Hokimiyatdagi 45 kun. Trassning iste’fosiga nimalar sabab bo‘ldi?
20 oktyabr kuni Buyuk Britaniya tarixidagi uchinchi ayol bosh vazir (Margaret Tetcher va Tereza Meydan keyingi) Liz Trass 45 kunlik bosh boshqaruvdan so‘ng iste’foga chiqishini e’lon qildi. Trass sobiq bosh vazir, Boris Jonson atrofida yuz bergan siyosiy mojarodan so‘ng hokimiyatga kelgan edi. Qisqa muddatli boshqaruviga qaramay, ko‘pchilik mutaxassislar uni Britaniya tarixidagi eng omadsiz bosh vazirlaridan biri deb atamoqda. Uning tezkor iste’fosiga nimalar sabab bo‘ldi?
Hokimiyatga yo‘l
Bosh vazir lavozimini egallagunga qadar nafaqat Buyuk Britaniyada, balki xorijda ham taniqli siyosatchilardan biri hisoblangan Boris Jonsondan farqli o‘laroq, Trass 2012 yildan beri yuqori davlat lavozimlarida ishlaganiga qaramay, hatto Britaniyada ham unchalik mashhur emasdi.
2022 yilgacha siyosatdan uzoq odamlar Trassning faqat 2014 yildagi partiya konferensiyasida so‘zlagan ma’ruzasini eslashi mumkin. O‘shanda u partiyadoshlariga Britaniya mamlakatda iste’mol qilinadigan pishloqning uchdan ikki qismini import qilishi kerakligi haqida xabar berib, qayg‘uli ifoda bilan shunday degandi: «This. Is. A. Disgrace (Bu. Naqadar. Sharmandalik)». Qisqa vaqt ichida bu ibora memga aylanib ketgandi.
Bo‘lajak bosh vazir xonimning siyosiy karerasi haqiqatan ham bosh aylanadigan darajada omadli bo‘lib chiqadi.
Meri Elizabet Trass talabalik chog‘ida siyosatga qiziqib, o‘zi tahsil olgan Oksford universitetining Liberal-demokratlar klubiga qo‘shiladi. Ammo o‘qish tugashi bilanoq u bugungi kunda o‘zi rahbarlik qilayotgan Konservativ partiyaga o‘tadi.
2001 yilda Oksford bitiruvchisi Shell and Cable & Wireless kompaniyasiga hisobchi bo‘lib ishga kiradi va parlament saylovlarida o‘z omadini sinab ko‘radi. Dastlab Hemsvort, keyin esa Kalder-Valli okrugidan o‘z nomzodini qo‘yadi, biroq ikkala urinish ham muvaffaqiyatsiz tugaydi. Shunday bo‘lsa-da Trass siyosiy ambitsiyalarini yo‘qotmaydi.
U siyosatga boshqacha yo‘l bilan kirishga qaror qildi: bir pog‘ona pastga tushadi va 2006 yilda Londonning Grinvich tumani kengashiga muvaffaqiyatli saylandi. Trass 2010 yilda konservatorlar yetakchisi va bosh vazir Devid Kemeron jamoasiga qo‘shiladi hamda parlamentga kirishga muvaffaq bo‘ladi.
Trass hukumatda 2012 yildan beri ishlab keladi. Ushbu o‘n yillikda u ko‘plab muhim davlat lavozimlarida ishladi va hech qaysisida ko‘p vaqt qolmadi. 2016-2017 yillarda sobiq bosh vazir Tereza Mey davrida u adliya vaziriga aylandi va Buyuk Britaniya tarixida bu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi.
Trassning bu davrdagi mashhurligi Angliya Oliy sudi atrofidagi janjallar bilan bog‘liq. 2016 yil oxirida, mamlakatda Brexit (Buyuk Britaniyaning Yevropa ittifoqidan chiqishi) keng muhokama qilinayotgan paytda, Angliya va Uels Oliy sudi Buyuk Britaniya hukumati faqatgina iyun oyi referendumi natijalariga asoslanib, Yevropa Ittifoqidan chiqish jarayonini boshlay olmaydi, degan qarorga keldi (bu referendumda britaniyaliklar kichik ustunlik bilan Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun ovoz beradi). Oliy sud parlament ham Brexit’ga o‘z roziligini berishi kerak deya xulosa qiladi.
Shundan so‘ng The Daily Mail gazetasi Oliy sud sudyalarini «xalq dushmani» deb atadi. Professional yuristlar hamjamiyati bundan g‘azablandi va Adliya vaziridan bu bayonotni qoralashni talab qildi, ammo Trass «brekzitchilar» bilan munosabatlari buzilishidan qo‘rqib yoki boshqa sabab bilan javob berishni paysalga soladi.
