Iqtisodiyot | 07:10 / 21.10.2022
42293
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga eksport o‘smoqda, Turkiya va Xitoyga esa kamaymoqda - 2022 yilda O‘zbekistonning 9 oylik tashqi savdosi

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 36 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27,2 foizga o‘sgan. Shundan import hajmi 22 mlrd dollarni, eksport esa 14 mlrd dollarni tashkil etgan. Import va eksportning o‘sish tempi mos ravishda 22,3 foiz hamda 35,7 foizni tashkil etgan.

Foto: Dreamstime

Tashqi savdomizning salbiy saldosi qariyb 8 mlrd dollarga yetgan. Taqqoslash uchun 2021 yilning mos davrida tashqi savdomizning salbiy saldosi 7,6 mlrd dollarni tashkil etgan edi.

Tashqi savdo aylanmamizda MDH mamlakatlarining ulushi yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, joriy yilda MDH mamlakatlarining tashqi savdo aylanmasidagi ulushi qariyb 39 foizga yetib, o‘tgan yilgi darajadan biroz oshgan, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 30,5 foizni tashkil etgan edi. 2019 yilda esa 34  foizga teng bo‘lgan, 2018 yilda esa taxminan joriy yilgi darajada shakllangan.

Iqtisodchi ekspert Mirkomil Xolboyevning yozishicha, so‘nggi besh yildagi tendensiya shuni ko‘rsatadiki, MDH mamlakatlari bilan savdomiz (ulushi) pandemiyadan oldin sezilarli tempda kamayishni boshlagan edi, ammo 2021 yilda MDH mamlakatlari (xususan, bu tendensiyada Rossiya bilan savdomizning o‘sishi asosiy rolni o‘ynagan) bilan savdomizning ulushi yuqori sur’atlarda o‘sish qayd etishni boshladi hamda bu tendensiya joriy yilda ham davom etmoqda.

Eksport

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida jami 780 mln dollarlik tabiiy hamda sun’iy gaz eksport qilingan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda gaz eksporti 1,5 barobarga oshgan. Neft eksporti esa 111 mln dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2 barobarga oshgan.

Eksport tovarlari orasida elektr generatori mashina asbob-uskunalari eksporti eng yuqori o‘sishga erishgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda bu tovar eksporti 23 barobarga oshib 121 mln AQSh dollarini tashkil etgan.

Sentyabr oyida mamlakatimiz oltin eksport qilmagan. Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz joriy yilda so‘nggi marta mart oyida oltin eksportini amalga oshirgan edi. Shundan buyon hech qaysi oyda oltin eksport qilinmagan. Bu holatni jahon bozorida oltin narxining pasayib borish tendensiyasi bilan izohlash mumkin.

Asosiy savdo hamkorlarimiz orasida Rossiyaga eksportimizning o‘sishi yildan yilga tezlashib borayotganligini kuzatishimiz mumkin. Xususan joriy yilda murakkab mintaqaviy geosiyosiy vaziyatga qaramasdan Rossiyaga eksportimiz o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48 foizga oshgan, 2021 yilning mos davrida o‘sish sur’ati 39 foizni tashkil etgan edi.

Xitoyga eksportimizning o‘sish tempi esa sekinlashib bormoqda, xususan 2021 yilning mos davrida Xitoyga eksportimizning o‘sish tempi 31 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatgich bor yo‘g‘i 12,6 foizni tashkil etgan xolos. Xitoyga eksportimizning qisqarishini Xitoydagi iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi bilan izohlash mumkin.

Yana bir asosiy hamkorimiz bo‘lgan Turkiyaga eksportimiz joriy yilda 4,2 foizga qisqargan, 2021 yilning mos davrida bu davlatga eksportimiz qariyb 2 barobarga o‘sgan edi. Turkiyaga eksportimizning qisqarishini liraning qadrsizlanib borishi hamda 2021 yildagi istisnoli yuqori o‘sish bilan izohlash mumkin.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida jami 2,4 mlrd dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilingan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga o‘sgan. To‘qimachilik mahsulotlari tarkibida ip-kalava eksporti 1,6 foizga qisqargan.

Taqqoslash uchun: 2021 yilning mos davrida ip-kalava eksporti qariyb 80 foizga o‘sayotgan edi. Turkiyaga umumiy eksportimiz kamayib borayotganligiga qaramasdan, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti yuqori sur’atlarda o‘sib bormoqda (asosan xomashyo), xususan, joriy yilda Turkiyaga to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 60 foizga oshgan. Xitoyga to‘qimachilik mahsulotlari eksporti esa yuqori sur’atlarda qisqarib bormoqda, xususan joriy yilda Xitoyga to‘qimachilik mahsulotlari eksporti qariyb 55 foizga qisqargan.

Import

Import tovarlari orasida oziq-ovqat hamda tirik hayvonlar importi yuqori sur’atlarda o‘smoqda. Xususan, shakar importi 40 foizga oshgan, go‘sht mahsulotlari importi esa qariyb 2 barobarga oshgan, donli ekinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlari importi esa 25 foizga oshganligini kuzatish mumkin.

Joriy yilning 9 oyida gaz importi 39 foizga qisqargan (Turkmaniston bilan savdomiz qisqarayotganligini tushuntirib beruvchi asosiy omil). Elektr toki importi esa 30 foizga qisqargan.

Mashina asbob-uskunalar importi 7 mlrd dollarni tashkil etib, mashina asbob uskunalarining umumiy import tarkibidagi ulushi 32,1 foizni tashkil etgan.

Mavzuga oid