O‘zbekiston | 11:03 / 31.10.2022
4342
2 daqiqa o‘qiladi

Hududlar budjetining qo‘shimcha daromadlaridan 30 foizi aholi loyihalariga yo‘naltiriladi

Prezident tomonidan “Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Foto: Kun.uz

Tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari natijasi bo‘yicha 2 mingdan ziyod ovoz to‘plagan 364 ta loyihani moliyalashtirish uchun 335 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Loyihalar soni eng ko‘pi Farg‘ona (63 ta ) va Surxondaryo (43 ta) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

2023 moliya yilidan boshlab “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda aholi tomonidan taklif etilayotgan tadbirlar har bir mahalla bo‘yicha bitta loyihalar paketi shaklida ovozga qo‘yiladi.

Qoraqalpog‘iston budjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahri budjetida shakllangan qo‘shimcha mablag‘lar 30 foizi tuman (shahar)larda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Fuqarolar tashabbusi jamg‘armalariga mavjud aholi soni va mahallalar sonidan kelib chiqib, teng ulushlarda yo‘naltiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, tuman (shahar) budjetlari mablag‘lari doirasida jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” axborot portali orqali tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni birinchi mavsumi – har yili fevral-mart oylarida, ikkinchi mavsumi har yili iyun-iyul oylarida, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” axborot portali orqali keyingi yil uchun tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni – har yili noyabr-dekabr oylarida o‘tkaziladi.

Mavzuga oid