Vuchich NATOni Kosovodagi serblarni himoya qilish bo‘yicha «o‘z ishini bajarishga» chaqirdi
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, agar NATO davlatlar o‘rtasidagi mojaroga aralashmasa, Serbiyaning o‘zi o‘z fuqarolarini Kosovodagi «quvg‘inlardan qutqaradi».
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning aytishicha, NATO kuchlari Kosovoda yashovchi serblarni himoya qilishi kerak, aks holda Serbiya buni o‘zi amalga oshiradi. Prezidentning murojaati 21 avgust, yakshanba kuni Serbiya telekanallari orqali namoyish etildi, deya xabar bermoqda Associated Press.
Dalil keltirmagan Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, Kosovo hukumati «nihoyat serb xalqini Kosovodan haydab chiqarmoqchi» va «faqatgina serb davlatining respublikadagi izlarini yo‘q qilishdan manfaatdor». «Boradigan joyimiz yo‘q, burchakka qamaldik», dedi Serbiya rahbari. «Agar NATO buni istamasa, unda biz xalqimizni ta’qiblardan qutqaramiz».
Vuchich yaqin o‘n kun ichida Serbiya Kosovoda Serbiyadan avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalari va respublikaga kirib kelayotgan qo‘shni davlat fuqarolari uchun vaqtinchalik hujjatlar joriy etilishi munosabati bilan yuzaga kelgan inqirozga «murosali yechim» izlashini aytdi. Kosovo shimolida Serbiyada ro‘yxatdan o‘tgan 10 mingga yaqin transport vositalaridan foydalaniladi.
Ushbu choralar 2022 yil 29 iyunda e’lon qilingan va Kosovoda 1 avgustdan kuchga kirishi kerak edi. Ammo 31 iyul kuni Serbiya bilan chegaradosh shimoliy hududlarda yangi qoidalarga qarshi norozilik namoyishlari avj oldi, mahalliy serblar yo‘llarni to‘sib qo‘ydi, Kosovo esa chegara punktlarini yopdi.
O‘sha tunda Kosovo Respublikasi bosh vaziri Albin Kurti namoyishchilar barrikadalarni olib tashlab, yo‘llarni to‘sib qo‘yishni to‘xtatishi sharti bilan chora-tadbirlarni 1 sentabrga qadar qoldirishni buyurdi.
Serbiya va Kosovo rahbarlarining YeI vositachiligida 18 avgust kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralari natijasiz yakunlandi. Ular o‘tkazilishidan oldin ham Vuchich kelishuvga erishish borasida optimizm ko‘rsatmadi. «Men qandaydir yechimga umid qilishda davom etsam-da, bunga shubha bilan qarayapman», deb yozdi u Twitter’da. O‘z navbatida Kurti Kosovo shimolida barrikadalar o‘rnatayotgan «noqonuniy serb tuzilmalari»ni tanqid qildi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel muzokaralar yakunida YeI davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatni hal qilishga urinishda davom etishini aytdi. «Men taslim bo‘lmayman. Biz yechim izlashimiz kerak», deb ta’kidladi Yevropa diplomatiyasi rahbari. Shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasidagi muzokaralar uzoq vaqt davomida to‘xtatilgan bo‘lsa-da, 2011 yildan beri davom etmoqda. Kosovo mustaqillikni tan olishdan tashqari, YeIga a’zo bo‘lishni xohlayapti.
Mavzuga oid
13:20 / 21.10.2024
Vuchich 2,5 yil ichida birinchi marta Putin bilan telefonda gaplashdi
22:30 / 02.08.2024
Shimoliy Makedoniyada Kosovo prezidenti bilan mojaroli vaziyat sodir bo‘ldi
08:50 / 17.07.2024
Kosovo ozodlik armiyasi sobiq qo‘mondoni 18 yilga qamaldi
08:20 / 02.01.2024