Oxir-oqibat u juda ehtiyotkorlik bilan bayonot beradi, ammo uning bu nutqi huquqshunoslar va Brexit muxolifatchilari undan yanada ko‘proq g‘azablanishiga sabab bo‘ladi.
2019 yilgi umumiy saylovlarda konservatorlar g‘alaba qozonganidan so‘ng, o‘sha paytdagi yangi bosh vazir Boris Jonson Trassni Xalqaro savdo kotibi etib tayinladi. 2021 yil sentabridan 2022 yil sentabrigacha esa u Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligini boshqardi va Ukrainadagi urush boshlanishidan bir necha hafta oldin Rossiyaga bordi.
Trassning Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Lavrov bilan uchrashuvda Donetsk va Luhanskni Rostov va Voronej bilan adashtirib yuborishi keng tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Aksariyat bosh vazirlardan farqli o‘laroq, Trass mamlakatdagi eng yuqori siyosiy lavozimni umumiy parlament saylovlari natijalariga ko‘ra emas, balki partiya ichidagi ovoz berish natijalari orqali qo‘lga kiritdi. Unda bor-yo‘g‘i 140 mingga yaqin partiya a’zosi qatnashdi – bu britaniyalik saylovchilar umumiy sonining 1 foizdan kamrog‘ini tashkil etadi.
Bu saylov bosh vazir va Konservativ partiya yetakchisi Boris Jonson 2022 yil iyul oyida bir qator siyosiy mojarolardan keyin jamoatchilik bosimiga dosh bera olmay, iste’foga chiqqani sabab tashkil etildi. Parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil qilgan Konservativ partiya zudlik bilan yangi yetakchini saylashi kerak edi.
Trassning asosiy raqibi sobiq moliya vaziri Rishi Sunak edi. Ular asosan iqtisod borasida bahslashuvlar o‘tkazdi. Sunak «enaga davlat», Trass «reyganomika» g‘oyasi tarafdori edi va oxir-oqibat konservatorlar sotsialistik g‘oyalarga ishonmadi. Natijada Liz Trass xonim Buyuk Britaniyaning uchinchi ayol bosh vaziri bo‘ldi.
Trass qanday muvaffaqiyatsizliklarga duch keldi?
Trass o‘z siyosatida qattiq Brexit, iqtisodiyotni to‘liq tartibga solish, soliqlarni kamaytirish va ijtimoiy xarajatlarni ko‘paytirishni qo‘llab-quvvatladi.
Trass o‘z iqtisodiy rejasini quyidagicha taqdim etdi — boylar uchun soliqlarni qisqartirish, biznesga soliqlarning rejalashtirilgan oshirilishini bekor qilish va Vladimir Putinning Yevropaga qarshi energiya urushi munosabati bilan elektr va issiqlik narxi oshishiga javoban aholini pul bilan ta’minlash.
Uning moliya vaziri Kvazi Kvartengning rejasi quyidagilarni o‘z ichiga olar edi:
— daromad solig‘ining asosiy stavkasini 20 foizdan 19 foizga tushirish;
— korporativ soliqni kamaytirish;
— bank bonuslari bo‘yicha har qanday cheklovlarni olib tashlash;
— yiliga 150 ming funt sterlingdan ortiq maosh oladiganlar uchun oshirilgan daromad solig‘i stavkasini (45 foiz) bekor qilish;
— Stamp Duty chegara bojini ikki baravar oshirish;
— aholining elektr energiyasi uchun to‘lovlarni ikki yilga muzlatish;
— 2023 yilda joriy etilishi kerak bo‘lgan muntazam milliy sug‘urta badallariga qo‘shimcha ravishda sog‘liqni saqlashni qo‘llab-quvvatlash uchun har bir kishi daromadining 1,25 foizi miqdorida to‘lanadigan sog‘liqni saqlash va ijtimoiy yordam to‘lovini bekor qilish;
Bu rejalar tabiiyki aholi noroziligiga sabab bo‘ldi, chunki bu islohotlar ko‘proq boylar uchun foydali edi.
Qolaversa, Trass-Kvarteng radikal islohotlar rejasi taxminan 250 milliard funt sterlingga baholandi, lekin u ham, uning moliya vaziri ham bu pul qayerdan olinishini aytmadi.
Soliqlar so‘nggi o‘n yillikda eng katta tushirilgan bir paytda London bu pullarni qarz sifatida olishi aniq edi, bu esa davlat qarzi oshishiga olib kelardi.
