«Rossiyaliklar foydalana olmagan imkon». G‘arbda Gorbachyovning o‘limiga qanday reaksiya qilindi?
31 avgust kuni Moskvadagi Markaziy klinik shifoxonada SSSRning so‘nggi rahbari Mixail Gorbachyov olamdan o‘tdi. Shifoxonadagilarning xabar qilishicha, u uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan keyin seshanba kuni jon bergan.
Mixail Sergeyevich Gorbachyov KPSS markaziy qo‘mitasining so‘nggi bosh kotibi, shuningdek sovetlar ittifoqining birinchi va yagona prezidenti bo‘lgandi.
«Gorbachyov bizga ozodlik berdi»
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Mixail Gorbachyov tarix yo‘nalishini o‘zgartirgan va sovuq urushni tinch yo‘l bilan tugatish uchun hammadan ko‘proq xizmat qilgan noyob davlat arbobi bo‘lganini ta’kidladi.
«1990 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olganida u dunyo - bir xillik emasligi, balki xilma-xillikdagi birlik ekanini aytgandi. U bu muhim tushunchani muzokaralar, islohotlar, shaffoflik va qurolsizlantirish yo‘lida amaliyotga tatbiq etdi», deyiladi Antoniu Guterrishning bayonotida.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin chorshanba kuni Mixail Gorbachyovning yaqinlariga hamdardlik bildirib telegramma yubordi.
«Mixail Gorbachyov jahon tarixi rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan siyosatchi va davlat arbobi edi. U mamlakatimizni murakkab, dramatik o‘zgarishlar, keng ko‘lamli tashqi siyosat, iqtisodiy va ijtimoiy chaqiriqlar davrida boshqardi. Islohotlar zarurligini anglagan holda, dolzarb muammolarga o‘z yechimlarini taklif etishga intildi», deyiladi telegrammada. U Kreml saytida siyosatchining o‘limi haqidagi xabardan 12 soat o‘tib e’lon qilindi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Gorbachyovni «noyob yetakchi» deb atagan: «Bu noyob yetakchi — tasavvuri boy, boshqa kelajakning imkoni borligini ko‘rishga va unga erishish uchun jasurlik bilan o‘z karerasini xavf ostiga qo‘yishga qodir insonning intilishlari edi. Buning natijasida millionlab odamlar uchun yanada xavfsizroq dunyo va katta erkinlik yuzaga keldi».
Britaniya bosh vaziri Boris Jonson doim uning jasurligi va to‘g‘riso‘zligidan hayratlangani, uning bu xislatlari sovuq urush tinch yo‘l bilan tugashiga olib kelganini aytgan.
«Putinning Ukrainaga tajovuzi davrida uning sovet jamiyatini ochish yo‘lidagi sobitqadamligi bizning barchamiz uchun namuna bo‘lib qolmoqda», deya yozgan Jonson tvitterida.
Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen sovuq urushni tugatish, «temir parda»ni buzish va erkin Yevropaga yo‘l ochishda jonbozlik ko‘rsatgan ishonch va hurmatga sazovor rahbar sifatida Gorbachyovga hurmat bajo keltirdi.
«Uning xizmatlarini biz hech qachon unutmaymiz», deya qo‘shimcha qiladi u.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Gorbachyovning Yevropada tinchlik saqlanishi tarafdori bo‘lgani dunyoni o‘zgartirganini aytadi.
«Mixail Gorbachyovning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildiraman, uning tanlovi rossiyaliklar uchun erkinlikka yo‘l ochdi», deya yozgan Makron tvitterdagi sahifasida.
Germaniyalik siyosatchilar Mixail Gorbachyovning Berlin devori olib tashlanishi va Germaniya birlashishidagi o‘rnini e’tirof etishadi.
«Gorbachyovsiz Sharqiy blok mamlakatlarida, jumladan bizda ham inqiloblar tinch o‘tishini tasavvur etib bo‘lmasdi», degan Bundestag vitse-prezidenti Katrin Gyoring-Ekkard.
«Biz ko‘p narsa uchun undan minnatdormiz. U sovuq urush intihosini yaqinlashtirdi, Germaniyani birlashtirishga imkon yaratdi va o‘z mamlakatiga ham demokratik impuls berdi. Maslakdosh odam, uning ovozini sog‘inamiz», deya qayd etgan ta’lim vaziri Bettina Shtark-Vatsinger.
