O‘zbekistonda sodir bo‘lgan aviahalokatlar: Samarqand yaqinida Il-18 samolyoti nega qulab tushgandi?
1970 yilda O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasining Toshkent otryadiga qarashli Il-18 yo‘lovchi samolyoti Samarqand shahri yaqinida halokatga uchraydi. Oqibatda, uning bortida bo‘lgan 106 kishidan qariyb 100 nafari halok bo‘ladi.
SSSR fuqaro aviatsiyasi tarixida yuz bergan 150 dan oshiq aviahalokatlarning yigirmaga yaqini O‘zbekiston hududida sodir bo‘lgan.
Jumladan, 1989 yilda Navoiy viloyati hududida Tu-254 qulab tushgan va 200 kishi halok bo‘lgan. Bu sobiq ittifoqda sodir bo‘lgan eng yirik aviahalokat hisoblanadi.
1970 yilda Samarqand shahri yaqinida Il-18 samolyoti bilan sodir bo‘lgan hodisa ham yirik aviahalokatlardan biri bo‘lgan – unda 92 kishi halok bo‘lgan. O‘shanda halokatga aeroport va samolyotdagi uskunalarning eskirgani hamda dispetcher va uchuvchilarning xatosi sabab bo‘lgan deb topiladi.
Il-18 samolyotlarining tarixi
Il-18 samolyoti Sergey Ilyushin boshchiligidagi konstruktorlik byurosi tomonidan 1950-yillarda yasab chiqilgan. Il-18ning ilk sinov parvozi 1957 yilda o‘tkazilgan. Mazkur samolyotlar 1958 yildan 1978 yilgacha seriyali tarzda ishlab chiqarilgan.
Il-18 samolyotlaridan yo‘lovchi va yuklarni tashishda hamda harbiy sohada foydalanishgan. Uning turli modifikatsiyalari 73 nafardan 111 nafargacha yo‘lovchi o‘rniga ega bo‘lgan.
Bu samolyotlar o‘rtacha soatiga 625-650 kilometr tezlikda parvoz qilgan. Ularga turbovintli to‘rtta dvigatel o‘rnatilgan. Il-18 samolyotlarida modifikatsiyalariga qarab 5 nafardan 10 nafargacha ekipaj a’zolari bo‘lgan.
O‘tgan asrning 60-yillarida Il-18 fuqaro aviatsiyasida xizmat qilgan eng yaxshi samolyotlardan biri bo‘lgan. U 1958-59-yillarda uzoq masofaga uchish, balandlikka ko‘tarilish va yuk ko‘tarish bo‘yicha 20 dan ortiq jahon rekordini o‘rnatgan.
Keyinchalik, fuqaro aviatsiyasi taraqqiy etib, boshqa turdagi mukammalroq samolyotlar ishlab chiqarila boshlagach, Il-18 o‘z o‘rnini ularga bo‘shatib beradi.
Il-18 samolyotlaridan jami 527 dona ishlab chiqarilgan. Ularning bir qismi xorij davlatlariga ham sotilgan. Bugungi kunda ham bir nechta davlatlarda Il-18 samolyotlaridan turli maqsadlarda foydalanib kelishmoqda.
Il-18 samolyoti bilan ham ko‘plab aviahalokatlar sodir bo‘lgan. Aviation Safety Network ma’lumotlariga ko‘ra, ilk parvozni boshlagan vaqtidan 2019 yilgacha 100 dan ortiq Il-18 samolyotlari halokatga uchragan. Ularda jami 2 501 kishi halok bo‘lgan.
Halokat
1970 yil 6 fevral kuni Samarqand yaqinida halokatga uchragan Il-18 1962 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘sha yili «Aeroflot» tarkibidagi O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi ixtiyoriga berilgan.
Samolyot halokatga uchragan kungacha 4 968 ta uchish-qo‘nishni amalga oshirgan, 12 885 soat parvoz qilgandi. Ushbu samolyot Toshkent-Samarqand yo‘nalishida doimiy parvozlarni amalga oshirgan.
Garchi samolyot bortida 89 nafar yo‘lovchi o‘rni bo‘lsa-da, o‘sha kuni unda 98 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ulardan 90 nafari yoshi kattalar, 8 nafari yosh bolalar bo‘lgan.
1970 yil 6 fevral kuni havo bulutli, Il-18 uchishi kerak bo‘lgan balandlikda shamol tezligi sekundiga 60 metr bo‘lgan. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 14:11 da Toshkentdan havoga ko‘tarilib, 5 100 metr balandlikda Samarqandga yaqinlashguncha to‘liq bulutlar orasidan uchib o‘tgan.
Jizzax shahri tepasidan uchib o‘tishayotganda uchuvchilar Samarqand aeroportidagi dispetcherlar bilan bog‘lanishadi va ulardan vaziyatni so‘rashadi. O‘shanda Samarqand aeroportigacha 93 kilometr qolgandi.