Soliqlarni kamaytirishning o‘zi Britaniya g‘aznasini 45 milliard funtdan quruq qoldirardi. Yangi xarajatlar va qarzlarni to‘lash shubhasiz davlat iqtisodi hamda g‘aznasi uchun juda og‘ir yuk bo‘lar edi.
Bozorning javobi tezkor bo‘ldi. Britaniya iqtisodiyotiga shaxsiy va begona odamlarning pullarini tikkanlar orasida vahima boshlandi. Budjetida 250 milliard funtlik teshigi (qarzi) bo‘lgan mamlakatning kreditori bo‘lish istiqboli investorlarni qo‘rquvga soldi.
Funt sterling dollarga nisbatan tarixdagi eng past darajaga tushdi. Davlat obligatsiyalari narxi keskin tushib ketdi, natijada Angliya banki bozorni tinchlantirish, barqarorlashtirish va zarba ostida qolgan xususiy pensiya jamg‘armalarini himoya qilish uchun 28 sentabr kuni milliardlab funt sterlingga uzoq muddatli davlat obligatsiyalarini sotib olib, tezkor intervensiya e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Ipoteka bozori ham silkindi, Trassning «O‘sish rejasi»ga qadar bu yerdagi eng arzon kredit foizi 4,7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bir necha kun ichida bu 6 foizga ko‘tarildi. Biroq ipoteka bozoriga biroz oldin (22 sentabr) Angliya bankining asosiy stavka foizini oshirgani ham ta’sir qildi, shuning uchun bu yerda faqat Kvartangni ayblash noo‘rin.
Trass-Kvarteng rejasi, farovonlik o‘rniga, mamlakat iqtisodi qulashiga olib keldi va endi nimadir qilish kerak edi.
Ekspertlar, OAV, muxolifat va hatto konservatorlarning katta qismi ham Trass-Kvarteng rejasini tanqid qildi. Konservatorlar so‘nggi so‘rovnomalarda partiyaga ishonch kamayib borayotgani tufayli Jonson bilan bo‘lgani kabi, Trassni ham iste’foga chiqishga chaqira boshladi.
Oraga hatto Xalqaro Valuta Jamg‘armasi ham qo‘shildi. Jamg‘arma rejani tanqid qilib, bu Angliya bankining inflatsiyaga qarshi kurashini qiyinlashtirishini, kutilgan natijalarni bermasligini ta’kidladi.
Trass dastlab barcha noroziliklarni rad etdi va uch so‘zli shiorlar bilan javob qaytardi: «O‘sish, o‘sish va o‘sish» yoki «Qilamiz, qilamiz, qilamiz».
Biroq bu yordam bermadi. 14 oktyabr kuni nihoyat «O‘sish rejasi» bekor qilindi va qo‘shimcha qurbonlik sifatida Kvarteng ham ishdan bo‘shatildi. Trass xato qilganini tan oldi. Biroq bu ham baribir yordam bermadi.
Trass siyosiy tajribasizligini ko‘rsatishda davom etdi. U Kvarteng ishdan bo‘shatilgan kuni matbuot anjumani o‘tkazdi va atigi to‘rtta savolga javob berdi. U o‘zining yangi rejalari va pozitsiyasini xalqqa yetkazmadi. Bu esa unga nisbatan ishonchsizlik yanada oshishiga olib keldi.
Keyingi qo‘pol xatoni esa u 17 oktyabrdagi parlament yig‘ilishida qildi. Trass konservatorlarning obro‘si pasayishi fonida mashhurlikka erishgan Leyboristlar partiyasining keyingi iqtisodiy rejalar haqidagi so‘roviga javob bermadi. Protokol bo‘yicha u javob berishga majbur emasdi, biroq bu unda yangi iqtisodiy reja yo‘qligi haqida tasavvurni kuchaytirdi.
Parlamentdagi debatlarda ham u umumiy nutqlar o‘rniga, muxolif shaxslarni tanqid qildi.
Trass parlamentdagi debatlarni tugatmasdanoq uning hukumatidagi ikkinchi eng muhim vazir — ichki ishlar vaziri Suella Braverman iste’foga chiqdi va Trassni ham xatoni tan olib, iste’foga chiqishga chaqirdi.
Buyuk Britaniya tarixida oltin qoida bu safar ham buzilmadi. Ya’ni yangi saylangan bosh vazir o‘z rejasini e’lon qilib, tanqidlardan so‘ng uni bekor qilishi va baribir hokimiyatda qolishi mumkin emas edi.
Va nihoyat 20 oktyabr kuni Britaniyaning uchinchi bosh vazir xonimi iste’foga chiqishini e’lon qildi.
Barchasi Trassning tajribasizligi sabab yuz berdimi? Nega u ikkinchi Tetcherga aylana olmadi?
