Iqtisodiyot | 11:04 / 03.08.2022
30326
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston, Ozarboyjon va Turkiya o‘zaro savdo hajmini ikki barobarga oshirmoqchi

O‘zbekiston, Ozarboyjon va Turkiya tashqi ishlar, savdo, iqtisodiyot va transport vazirlari birinchi uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Uchrashuv davomida tashqi siyosat masalalari va mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlari, iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar va transport sohalarida uchala mamlakat birlashgan qudrat va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan sa’y-harakatlar yuzasidan fikr almashildi.

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning Ozarboyjon va Turkiya bilan savdo aylanmasi ikki baravarga oshgani, 2021 yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 3,5 milliard dollarga yetgani aytildi. 

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligini ta’kidladi. O‘zbekiston Ozarboyjon va Turkiyaga texnika, o‘zbek to‘qimachiligi mahsulotlari, poyabzal va oziq-ovqat yetkazib berishni oshirish imkoniyatiga ega.

Bozorlarga o‘zaro kirishni osonlashtirish uchun yangi elektron tijorat platformasini yaratish taklif qilindi. Bu tadbirkorlar, eksportchilar, importchilar o‘rtasida muloqotni osonlashtirib, tovarlarni yanada arzon narxlarda sotish imkonini beradi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, energetika sohasida hamkorlik qilish va uch mamlakat yuqori tranzit salohiyatidan foydalanish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi va har yili O‘zbekiston – Ozarboyjon – Turkiya hududlararo forumini tashkil qilish, uning Toshkentda birinchi yig‘ilishini o‘tkazish taklif qilindi.

Uchrashuv yakunida forum maydonlaridagi barcha kelishuvlarni o‘z ichiga olgan Toshkent deklaratsiyasi imzolandi. 

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Mavzuga oid