O‘zbekiston | 10:24 / 13.11.2022
27405
18 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarga erkinlik, Usmonovga yordam va IIBdagi o‘limlar - hafta dayjesti

O‘qituvchilar o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarni qilishdan ozod bo‘lishiga yangi umid uyg‘ondi. O‘zbekiston Yevroittifoqdan Alisher Usmonovni qora ro‘yxatdan chiqarishni so‘rayapti. Qo‘qondagi IIB muassasalarida bir oy ichida ikki fuqaro o‘lim topdi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa asosiy voqealari – Kun.uz dayjestida.

“O‘qituvchilarga tekin xizmatkor sifatida qarashga barham berishimiz shart”

Dasturimizni yaxshi yangilikdan boshlasak. O‘zbekistonda o‘qituvchilarga asosiy vazifasidan ortiqcha ishlar buyurish taqiqlandi. Aniqrog‘i, qonunda belgilab qo‘yilgan taqiq amalda ham ishlay boshlashiga yangi umid paydo bo‘ldi.

Yangi davrning ilk yillarida, majburiy mehnatga qarshi kurashish kampaniyasi vaqtida pedagoglarga har xil ishlarni yuklatish sezilarli kamaygan edi. Lekin ayrim ishlar, masalan uyma-uy yurib, bolalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni ro‘yxatga olish haligacha bor. Yilda ikki marta minglab o‘qituvchilar mikrouchastka daftarini to‘ldirishga safarbar qilinadi. Hatto ikki smenada ishlaydigan pedagoglar ham ishdan keyin mikrouchastkaga chiqib, uyma-uy yurishi kerak. Bu jarayonda ayniqsa ayol o‘qituvchilar turli asabbuzarliklarga duch keladi: ishdan uyiga qorong‘ida qaytadi, o‘z yonidan yo‘lkira sarflaydi, topshiriq vaqtida bajarilmagani uchun dakki eshitadi, ba’zan esa xonadon eshigini mast yoki xulqi buzuq erkaklar ochadi.

Muammoni bu safar bloger Nikita Makarenko ko‘tarib chiqqach, masalaga Saida Mirziyoyeva va Komil Allamjonov e’tibor qaratdi. Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarning uyma-uy yurishga majbur qilinayotganini eshitib juda xafa bo‘lganini aytdi va mutasaddilardan buni bas qilishni so‘radi. “Biz o‘qituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart”, – dedi u.

Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov ham bayonot berib, o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan barcha ortiqcha vazifalarni inventarizatsiya qilish va ularni taqiqlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatma berilganini ma’lum qildi.

Aslini olganda, bunday norma qonunchilikka allaqachon kiritilgan. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 45-moddasiga ko‘ra, pedagog xodimlarni ularning lavozim majburiyatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday boshqa ishga jalb qilish taqiqlangan. Bunday qoida 2018 yilda qabul qilingan prezident qarorida ham bor.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi davlat dasturiga binoan, oliy toifali pedagoglarning oyligini ming dollarga yetkazish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilishi kerak edi. Bu vazifa uchun sentabr oyigacha deb muhlat belgilangan, lekin hozirga qadar biror yangilik bo‘lgani yo‘q.

Ixtiyoriy-majburiy pul yig‘ishlar

O‘qituvchilar va boshqa ko‘plab budjet tashkilotlari xodimlarining yelkasida o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlardan tashqari, har xil pul yig‘ishlar ham bor. Shu kunlarda majburiy obuna, daraxt ekish, ayrim hududlarda Qizil yarim oy jamiyatiga pul to‘plash kampaniyasi ketyapti. Hammasi budjet tashkilotlari xodimlari o‘z cho‘ntagidan pul sarflashiga borib taqaladi.