«Mixail Gorbachyov Yevropada temir parda qulab, sovuq urush yakunlanishi hamda Sharq va G‘arb yaqinlashuviga hammadan ko‘ra ko‘proq ta’sir ko‘rsatdi. Go‘ringda tinch yot», deya yozgan Avstriya kansleri Karl Nehammer tvitterida.
«Gorbachyov bizga erkinlik berdi. U Rossiya va uning atrofidagi yuz millionlab, shuningdek Yevropaning yarmiga erkinlik berdi. Rossiyada bizga sovg‘a qilingan bu buyuk imkoniyatdan qanday foydalanganimizga o‘zimiz javobgarmiz», deya munosabat bildirdi SSSRning sobiq prezidenti vafotiga rossiyalik siyosatchi, «Yabloko» partiyasi asoschisi Grigoriy Yavlinskiy.
Uning fikricha, tarixdagi kamdan kam rahbarlar o‘z davriga bunday hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatgan.
«Hokimiyatdagi olti yil ichida Mixail Gorbachyov dunyoni o‘zgartirdi», deya yozadi 1990 yilda RSFSR ministrlar kengashi raisi o‘rinbosari lavozimida bo‘lgan Yavlinskiy telegram-kanalida.
U Gorbachyovni sayyoraning istalgan mamlakatida xursandchilik bilan kutib olishga tayyor bo‘lishgani, ammo u o‘zini ko‘plar xushlamaydigan Rossiyada qolganini qayd etadi.
«Qo‘lida cheklanmagan hokimiyat bo‘lgan Gorbachyov o‘z mamlakatidan va o‘z xalqidan hech narsa o‘g‘irlamagan. Xayriya fondi uchun mablag‘ kerak bo‘lganida esa SSSR prezidenti reklamalarda suratga tushgan», deya eslaydi siyosatchi.
«Rossiyaliklar foydalana olmagan imkon»
Chorshanba kuni dunyoning ko‘plab nashrlari o‘z muqovalarida Mixail Gorbachyovning portretlari bilan chiqish qildi va tahririyat sharhlarida uning xizmatlarini e’tirof etdi.
Uning hayoti va shaxsiyatidagi u yoki bu jihatlarni turlicha tasvirlagan sharhlovchilarning deyarli barchasi bitta xulosaga keladi: Gorbachyov dunyo bo‘ylab chuqur hurmat qozongan va XX asrning so‘nggi choragida jahon siyosatidagi muhim shaxsga aylangan, ammo uning ketishidan keyin barpo etilgan yangi Rossiyada ko‘plar uni SSSR parchalanishi hamda uning ortidan iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi va mamlakatning ulug‘vorligi yo‘qqa chiqishida ayblashadi.
Britaniyadagi Times nashri Gorbachyov o‘ta avtoritar va repressiv tuzum plyuralizim va demokratlashtirish tendensiyalari kuchayib borayotgan ma’rifatli tizimga aylanishida hal qiluvchi rolni o‘ynagani haqida yozadi. U mahbuslarni ozodlikka chiqargan va dissidentlarni reabilitatsiya qilgan, so‘z erkinligi, yig‘ilishlar va diniy erkinliklarni ta’minlagan hamda fuqarolik jamiyati rivojlanishiga imkon bergan.
Shunga qaramay, vatanida uni keyinchalik SSSR qulashiga olib kelgan iqtisodiyotdagi kollaps va xaosda, qiyinchilik bilan egallangan hududlar boy berilishi hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi qulashida ayblashadi.
Gorbachyov qat’iy kommunistlikdan islohotchi kommunistlikka va demokrat-sotsialistlikka qadar aql bovar qilmas yo‘lni bosib o‘tdi. Va u hokimiyatda qancha uzoq qolsa, shuncha radikal bo‘ldi.
Ammo u o‘zi boshlab bergan elektoral siyosatdan hech qanday naf ko‘rmadi. 1996 yilda, sovetlar ittifoqi qulaganidan besh yil o‘tib u Rossiya prezidentligi uchun kurashib ko‘rdi, ammo saylovchilarning 1 foizdan ortiq ovozini ololmadi - bu XX asrning muhim va katta ta’sirga ega davlat arboblaridan biri uchun qayg‘uli epitafiya (qabrtoshiga bitilgan yozuv) edi.
U G‘arb bilan biznes yuritishi mumkin bo‘lgan halol broker sifatida shuhrat qozondi. Uning merosi qancha vaqt saqlanib qolgani esa boshqa masala. Putin davrida Rossiya yana totalitarizmga qaytdi - o‘z navbatida o‘ttiz yil muqaddam Gorbachyov joriy etgan so‘z erkinligi ham allaqachon so‘nib borayotgan xotiraga aylandi, deya xulosa qiladi Times.
