Ekoqo‘m: “Changli ob-havo kutilayotgan kunlarda qurilish va avtomobillar harakatiga ma’lum cheklovlar qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda”
Ekologiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodovga ko‘ra, changli ob-havo kutilayotgan kunlarda nafaqat qurilishlar, balki avtomobillar harakatini cheklash masalasi ham muhokama qilinmoqda.
27 avgust kuni “Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishi holati kelib chiqish sabablari va ko‘rilayotgan choralar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda jurnalistlar tomonidan ekologik inqirozning kuchayib borayotgani va bunga qurilishlarda ekologik talablarga rioya qilinmasligi ham sababligi aytilib, yomg‘ir yog‘may, havo quruqlashib ketgan, changli ob-havo kutilayotgan kunlarda poytaxtdagi qurilishlarga moratoriy taklif qilindi.
Savol bo‘yicha birinchi bo‘lib Gidrometeorologiya xizmati rahbari Sherzod Habibullayev javob berdi. Unga ko‘ra, Toshkentda changli ob-havo kuzatilgan kunlarda faqat qurilishlar emas hatto avtomobillar harakatini ma’lum vaqtga to‘xtatib turish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
“Hozir biz transport masalasiga ham e’tibor beryapmiz. Hozir bu bo‘yicha muhokama ketyapti. Ya’ni transport harakatini ma’lum vaqtga to‘xtatib turish va ularni tashqi halqa yo‘llardan yurgizish.
Hozir buning hisob-kitoblarini mutaxassislar bilan qilish haqida gap ketyapti. Ekologiyada bu bo‘yicha hozir shtab tuzilgan. Buni ham taklif sifatida kiritib ko‘ramiz. Shunday masala bor. Bizda bu ishlarning qisqa va uzoq muddatli rejasi bor”, – dedi Habibullayev.
Savol yuzasidan Ekologiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov ham fikrlarini bildirdi.
“Ekologik muammolar borasida jurnalistlar jon kuydirib harakat qilmoqda, katta rahmat. KO‘tarilgan masala haqiqatda o‘rinli. Biz hozir vazirliklar bilan keyingi harakatlarimizni ham muhokama qilyapmiz.
Biz hozir noqulay ob-havo yuzaga kelganda, faqat qurilish emas, boshqa manbalar bo‘yicha ham ishlashni ko‘zda tutuvchi rejalarni qilyapmiz. Bu transport, qurilish, daraxtlarni sug‘orish va suv sepish bilan ham bog‘liq ”, – dedi qo‘mita raisi.
Mavzuga oid
17:40 / 08.11.2024
“Dunyodagi daraxtlarning 38 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida” – IUCN
20:35 / 07.11.2024
2 tup chinorni kesgan shaxs tabiatga 199 million so‘m zarar yetkazdi
18:18 / 06.11.2024
Shaharni salqinlatish uchun qancha daraxt kerak? Olimlar javob berdi
14:20 / 24.10.2024