“Shunchaki O‘zbekistonga borib osh yeb ko‘rmoqchi edim, lekin...” - xorijliklar e-visa sayti yaxshi ishlamayotganini aytmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga kelmoqchi bo‘lgan sayyohlar elektron viza olishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida yozmoqda. Ular saytga rasm yuklash, elektron pochtaga tasdiq xatini olish, karta orqali to‘lov qilishda texnik nuqsonlar borligini aytishyapti.
O‘zbekistonga kirish talablari 2018 yilda yengillashtirilgan. 2019 yilning 1 fevralidan 76 mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kirish elektron vizasi (e-visa)ni olish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Shu kunlarda Reddit platformasidagi O‘zbekistonga oid bo‘limda mamlakatga kelmoqchi bo‘lgan sayyohlar e-visa platformasi yaxshi ishlamayotgani haqida yozishmoqda.
Spocksays taxallusli foydalanuvchi e-visa platformasida ariza berish uchun 5 marta urinishiga qaramay, qayta-qayta texnik xatolik yuz beraverganini aytgan.
“Men bir amallab to‘lov qilinadigan bosqichgacha yetib borsam ham, to‘lov amalga oshmayapti. Yana to‘lashga harakat qilaman, to‘lov amalga oshirildi deb chiqadi, lekin men aniq bilaman: kartamdan pul yechib olingani yo‘q. Oxir-oqibat, to‘lov holatidan qat’i nazar, tasdiqlovchi elektron xat kelmaydi.
Kimdir to‘lovni muvaffaqiyatli amalga oshirib, bu chiqindi saytdan viza rasmiylashtira oldimi? Men shunchaki O‘zbekistonga borib osh yeb ko‘rib, sayyoh sifatida mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltirmoqchi edim. Turizm vazirligi bu imkoniyatni boy bermoqda”, – deydi foydalanuvchi.
Yana bir foydalanuvchi yuqoridagi fikrlarga qo‘shilib, saytning yaxshi ishlamasligi haqida yozgan.
“Haqiqatan ham bu – chiqindi sayt. Oxirgi marta sinab ko‘rganimda uni ishga tushirish uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi – ishlagan kredit karta “Chase reserve” kartasi bo‘lgan va sayt faqat Chrome'da ishlagandi. Bundan tashqari, elektron xatlar spam toifasiga tushishi mumkin – bu odamni charchatadi”,– deya og‘ringan u.
Yana bir foydalanuvchi bir necha hafta oldin elektron viza olgani va u ham xuddi shunday muammoga duch kelganini ta’kidlagan.
“Men duch kelgan birinchi muammo – pasportimdagi surat bilan va fotosuratimning o‘lchamlari bir xil emasligi edi. Keyin men ham sizdagi kabi muammoga duch keldim va tasdiqlash xatini olmagunimcha qayta-qayta urinaverdim. Bundan tashqari, elchixona ham javob bera qolmaydi, shuning uchun afsuski qayta-qayta urinib ko‘raverishdan boshqa ilojingiz qolmaydi”, – deydi u.
Biroq hamma foydalanuvchilar ham bunday fikrda emas. Kimdir saytdan foydalanishda muammoga duch kelmagani haqida yozsa, kimdir boshqa brauzerdan foydalaganda u ishlaganini aytadi.
“Kulgili ko‘rinsa ham, menda birinchi urinishdayoq ishladi. Men shunchaki kiritishim kerak bo‘lgan rasmimni tahrirladim, ammo to‘lov va boshqa amaliyotlar tezda amalga oshdi va tasdiqlash xatini yuborishdi”, – deya yozgan xorijliklardan biri.
“E-visa bilan bog‘liq muammolar hammada har xil – qanaqa bo‘lishini aytish qiyin”
Markaziy Osiyo davlatlariga sayohat imkoniyatlari haqida ma’lumot beradigan “Caravanistan” loyihasining mualliflari O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar fikrlarini jamlagan holda e-visa veb-sayti haqida xulosa va fikrlarini yozishgan. Afsuski, ularning ham e-visa haqidagi taascurotlari ijobiy emas.
“Garchi odamlar elektron vizani muvaffaqiyatli ola olishgani haqida xabar bergan bo‘lsa-da, veb-sayt hali ham ko‘p xatolar bilan ishlaydi. Sayohatchilar rasmlarni yuklash, faollashtirish havolalarini olish, to‘lovlarni amalga oshirishda xatolik va chop etishda qiyinchiliklar haqida aytishadi. Agar sizda muammo yuzaga kelsa, hatto u aynan qanaqa muammo bo‘lishini oldindan aytish qiyin va qanday yechim topishingiz haqida ham bir narsa deb bo‘lmaydi.
Har kim ham elektron vizani olishga muvaffaq bo‘lavermaydi, ba’zilar uni elchixona orqali olishlari yoki uchinchi tomon operatoridan foydalanishlari kerak, chunki har doim ham bu veb-sayt orqali viza olishning iloji bo‘lmasligi mumkin”,– deyiladi maqolada.
Mualliflar maqolada turistlar elektron viza olishda duch keladigan muayyan qiyinchiliklar yuzasidan tavsiyalar berishgan. Maqoladan muammolar bir xil emasligi, kimdadir ishlagan chora, boshqa odamda ishlamasligi mumkinligini xulosa qilish mumkin.
Mavzuga oid
22:45 / 24.10.2024
2024 yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
10:30 / 24.10.2024
RF TIV idora resurslariga keng ko‘lamli DDoS-hujum haqida xabar berdi
17:47 / 15.10.2024
Toshkent tumanidagi “Shifobaxsh suvlar” hududida yana 5 ta sanatoriy quriladi
16:26 / 08.10.2024