Dispetcherlar uchuvchilarga tezlikni pasaytirish va 2 700 metrgacha pastlashni buyurishadi. Soat 14:35 da dispetcher uchuvchilarga kursni 272 darajada ushlash kerakligini buyuradi. Ammo oradan bir daqiqa o‘tib kuchli shamol esayotgani va kursni 92 darajada ushlash kerakligini aytadi.
Soat 14:37 da uchuvchilar dispetcherga Samarqand aeroportidan 53 kilometr uzoqlikda, dengiz sathidan 2 700 metr balandlikda parvoz qilayotganlari haqida hisobot berishadi. O‘sha paytda samolyotning tezligi soatiga 410 kilometr bo‘lgan.
Soat 14:39 da dispetcher uchuvchilarga aeroportgacha 48 kilometr qolganini, samolyotni yana pastlatishni buyuradi. O‘shanda ko‘rish masofasi 5 ming metr, yer sathida havo harorati +5 daraja issiq bo‘lgan.
Oradan bir minut o‘tib dispetcher yanglishib, aeroportgacha bo‘lgan masofa 31 kilometr qolganini aytadi. Bu paytda hali Samarqandgacha 41 kilometr bor edi.
Uchuvchilar dispetcherning buyrug‘ini bajarib, 1 500 metrgacha pastlashadi va tezlikni ham kamaytirishadi. O‘shanda ular samolyot 1 daqiqa ichida 17 kilometrni uchib o‘ta olmasligini o‘ylab ham ko‘rishmaydi.
Ana shu paytda dengiz sathidan 1 500 metr balandlikda, bulutlar orasidan soatiga 380 kilometr tezlikda uchayotgan samolyot qor bilan qoplangan tog‘ nishabligiga uriladi.
Qattiq zarba tufayli samolyot fyuzelyaji besh bo‘lakka bo‘linib ketadi. Oqibatda, ikkinchi uchuvchi va yana 13 nafar yo‘lovchi tan jarohatlari olishadi. 85 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zosi, shu jumladan 7 nafar yosh bola hodisa yuz bergan paytda halok bo‘ladi.
Hodisa yuzasidan surishtiruvlar
Halokat sabablarini o‘rganish chog‘ida Samarqand aeroportidagi dispetcherning xato qilgani aniqlanadi. Keyinchalik, aslida samolyotga o‘rnatilgan radiolokatorlar bulutli ob-havo sharoitida, qor aralash yomg‘ir yog‘ib turganda yaxshi ishlamagani va oqibatda, dispetcherga samolyotning parvoz qilayotgan joyi haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar borgani oydinlashadi.
Shuningdek, Samarqand aeroportidagi dispetcherlik xizmati foydalanib kelgan uskunalar ham eskirib ketgani, ular oraliq masofalarni o‘lchashda xatoliklarga yo‘l qo‘yish bilan birga, dispetcher va uchuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qiyinlashtirgani ham ma’lum bo‘ladi.
Hodisani o‘rgangan komissiya halokatga samolyotdagi radiolokatorlar va aeroportdagi uskunalarning noto‘g‘ri ishlagani sabab bo‘lgan degan xulosaga keladi.
Shuningdek, yakuniy xulosada uchuvchilar orasida parvoz intizomining pastligi, tarbiyaviy ishlarda kamchiliklar borligi tufayli ular doimiy ravishda parvoz qoidalarini muntazam buzib kelgani ma’lum qilinadi.
Jumladan, o‘sha kuni Samarqand aeroportidagi dispetcherning 1 daqiqada oraliq masofani 48 kilometrdan 31 kilometrgacha qisqartirib aytganiga ekipaj komandiri e’tiborsizlik qilgani, bu vaqt oralig‘ida 17 kilometr masofani uchib o‘tib bo‘lmasligini u inobatga olmagani qayd etiladi.
Shuningdek, mamlakatning boshqa hududlaridan Samarqandga Il-18 samolyotida parvoz qilgan uchuvchilar aynan Jizzax va Samarqand viloyatlari orasidagi tog‘li hududda parvoz qoidalarini buzgan holda belgilanganidan pastroq uchgani aniqlanadi.
Bundan tashqari, Toshkent aeroportidagi aviatsiya meteorologiya stansiyasi mutaxassisi Il-18 ekipaji meteorologik tayyorgarlikdan o‘tdi, deb hujjat to‘ldirgani, aslida esa uchuvchilar sinovdan o‘tmagani oydinlashadi.
Shundan so‘ng qoidalarni buzgan ko‘plab uchuvchilar va dispetcherlar jazolanadi va parvoz intizomiga qattiq e’tibor berila boshlanadi. O‘zbekistondagi aeroportlardagi dispetcherlik xizmati uskunalari hamda samolyotlardagi radiolokatorlar yangilanadi.
Bundan tashqari, uchuvchilarni tayyorlash maktablarida ularni meteorologiya bo‘yicha ham o‘qita boshlashadi. Uchuvchilarning malakasini oshirish ishlarida ham nazorat kuchaytiriladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
11:56 / 02.11.2024