Buyuk Britaniya iqtisodi qulashiga faqatgina Trass aybdor emas, u o‘zi xohlamagan tarzda bu jarayonni yanada tezlashtirib yubordi.
Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqiga qo‘shilar ekan, mamlakat «Yevropaning kasal odami» edi. Qirq yillik yagona iqtisodiy makon sabab Britaniya rivojlangan iqtisodiyot va YeI ga sarmoya kiritish darvozasiga aylandi. Yevropa Ittifoqi Britaniyaga ko‘p narsa berdi.
Biroq 2016 yilda Britaniya hukumati Yevropa Ittifoqidan ajralib chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazdi. Bu referendum Devid Kemeronning karerasiga nuqta qo‘ydi, undan keyingi Tereza Mey ham muammoni hal qila olmadi. Boris Jonson esa biroz muvaffaqiyatga erishgandek ko‘rindi, ammo amalda muammo hech qayerga yo‘qolmadi.
Oradan biroz vaqt o‘tib Jonsonning rejalari ham puch ekani ma’lum bo‘ldi. London Bryussel bilan kelisha olmadi, Brexit’dan va’da qilingan pullar kelmadi, Britaniya iqtisodiyoti qashshoqlashdi. U o‘ziga eng yaqin va boy bozorni yo‘qotdi.
Britaniya iqtisodiyoti Trassiz ham og‘ir davrni boshdan kechirayotgandi. COVID-19 ahvolni yanada og‘irlashtirgan, inflatsiya ancha tezlashgandi.
Saylovchilar iqtisodiy muammolarni o‘z tanalarida his qilmoqda. Angliya banki prognozlariga ko‘ra, kelgusi yilda britaniyaliklar butun 60 yillik tarixidagi turmush darajasining eng katta pasayishini boshdan kechiradi.
Aytish mumkinki, 1979 yil hokimiyatga kelgan Tetcher davrida ham Britaniya shunday deyarli xuddi shunday qiyin ahvolda edi. Tetcher buni jiddiy qadamlar: soliqlarni oshirish, ijtimoiy xarajatlarni maksimal qisqartirish, foydasiz davlat korxonalariga subsidiya berishni to‘xtatish kabi radikal yo‘llar bilan bartaraf qilgandi. Uning davrida Britaniya iqtisodi rivojlanib, inflatsiya pasaygan, ishsizlik kamaygandi. Qirollik o‘zining qadimgi farovonligini tiklagan edi.
Britaniyaliklar Trass siymosida ham Tetcherni ko‘rib, yana shunday bo‘lishiga umid qilgan edi.
Trass esa aksincha yo‘l tutdi, soliqlarni keskin kamaytirdi, ijtimoiy xarajatlarni oshirdi. Bu esa uning «yangi Tetcher xonim»ga aylana olmasligiga sabab bo‘ldi. O‘n yil davomida Britaniyani boshqargan Tetcherga qiyoslangan Trass 45 kun hukumat boshlig‘i bo‘la oldi. To‘g‘ri, Tetcher davridagi va hozirgi Britaniyada ahvol turlicha, lekin Trassda baribir Tetcherdagi kabi iroda, qattiqqo‘llik va tajriba yo‘q edi.
Trass qulayotgan Britaniya iqtisodini yanada qiyin ko‘chaga olib kirdi. Endilikda konservatorlarning yangi yetakchisi inflatsiyani kamaytirish, bozorni barqarorlashtirish, investorlarni qaytarish, ijtimoiy farovonlikni ta’minlash kabi juda og‘ir vazifalarni bajarishi kerak.
Trassning so‘zlariga ko‘ra, keyingi bosh vazir saylovlari kelgusi haftada bo‘lib o‘tadi.
Biroq konservatorlar keyingi umumiy saylovlargacha (2025 yil bo‘lib o‘tadi) o‘z o‘rnini saqlab qolishi qiyin bo‘ladi. Katta qo‘llab-quvvatlovga erishayotgan Leyboristlar navbatdan tashqari umumiy saylovlarni o‘tkazishga chaqirmoqda va ularning g‘alabasi katta ehtimol bilan aniq. Bu holda Liz Trass konservatorlarning o‘n ikki yillik hukmronligi tugashiga sababchi bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
19:02 / 10.11.2024
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
00:46 / 10.11.2024
Britaniyada odamlarning DNK ma’lumotlarini saqlab kelgan kompaniya izsiz yo‘qoldi
18:17 / 08.11.2024
AQSh ortidan Britaniya ham O‘zbekistonning Uzstanex kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritdi
22:11 / 07.11.2024