Gorbachyovni o‘tgan asrning so‘nggi choragidagi eng muhim figura deb atagan Guardian nashri u Yevropa qit’asida Sharq va G‘arb o‘rtasida 40 yil davom etgan qarama-qarshilikka deyarli hech qanday qiyinchiliksiz chek qo‘ygani va dunyoni yadroviy portlash xavfidan qutqarib qolganini tasvirlaydi.
Gazeta u 1985 yil martida Kommunistik partiya bosh kotibligiga saylanganida o‘z oldiga bu kabi maqsad qo‘ymaganini qayd etadi. U sovuq urush qanday yakunlanishini, KPSS so‘nggi nafasini chiqarishini, sovet qo‘shinlari Sharqiy Yevropadan chiqib ketishi, Germaniya yana birlashishi, sovetlar ittifoqining o‘zi esa bo‘linib ketishini oldindan ko‘rmagan va bunday bo‘lishini rejalashtirmagandi.
Gorbachyovning oldingi sovet rahbarlaridan farqi shundaki, u islohotlar jarayonini boshlagach, barchasi nazorat ostidan chiqib ketish xavfi tug‘ilganida uni ortga qaytarishga urinmagan. Ajoyib tashkilotchi sifatida u boshlagan ishini hokimiyati asta-sekin tamom bo‘lib, o‘zi iste’foga chiqqunicha munosib davom ettirdi.
Mixail Gorbachyov paradoksal sovet yetakchisi bo‘lib chiqdi, dunyoga aynan shundayi kerak edi, deb yozadi Amerikaning Wall Street Journal nashri. U bu lavozimga kelganida deyarli mutlaq hokimiyatga egalik qilgan, ammo bu hokimiyatga putur yetkazadigan islohotlarni amalga oshirgan. U Kompartiya saflarida tarbiyalangan, ammo uning rahbarligida bu rejim barham topdi. Uning ulkan yutug‘i shunda ediki, u sovuq urush harbiy harakatlarsiz yoki dunyo o‘nlab yillar mobaynida qo‘rqib kelgan yanada yomonroq «yong‘in»siz tugashiga imkon berdi.
Ko‘plab rossiyaliklar, ayniqsa Putin Gorbachyovni imperiyaning halokatida ayblaydi.
Vladimir Putin rus millatchiligini qo‘zg‘atib, harbiy kuch qo‘llagan holda Buyuk Rossiyani tiklashga intilmoqda. Ammo u Rossiyani rivojlangan birinchi dunyo mamlakatiga aylantira olmadi. Va u ilk sovet rahbarlarining beshafqat uslublarida harakatlanganiga qaramay Ukrainani bo‘ysundira olmadi.
Gorbachyov rossiyaliklarga yaxshiroq kelajak yaratish imkonini bergandi. Ulkan fojia shundaki, ular buni uddalay olishmadi.
Muvaffaqiyatsizlik - ammo to‘g‘ri sabablarga ko‘ra
U tomonidan boshlangan qayta qurish u istagan maqsadga (demokratik, insonparvar sotsializm qurish) erisha olmadi - balki bu maqsad noo‘rin joyda qilingan utopiya bo‘lgani uchundir, deya yozadi Economist. Zamonaviy Rossiya elitasi uchun u agar xoin bo‘lmasa, tentaksimon odamdir: uni sovetlar ittifoqi parchalanishiga shunchaki, hech qanday pul ishlab olmasdan yo‘l qo‘yib bergan ahmoq odam deb hisoblashadi. Uning qo‘lida hokimiyat, hashamatli hayot va yuz millionlab odamlar taqdiri turardi - u esa 1991 yil 25 dekabrida sovet ittifoqi prezidenti lavozimidan ketganida barchasidan voz kechdi.
U sovetlar ittifoqi uchun yakun bunday bo‘lishini xohlamagan. Sovuq urushni yakunlab, XX asr tarixida burilish yasagan bu inson dissident ham, inqilobchi ham emasdi. U sovetlar ittifoqini parchalamoqchi emas, balki isloh qilmoqchi edi. Ammo u zo‘ravonlikdan nafratlanishi va ma’rifatga bo‘lgan e’tiqodi qatag‘on va yolg‘onlar asosidagi tuzumga chek qo‘yilishi uchun yetarli bo‘ldi.
