okeani mintaqasiga safari fonida Vashington va Pekin o‘rtasidagi ziddiyat tobora kuchayib bormoqda. Xitoy hukumati bir necha bor va turli kanallar orqali AQShni Pelosining Tayvanga «xavfli» tashrifini bekor qilishga chaqirdi, deb ma’lum qildi 2 avgust, seshanba kuni Xitoy TIV rasmiy vakili Xua Chunin. 

«Agar AQSh bu noto‘g‘ri yo‘lda davom etsa, biz suverenitetimiz va hududiy yaxlitligimizni himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘ramiz», dedi u. Xitoy tashqi siyosat idorasi vakili bildirishicha, Pekin Pelosining Tayvanga tashrifiga «kuchli qarshilik» ko‘rsatmoqda va AQShning Xitoy «provokatsiya» deb hisoblayotgan harakatlari tufayli vaziyat keskinlashishi ehtimoli bor.

Vakillar palatasi spikerini Malayziyaga olib borgan AQSh HHK samolyoti ushbu mamlakat poytaxti Kuala-Lumpurdan havoga ko‘tarildi, deb xabar berdi Reuters agentligi Flightradar24 sayti ma’lumotlari va guvohlarga tayanib. Shu bilan birga, Pelosi yoki uning delegatsiyasi a’zolari samolyotda bor yoki yo‘qligi noma’lum, deya ta’kidlaydi Reuters. O‘z navbatida, AP’ning xabar berishicha, Pelosi Malayziyaga qisqa muddatli tashrifdan so‘ng o‘z delegatsiyasi bilan AQSh HHK samolyotida uchib, bu mamlakatni tark etgan. U Tayvanga tashrif buyurishi kutilmoqda, deb yozadi agentlik ismi sir qolishni istagan amaldorga tayanib. 

Germaniyaning dpa agentligi Tayvan parlamentidagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Pelosi Taybeyga 2 avgust kuni kechqurun kelishi kutilmoqda. Mahalliy OAVning yozishicha, u orolga mahalliy vaqt bilan soat 22:30 (Toshkent vaqti bilan 19:30)lar atrofida qo‘nishi mumkin. 

Ayni paytda, Amerikaning to‘rtta harbiy kemasi, jumladan, aviatashuvchi Tayvan sharqidagi suvlarda joylashtirildi, deb xabar bermoqda Reuters. AQSh HDK Xitoyning ogohlantirishlari fonida, buni odatiy joylashtirish deb atadi. 

Pelosining Tayvanga ehtimoliy tashrifi bilan bog‘liq keskinlik ortib borayotgan bir paytda, fond bozorlari ham keskinlashmoqda. Osiyo bozorlarining asosiy indekslari geosiyosiy keskinlik kuchayishi xavotiri tufayli tushib ketdi, deb yozadi AFP. Hongkong va Shanhay birjalari indekslari eng ko‘p pasaydi. 

Mojaroning keskinlashishi Germaniyaning DAX muhim birja indeksiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, u 2 avgust kuni ertalab 0,70 foizga tushib, 13 385,99 punktni tashkil qildi. 

Iyul oyi oxiridan beri dunyo OAV tomonidan keng muhokama qilinayotgan Nensi Pelosining tashrifi AQShning so‘nggi bir necha o‘n yilliklardagi eng yuqori martabali vakilining Tayvanga borishi bo‘ladi. Xitoy rahbariyati Tayvanni XXRning bir qismi deb hisoblaydi va boshqa davlatlarning Taybeydagi rasmiylar bilan aloqalariga qarshi. O‘z navbatida, AQSh status-kvoning bir tomonlama o‘zgarishini tomonlardan hech biri qabul qilishi mumkin emasligini ta’kidlaydi va Tayvan bo‘g‘ozi hududida tinchlik hamda barqarorlikni saqlash tarafdori bo‘lib turibdi. 23 may kuni AQSh prezidenti Jo Bayden agar Xitoy Tayvanga qurolli tajovuz qilsa, unga harbiy yordam ko‘rsatishga va’da bergan edi. 

28 iyul kuni Bayden va Xitoy rahbari Si Tszinpin uzoq davom etgan telefon muloqotida savdo, texnologiya sohasida hamkorlik qilish va ikki tomonlama munosabatlardagi asosiy noqulayliklarni, jumladan Pelosining Tayvanga ehtimoliy tashrifini muhokama qildi. Bu mavzularda hech qanday muvaffaqiyatga erishilmagan. 30 iyul kuni Xinhua agentligining xabar berishicha, Xitoy armiyasi Tayvandan bo‘g‘oz orqali ajratilgan Pintan oroli (Futszyan viloyati) yaqinida o‘q otish mashqlarini o‘tkazgan.

Mavzuga oid