Jahon | 09:01 / 03.10.2022
5240
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Konstitutsiyaviy sudi Ukraina oblastlarini annexia qilish haqidagi shartnomalarni tan oldi

Sud tomonidan ma’qullanishi - Ukraina hududlarini Rossiya tomonidan rasman annexia qilish tartibidagi qadamlardan biridir.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Konstitutsiyaviy sudi 30 sentabr kuni Kremlda imzolangan Ukrainaning bosib olingan oblastlarini «Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qabul qilish» to‘g‘risidagi shartnomalarni ma’qulladi. Bu haqda 2 oktyabr, yakshanba kuni sud saytida xabar berildi.

Shunday qilib, Konstitutsiyaviy sud Ukrainaning Zaporijjya va Xerson oblastlari, shuningdek, «DXR» va «LXR»ni Rossiya qonunlariga muvofiq «Rossiyaga qabul qilish to‘g‘risidagi shartnomalar»ni ko‘rib chiqdi.

Sud tomonidan ma’qullanishi - Ukraina hududlarini Rossiya tomonidan annexia qilish bo‘yicha rasmiy tartibdagi qadamlardan biri. Endi Rossiya prezidenti Vladimir Putin shartnomalarni ratifikatsiya qilish uchun Davlat dumasiga yuborishi va shu bilan birga «yangi hududlarni qabul qilish» to‘g‘risidagi federal konstitutsiyaviy qonunni kiritishi kerak bo‘ladi.

Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin parlament qonun loyihalarini 3 oktyabr, dushanba kuni ko‘rib chiqishini aytdi. Federatsiya kengashi bu masalani 4 oktyabrda ko‘rib chiqishi mumkin, dedi palata spikeri Valentina Matviyenko.

30 sentabr kuni Kremlda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR», «LXR» hamda bosib olingan Xerson va Zaporijjya oblastlarining Rossiyaga «kirish to‘g‘risidagi shartnomalari» imzolandi. Ulardan oldin bosib olingan hududlarda psevdoreferendumlar o‘tkazildi.

Shu bilan birga, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ta’kidlaganidek, «Ukrainaning Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarini annexia qilishga urinayotgan Putin, hatto u yerdagi jismonan nazorat ham qilmaydigan hududlarni tortib olishga urinmoqda».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina endi Putin bilan muzokaralar olib bormasligini, chunki u bilan «teng, halol va adolatli sharoitlarda birga yashash» haqida kelishib bo‘lmasligini aytdi. «Shuning uchun biz Rossiya bilan muloqotga tayyormiz, lekin boshqa prezident bilan», - dedi u.

AQSh, Yevropa ittifoqi va NATO davlatlari «referendumlar» natijalarini hech qachon tan olmasligini bir necha bor ta’kidladi. Birlashgan millatlar tashkiloti Xavfsizlik kengashida Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlari statusidagi hech qanday o‘zgarishlarni tan olmaslikka chaqiruvchi rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berish chog‘ida hujjat 10 davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xitoy, Gabon, Hindiston va Braziliya betaraf qoldi, Rossiya rezolyutsiyaga veto qo‘ydi.

Mavzuga oid