O‘zbekiston | 14:13 / 28.10.2022
16284
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent qoq markazida joylashgan davlat obektini sotib yuborishmoqchi

Toshkent shahri markazida joylashgan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi balansida bo‘lgan bino onlayn-auksionga qo‘yildi.

Foto: E-auksion

E-auksion saytida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahri Mirobod tumani, Amir Temur shohko‘chasi, 4-uy manzilida joylashgan davlat obekti 66 527 528 716.00 (66,5 mlrd) so‘mlik boshlang‘ich narxda auksionga chiqarilgan. Bunda, zakalat miqdori 3 326 376 435.80 (3,3 mlrd) so‘mni, birinchi qadam bahosi 3 326 376 435.80 (3,3 mlrd) so‘mni tashkil qiladi. Auksion savdosi oshirib borish uslubida o‘tkazilishi aytilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasining 15.04.2022 yildagi 29k-PO-sonli buyrug‘i savdoga asos qilib olingan. 

Davlat ko‘chmas mulki obekti oldi-sotdi shartnomasi bayonnoma rasmiylashtirilganidan so‘ng, 10 ish kunidan kechiktirmay sotuvchi, balansda saqlovchi va auksion savdolarining g‘olib o‘rtasida tuziladi. Agar auksion g‘olibi 5 ish kuni ichida operator xizmat haqiga yetarli mablag‘larni to‘lamagan yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashni rad etgan taqdirda, auksion salohiyatli g‘olibi mavjud bo‘lsa, unga operator xizmat haqida yetarli mablag‘larni to‘lash uchun 5 ish kunlik muddat beriladi. Agar salohiyatli g‘olib mazkur mablag‘ni to‘lamaganda yoxud mavjud bo‘lmaganda, takroriy auksion savdolariga chiqariladi.

Hujjatda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 dekabrdagi tegishli qarori davlat obektini xususiylashtirish uchun asos qilib olingan.

Bino 2012 yilda qurilgan. Yer uchastkasining egallagan umumiy maydoni - 0.2644 gektar. Binolar va inshootlarning egallagan umumiy maydoni - 3666 kvadrat metr.

Auksion saytida kiritilishi lozim bo‘lgan investitsiyalar miqdori, yaratiladigan ish joylari va investitsion majburiyatlarni bajarish muddati ko‘rsatilmagan.

Mavzuga oid