O‘zbekiston | 13:57 / 31.08.2022
10976
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ: O‘zbekiston energotizimining raqamli modeli va interaktiv xaritasi yaratildi

Foto: O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari

Mamlakatimizda mahsulotning alohida turi deya ta’riflanadigan elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj yildan yilga oshib borayotgani bugun hech kimga sir emas. Aholi sonining oshib borishi, turmush darajasining yuksalishi, yurtimizda ko‘plab yirik sanoat korxonalari, o‘rta va kichik biznes — tadbirkorlik jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgani energetika sohasida, xususan elektr energetika tarmog‘ida yirik investitsion loyihalar amalga oshirilishi uchun asos bo‘layotgani rost. Bu borada ko‘plab Prezident qarorlari qabul qilinib, Vazirlar Mahkamasining topshiriq va ko‘rsatmalari amaliyotga tatbiq etilmoqda.

2017–2021 yillar oralig‘ida elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonida (generatsiya), yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda podstansiyalarda bir qator modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj, ta’mirlash-sozlash ishlari olib borildi. Ammo bu ishlar hali o‘sib borayotgan ehtiyojni qondirish uchun kamlik qiladi.

Misol uchun, Energetika vazirligi e’tirof etishicha, birgina yuqori kuchlanishli podstansiyalarda joriy yilning 7 oyi mobaynida 591 MVA (megavolt amper) qo‘shimcha quvvat yaratildi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 84 ta 220–500 kV kuchlanishli podstansiyalarning qariyb yarmi hozirda investloyihalar hisobiga yangilanmoqda, ya’ni eski elektr uskuna va jihozlari o‘rniga yuqori quvvat o‘tkazishga qodir zamonaviy uskuna va jihozlar o‘rnatilmoqda. Xuddi shu kabi 11650 kilometr uzunlikka ega 110, 220 va 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari bosqichma-bosqich yangilanib bormoqda.

Shu o‘rinda bir haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, O‘zbekiston energotizimida yuqori suratdagi modernizatsiya jarayonlari amalga oshirilayotgan ekan, dastlab ularni loyihalashda yangi quvvatlar mavjud energetika tizimiga qanday ta’sir etishi o‘rganiladimi? Generatsiya jarayonining ishlab chiqarish hajmi oshishiga muvofiq tarzda yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlarni rivojlantirish uchun tizimli ishlar qilinmoqdami?

Foto: O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari

Albatta. Elektr energetika tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasi, ya’ni istiqboldagi rejalar, loyihalashtirish ishlari qurilish-montaj ishlaridan birmuncha avvalroq amalga oshirilishi avvaldan mavjud an’ana. Ammo o‘sish sur’atlari bu qadar jadal olib borilayotganida O‘zbekiston energetika tizimining raqamli modeli va interaktiv xaritasiga ehtiyoj sezilayotgan edi. Bugun aynan shu — “O‘zbekiston energotizimining sun’iy modeli” yaratildi.

Kuni kecha «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» majlislar zalida "UZASSYSTEM" QK MChJ tomonidan ishlab chiqilgan elektron dastur — «O‘zbekiston Respublikasi energotizimidagi elektr tarmoqlarining raqamli modeli va interaktiv xaritasi» loyihasining ishchi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.  Unda Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov, tegishli bo‘lim va boshqarma mutaxassislari, magistral elektr tarmoqlari filiallari xodimlari hamda loyihalashtiruvchi tashkilot vakillari ishtirok etishdi.

Taqdimotda ta’kidlandiki, qariyb bir yarim yil davomida yaratilgan mazkur raqamli dasturga elektr energetika tarmog‘ining 35, 110, 220, 500 kV kuchlanishli havo tarmoqlari hamda podstansiyalari haqidagi axborot kiritilgan bo‘lib, tizimdagi modernizatsiya amaliyoti, bir so‘z bilan aytganda, yangilanishlar dastavval ushbu dastur orqali tekshirib ko‘riladi va o‘zgarishlar O‘zbekiston energotizimiga qanday ta’sir etishi o‘rganiladi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “UZASSYSTEM” qo‘shma korxonasi tomonidan o‘tkazilgan taqdimotdan so‘ng mutaxassislar fikr-mulohazalari, takliflari o‘rganildi.

«O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisining taklifiga ko‘ra mazkur elektron dastur — O‘zbekiston energotizimining raqamli modeli va interaktiv xaritasi birmuncha takomillashtiriladi va davlat tiliga o‘giriladi. Shuningdek, Dadajon Aynaqulovich dasturdan foydalanish bo‘yicha Nizom ishlab chiqish, unga turdosh tashkilotlarga tegishli ma’lumotlarni kiritish tartibini aniqlash, Nizom loyihasini Energetika vazirligiga taqdim etish, istiqbolda elektron dasturdan samarali foydalanish maqsadida yosh kadrlarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish, xorij mamlakatlarida malaka oshirib kelishini tashkil etish, shu bilan birga, O‘zbekiston energotizimining raqamli modeli va interaktiv xaritasi rasmiy taqdimotini elektr energetika tarmog‘iga kiruvchi barcha tashkilot vakillari ishtirokida kengaytirilgan tartibda o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislarga topshiriq berdi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, taqdimot muhokamalarida aytilganidek, yangi dasturdan Energetika vazirligi tasarrufida yangidan tashkil etilgan “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi faoliyatida kengroq foydalaniladi.

Ulug‘bek Urunov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining matbuot kotibi —axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

Veb-sahifa: uzbekistonmet.uz

Facebook: fb.com/elektrtarmoq  

Instagram: www.instagram.com/uzbekistonmet.uz

Twitter: twitter.com/uzbekistonme

Utube: utube.uz/ru/users/7208

Youtube: www.youtube.com/channel/UC6cRpsasTIKnReaCXXqccdg

Telegram: http://t.me/uzmetaxborotxizmati

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid