O‘zbekiston | 17:43 / 07.11.2022
4520
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti Jahon turizm tashkiloti bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 noyabr kuni Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvilini qabul qildi.

Uchrashuv kun tartibidan mamlakatimiz va Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu nufuzli ixtisoslashgan hukumatlararo tuzilmasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston 1993 yildan buyon UNWTO a’zosi ekanini ta’kidlash zarur. O‘tgan davrda tarmoqning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish va O‘zbekistonning turizm brendini xalqaro miqyosda ilgari surishga qaratilgan muhim tashabbus va qo‘shma dasturlar amalga oshirildi. Yurtimizda Tashkilotning Buyuk ipak yo‘li bo‘yicha mintaqaviy ofisi faoliyat yuritmoqda.

Keyingi yillarda sheriklik sezilarli darajada faollashdi. Bugungi kunda 2023 yilda Samarqand shahrida UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Suhbatda Zurab Pololikashvili O‘zbekistonda zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, tashqi va ichki turizm ko‘rsatkichlarining sifatli o‘sishiga xizmat qiladigan ishbilarmonlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlar natijalarini yuksak baholadi.

Mamlakatimiz bilan UNWTO o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, unga O‘zbekistonning turizm brendini ilgari surish, samarali axborot kampaniyalarini o‘tkazish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, boshqa muhim loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlarini kiritishga kelishib olindi.

Mavzuga oid