O‘zbekiston | 08:42 / 26.09.2022
2621
2 daqiqa o‘qiladi

Reeksport tovarlari uchun ayrim import deklaratsiyalarini taqdim etish bekor qilindi 

Reeksport qilingan tovarlar uchun reeksport qilingan mamlakatda rasmiylashtirilgan import deklaratsiyasini taqdim etish amaliyoti bekor qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari v.b. Husan Tangriyev ma’lum qildi.

Husan Tangriyev

Qayd etilishicha, bojxona qiymatini aniqlashning bitim qiymatiga oid usul, ya’ni birinchi usul bo‘yicha O‘zbekistonga reeksport qilingan tovarlar uchun reeksport qilingan mamlakatda rasmiylashtirilgan import deklaratsiyasini taqdim etish amaliyoti bekor qilindi.

Xavflarni boshqarish tizimida bojxona yuk deklaratsiyasi “sariq” va “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilganida qo‘shimcha so‘rab olinadigan hujjatlar muntazam tarzda so‘rab olinmaydi.

Endilikda qo‘shimcha hujjatlar tovar bojxona qiymati oxirgi 90 kalendar kun ichida 1-usulda rasmiylashtirilgan xuddi shunday tovar bojxona qiymatidan past bo‘lsa, so‘rab olinishi mumkin. Agar 90 kun ichida bunday ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, 180 kunlik muddat bo‘yicha solishtirilishi mumkin.

Endilikda bojxona qiymatini belgilash uchun asos sifatida foydalanilayotgan bojxona yuk deklaratsiyasi ro‘yxat raqamini bojxona qiymati deklaratsiyasida ko‘rsatishning o‘zi yetarli. Bojxona xodimi bojxona organlari axborot tizimida yaratilgan imkoniyat orqali deklaratsiya tartib raqamidan foydalangan holda barcha zarur hujjatlarni mustaqil tekshirishi mumkin.

Mavzuga oid