Shu hafta Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyatiga pul yig‘ish o‘n kunligini e’lon qildi. Unga ko‘ra, viloyatdagi korxona va tashkilotlarga xodimlarning yozma roziligiga asosan bir kunlik ish haqini Qizil yarim oy jamiyatining Andijon viloyati bo‘linmasiga o‘tkazib berish tavsiya etildi. Bu tavsiya son jihatdan eng ko‘p bo‘lgan o‘qituvchilarga ham taalluqli, albatta.

Ko‘p hollarda xodimlar bir kunlik maoshini “ixtiyoriy” tarzda xayriya qilganini hatto o‘zlari ham bilmay qolishi – masalaning bir tarafi bo‘lsa, ikkinchi tarafi – hokim farmoyishida yig‘ilgan pullar qayerga ishlatilishi, ya’ni moliyaviy shaffoflikni ta’minlash haqida hech qanday gap yo‘q.

Boshqa turdagi pul yig‘ishlar esa “Yashil makon” aksiyasi doirasida ko‘chat ekish ishlari bilan bog‘liq. Ko‘plab rahbarlar qatori maktab direktorlaridan ham ko‘chat ekish talab qilinyapti, lekin ular ko‘chat sotib olish uchun mablag‘ni qayerdan olishi masalasi ochiq qolyapti. Oxir-oqibat o‘qituvchilarga “ko‘chat solig‘i” solinayotgani haqida o‘tgan yili ham xabar bergan edik.

Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, Shahrixondagi maktablarning ba’zi direktorlari yetarlicha daraxt ekmayotgani uchun so‘kish eshitgan. Internetda tarqalgan audioda ko‘chat ekish talabini bajarmayotgan direktorlar uch marta "haromxo‘rlar" deya haqoratlangan. Audio qachon yozib olingani noma’lum, undagi ovoz egasi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Javlon Mamatqodirov ekani aytilyapti.

“Shanba kuni, o‘tgan hafta hamma maktablarda, rahmat, zo‘r tashkil qilganlar bor. Butun boshli bog‘ tashkil qilib qo‘yganlar bor. 100 ta, 200 ta, kamida 50 ta ko‘chat ekkanlar bor. Lekin ba’zi bir haromxo‘r direktorlar, shunaqa deyishga majburman, ba’zi birlarga yomon tegmasin uzr, ustozlar. Lekin shu gaplarni aytishga majburman. Mana, o‘zim shaxsan yurib aylanib ko‘ryapman. 3 dona ko‘chat ekibdi shanba kuni. 3 dona! Insofsiz, yolg‘on gapirib, haromdan oylik yeb yurgan, ifloslar”, – deyiladi maktab direktorlariga qaratilgan audioda.

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Rasmiy bayonotda aytilishicha, boshqarma tomonidan direktorlarga daraxt ekish bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmagan. Agar bu rost bo‘lsa, topshiriq hokimlikdan kelgan yoki Javlon Mamatqodirovning o‘z tashabbusi bo‘lgan degan taxminlar qoladi. Ma’lumot uchun, Mamatqodirov Shahrixon XTB rahbarligiga kelishdan oldin tuman hokimining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Biz yuqorida sanab o‘tgan holatlarning hammasida xodimlar manfaatini himoya qilishi kerak bo‘lgan Kasaba uyushmalari rahbarlari 11 noyabr kuni o‘z kasb bayramini nishonladi. Toshkent markazida O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyi tantanali ravishda ochildi. Bayram tadbirida respublika bo‘ylab turli soha vakillariga unvonlar va sovg‘alar topshirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev soha vakillariga yo‘llagan tabrigida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini umumxalq bayrami deb e’lon qilish va bu kunni dam olish kuni deb belgilashni taklif qildi.

O‘zbekiston Yevropadan Alisher Usmonovga qo‘yilgan sanksiyalarni yechishni so‘rayaptimi?

