O‘zbekiston | 14:58 / 27.10.2023
6196
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Markaziy Osiyo elektr energetika Muvofiqlashtiruvchi kengashining 40-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Foto: O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari

25-26 oktyabr kunlari “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan Markaziy Osiyo elektr energetika Muvofiqlashtiruvchi kengashining 40-yig‘ilishi hamda Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning 42-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, Muvofiqlashtiruvchi kengash – Markaziy Osiyo energetika tizimlarining hamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan kompleks foydalanishni ta’minlash, energetika sohasida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish bo‘yicha maslahat organi hisoblanadi.

Markaziy Osiyo elektr energetika Muvofiqlashtiruvchi kengashining navbatdagi raisi – “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Dadajon Aynaqulovich Isaqulov.

Elektr energetika sohasi rahbarlari yig‘ilishining kun tartibidan 2023 yilning vegetatsiya davrida suv resurslarini samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, energiya taqchilligi va yirik avariyalarning oldini olish, hamkorlikning istiqbolli rejalari, 2023 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari, yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar va ularning yechimlari, mintaqadagi milliy va xalqaro dispetcherlik markazlari mutaxassislarining malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish va tarmoq ish faoliyatiga raqamli texnologiyalarni tatbiq etishda o‘zaro kelishuv va hamkorlikni joriy etish kabi masalalari atroflicha tahlil qilinib, muhokama etildi.

Xalqaro tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston elektr energetika tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” DUK hamda “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etishdi. Rossiya Federatsiyasi mutaxassislari kuzatuvchi maqomida qatnashdi.

Tadbirga “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mezbonlik qildi.

Ishchi tartibdagi muhokamalarining bosh mavzusi – 2023 yil vegetatsiya, ya’ni qishloq xo‘jaligining sug‘orish mavsumida Markaziy Osiyoda mavjud suv resurslarini samarali boshqarish va undan oqilona foydalanish amaliyotining yakunlariga bag‘ishlandi. Eng dolzarb muhokamalar esa 2023/2024 yil kuz-qish mavsumini o‘zaro kelishuv va texnik-muhandislik bitimlariga muvofiq tarzda amalga oshirib, qish mavsumida elektr ta’minoti barqaror faoliyatini ta’minlashga qaratilgan kelishuvlar bo‘ldi.

Batafsil ma’lumotlar – “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining rasmiy saytida e’lon qilingan.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid