WSJ: Trampdan tintuv chog‘ida 11 ta maxfiy hujjatlar to‘plami olib qo‘yildi
AQSh sobiq prezidenti uyini tintuv qilish chog‘ida olingan narsalar orasida «o‘ta maxfiy» deb tasniflangan, faqat maxsus davlat idoralari xodimlari foydalanishi mumkin bo‘lgan hujjatlar ham bor, deb yozadi The Wall Street Journal.
AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) agentlari 8 avgust kuni AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning Florida shtati Mar-a-Lago shahridagi qarorgohida o‘tkazilgan tintuv chog‘ida 11 to‘plam maxfiy hujjatlarni musodara qildi. Bu haqda 12 avgust, juma kuni Amerikaning The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi Trampdan musodara qilingan materiallar ro‘yxatiga tayanib xabar berdi.
Ro‘yxatga, jumladan, «o‘ta maxfiy» deb tasniflangan, faqat maxsus davlat idoralari xodimlari foydalanishi mumkin bo‘lgan hujjatlar ham kiritilgan, deya qayd etadi WSJ.
AQSh Adliya vazirligi gazetaning ma’lumotini qisman tasdiqlab, Trampdan o‘ta maxfiy hujjatlar tortib olinganini aytdi, biroq ularning hajmiga aniqlik kiritmadi. Bundan tashqari, Adliya vazirligi sobiq prezident josuslik to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda gumonlanayotgani haqida xabar berdi.
Donald Trampning advokatlariga ko‘ra, AQSh sobiq prezidenti Oq uyni tark etishdan oldin o‘z vakolatlari doirasida topilgan hujjatlarni oshkor qilgan. Trampning o‘zi ma’lum qilishicha, FQB xodimlarining maxfiyligi oshkor etilgan hujjatlarni qo‘lga kiritishga urinishi «kerak emasdi», chunki ularni istalgan vaqtda «siyosat bilan o‘ynamasdan va Mar-a-Lagoga bostirib kirmasdan» olish mumkin edi.
O‘z navbatida, The Washington Post vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, FQB xodimlari Tramp qarorgohida yadro quroliga oid maxfiy hujjatlarni qidirgani haqida xabar berdi. Ular topilganmi yoki yo‘qmi - noma’lum. Trampning o‘zi ham bu borada «yadroviy qurol masalasi yolg‘ondir», dedi.
Umuman olganda, FQB xodimlari Donald Trampning qarorgohidan 20 ga yaqin quti hujjatlar, fotosuratlar va yozishmalarni olib chiqib ketishdi. Ular orasida Trampning o‘z sobiq maslahatchisi Rojyer Stounni afv etish to‘g‘risidagi farmoni, shuningdek, «Fransiya prezidenti» haqidagi ma’lumotlar bor, deb yozadi The Wall Street Journal.
Mavzuga oid
18:53
Boris Jonson Ukrainaga britan harbiylari yuborilishi shartini aytdi
16:05
Trampning yangi odamlari. Oq uydagi muhim lavozimlarni kimlar egallaydi?
00:30
«Deportatsiya, chegara devori, bekor qilinadigan gumanitar yordamlar». Tramp prezidentligining ilk kunida nimalar qilishi ma’lum bo‘ldi
16:55 / 12.11.2024