“UzCharmExpo-2022” ko‘p yillik tajriba va muvaffaqiyatli biznes yutuqlari jamlangan manzil
“O‘zekspomarkaz” MKMda “UzCharmExpo-2022” charm, poyabzal, attorlik, mo‘yna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar 13-Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mazkur nufuzli forum tashkilotchilaridir.
Yilda ikki marta - bahor va kuzda o‘tkaziladigan mazkur ko‘rgazma o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama aloqalarni o‘rnatish, ishbilarmonlik portfelini yangi biznes loyihalar bilan boyitishda samarali maydon sanaladi.
“UzCharmExpo-2022” Markaziy Osiyodagi charm-poyabzal va mo‘yna sanoatining eng yirik ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasidir. 13-xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etish maqsadida 450 ga yaqin mahalliy va 20 dan ortiq xorijiy davlatlarning 70 dan ortiq kompaniyalari 5 000 ga yaqin mahsulot namunalari bilan ishtirok etishmoqda. Shuningdek, 2 500 yaqin mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari ko‘rgazmaga tashrif buyurish maqsadida ro‘yxatdan o‘tdi. Anjuman nafaqat O‘zbekiston hududlardagi ishlab chiqarish salohiyatini namoyish qiladi. Balki, ko‘plab mamlakatlarning soha mutaxassislari uchun muloqot maydoniga aylanmoqda.
Joriy yilgi anjuman ishtirokchilari geografiyasiga nazar tashlasak, unda Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Hindiston,Turkiya, Ispaniya, Vengriya, Rossiya, Belorus, Polsha, Latviya Xitoy kabi ko‘plab charm-poyabzal sanoati rivojlangan davlatlarning korxonalari va brendlarini ko‘rish mumkin. Faxriy mehmonlar orasida Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi, Xalqaro mo‘yna federatsiyasi, qator davlatlarning milliy uyushmalari, charm ishlab chiqaruvchilar, poyabzal va mo‘ynachilik kengashlari va tadbirkorlarni uchratasiz.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi charm, poyabzal, charm-attorlik, mo‘yna va qorako‘l mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar, tashqi savdo vakolatxonalari va moda uylari bilan hamkorlikni kengaytirish orqali 2022 yilda eksport hajmini 500 mln dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 118,8 foizga ko‘pdir. Mahsulotlar eksporti dunyoning 42 dan ortiq mamlakatlarida amalga oshiriladi.
Soha rivoji uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarni inobatga olgan holda 2022 yil oxirigacha mamlakatimiz charm-poyabzal sohasida 120 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, bunda 50 ta yangi korxona tashkil etish, 70 ta korxonani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Sohaga jalb qilingan investitsiyalarning umumiy hajmi 176 million AQSh dollarini tashkil etib, o‘n mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Shuningdek yangi ish o‘rinlariga mamlakatimiz Oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini joylashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilishi ko‘zda tutilgan.
Mahalliy charm, poyabzal, jun va mo‘yna sanoatining eng faol takliflari uch kunlik ko‘rgazma “UzCharmExpo 2022” stendlarida taqdim etilmoqda. Shuningdek, yosh dizaynerlarning modalar kolleksiyasi namoyish etildi.
“UzCharmExpo-2022” nafaqat kompaniyalarning salohiyati, mahsulot assortimenti va sohadagi innovatsiyalar bilan tanishish imkoniyati, balki, B2B va G2B muzokaralari uchun samarali platformadir. Ko‘rgazma doirasida biznes-muloqotlar va taqdimotlar bo‘lib o‘tmoqda.
“UzCharmExpo-2022” xalqaro ko‘rgazmasi 14 oktyabrga qadar davom etadi.