Aynan shunday his-tuyg‘ular va insoniy instinktlar oradan yillar o‘tib Ronald Reygan Gorbachyovda nafaqat markschi-leninchi, balki o‘zi bilan ko‘plab umumiyliklarga ega inson qiyofasini ko‘rishiga imkon beradi. Ularning ikkisi ham kichik fermer xo‘jaliklarida ish boshlagan, ikkisi ham vijdon bilan hisoblashgan, ikkisi ham urushdan keyingi yillarning optimizmi va ishonchini o‘zida mujassam etgan.
Sovuq urush tugashiga ham ana shu yaqinlik, shuningdek sovet iqtisodiyotining bardosh bera olmagani sabab bo‘ldi. Supererjava maqomidan ko‘ra o‘z vatandoshlari uchun yaxshiroq yashash sharoitlari haqida qayg‘urgan Gorbachyov qurollanish poygasini davom ettirishdan ma’no ko‘rmadi.
Aksar o‘tmishdoshlaridan farqli o‘laroq, lavozimdan ketish uning hayotining oxiri emasdi. Va u o‘zidan keyingilardan farqli o‘laroq, qo‘rqadigan, yashiradigan hech narsasi yo‘q edi. Iste’fodan keyingi ilk yillarda u pul ishlash uchun Pizza Hut reklamasida suratga tushdi. Rossiyaning bugungi elitasi o‘lchovlariga ko‘ra u bechorahol odam hisoblanadi. Uning 1990 yil olgan tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotidan kelgan pullar «Novaya gazeta»ni tashkil etish uchun sarflangandi, deya eslatadi Economist.
Albatta, Gorbachyov muvaffaqiyatsizlikka uchradi, deya yozadi Spectator jurnali sharhlovchisi Mark Galeotti. Aftidan, kommunistik partiyaga samimiy ishongan bu inson hokimiyatga uni va sovetlar ittifoqini qayta jonlantirish umidida kelgan. Buning o‘rniga esa u isloh bo‘lishni istamagan yoki bunga qodir bo‘lmagan institutlarni isloh qilishga urinib, ikkisini ham barbod qildi.
U shuningdek, 1990-1991 yillar qishida, mamlakati boshiga tushgan xaosdan umidsiz holga tushib, qat’iy liniya tarafdorlari bilan vaqtincha ittifoq tuzganida bu yo‘lda qat’iy davom eta olmagandi. Ular qatag‘onni ham nazarda tutuvchi Pinochet uslubida tartib va iqtisodiy islohotlarni va’da qilishgandi. Gorbachyov Boltiq bo‘yi davlatlarining mustaqillik uchun tinch harakatlarini bostirishga qo‘shin yuboradi.
Natija samarasiz bo‘lishi oldindan ko‘rinib turardi. Ammo o‘sha sharoitda vaziyat ko‘p qon to‘kilmay hal bo‘lgani hayratlanarli. U Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqdi, sovetlar ittifoqining Yevropani ham o‘z ichiga olgan imperiyasi bilan xayrlashdi va oxir-oqibat SSSRning mavjudligiga yakun yasadi. Imperiyalar bunday tinch yo‘l bilan yo‘q bo‘lishi doim ham ro‘y beravermaydi.
Shunday ekan, bu muvaffaqiyatsizlik edi, ammo bu to‘g‘ri sabablarga ko‘ra ro‘y berdi. Gorbachyovning eng katta boyligi uning muvaffaqiyatsizliklarga bardosh berishi va ulardan saboq chiqarishi edi. Boshqa yetakchilardan farqli o‘laroq, u vaqt o‘tib o‘sib boradi. U hokimiyatga tizim kichik modernizatsiya va yengil rebrendingga muhtoj, partiya uning eng katta ittifoqchisi va quroli degan ishonch bilan kelgandi, yakunda esa partiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq ekaniga ishonchi komil bo‘ldi.
Gorbachyov murakkab figura edi. Partiyaning korrupsiyaga botgan tuzilmalari ichida bo‘lgan islohotchi; baribir qo‘li qonga belangan tinchlikparvar; yangi reallikka bo‘ysunishga va hokimiyatdan voz kechishga tayyor bo‘lgan shafqatsiz siyosatchi. U sovet rahbari sifatida muvaffaqiyatsizlikka uchradi, ammo bu uni qaysidir ma’noda ancha yaxshi odamga aylantirdi, deya xulosa qiladi Galeotti.
Mavzuga oid
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024
Bir jinoyat tarixi: qotillik qurboni bo‘lgan 72 yoshli aktrisa
15:11 / 13.10.2024