Foto: Andrey Rudakov / Bloomberg

Yakunlanayotgan hafta xalqaro maydonda O‘zbekistonning imijiga salbiy ta’sir qiladigan ikkita xabar tarqaldi. Ulardan biri rasman rad etilgan bo‘lsa, ikkinchisi bo‘yicha rasmiylardan munosabat bo‘lmadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ukraina razvedkasi O‘zbekistonni Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishga yordam beryapti deb hisoblaydi. Ukraina bosh razvedka boshqarmasi vakili Vadim Skibitskiyning aytishicha, Rossiya Xitoy, Shimoliy Koreya va ehtimol Qirg‘izistondan qurol-yarog‘ so‘rayapti. “Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi mamlakatlar esa Amerika va Yaponiyada ishlab chiqarilgan, raketalar yasash uchun zarur bo‘lgan noharbiy komponentlarni sotish orqali Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishga yordam beryapti”, – dedi ukrain razvedkasi vakili.

O‘zbekiston bu ayblovni darhol rad etdi. Ukraina elchisi Nikolay Doroshenko Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi va Ukraina mudofaa vazirligi vakilining bayonoti asossiz ekani aytilib, O‘zbekistonga oid noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatmaslik talab qilindi. Elchi O‘zbekistonning bu pozitsiyasini Ukraina tarafiga zudlik bilan yetkazishini bildirgan.

Ikkinchi yangilikka esa raddiya berilgani yo‘q. Financial Times'ning yozishicha, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonov va uning singlisiga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlashni so‘rayapti. Rasmiy Toshkent Usmonovga bu borada huquqiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini ham aytgan. Nashr manbalariga ko‘ra, o‘zbek rasmiylari milliarderga qarshi sanksiyalar uning o‘zi tug‘ilib o‘sgan O‘zbekistonga sarmoya kiritish imkoniyatini cheklayotganini da’vo qilgan.

Alisher Usmonov – Rossiya prezidenti Vladimir Putinga eng yaqin milliarderlardan biri. Yevropa Ittifoqi uni Putinning “eng sevimli oligarxi” deb ta’riflagan. Rossiya Ukrainaga qarshi urush ochgach, Usmonov va uning singlisi Gulbahor Ismoilova birinchilardan bo‘lib g‘arb sanksiyalariga uchragan. Ismoilova akasining 600 million dollarlik “Dilbar” yaxtasi va boshqa ayrim mol-mulklarining huquqiy egasi hisoblanadi.

Namanganning Chust tumanida tug‘ilgan 69 yoshli Alisher Usmonov oxirgi yillarda O‘zbekistonda ayrim loyihalarga homiylik qilyapti. O‘z navbatida, tog‘-kon sanoatidagi bir nechta yirik davlat korxonalari unga tegishli kompaniyaga ishonchli boshqaruvga berilib, keyin qaytarib olindi. Hozirda Usmonovning kompaniyalari “Kapitalbank” va “Ohangaronsement” aksiyadori hisoblanadi. 2018 yilda milliarder O‘zbekistonning “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

IIBdagi o‘limlar: Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi

“Farg‘onada IIB xodimlari quyushqondan chiqyapti. Vakolat chegarasidan chiqib, fuqarolarga jismoniy tajovuz qilyapti. So‘nggi yillarda jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan holatlar viloyatdagi vaziyat isloh qilishga muhtoj ekanidan darak beryapti”.

Ikki oy oldin Kun.uz e’lon qilgan maqola ana shu so‘zlar bilan boshlangan edi. Maqolada Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasidagi vaziyat izdan chiqayotgani, buni ko‘rsatuvchi shubhali voqealar ketma-ket ro‘y berayotgani haqida yozgan edik. Afsuski, shu hafta bunday shubhali holatlar ro‘yxati yana uzaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi bir oyda ikki fuqaro Qo‘qondagi ichki ishlar idoralarida o‘lim topgan.

Birinchi holatda qurbon – 15 yoshli o‘smir. U 16 oktyabr kuni Uchko‘prik tumanidagi savdo majmuasida qurut va ichimlik olib, pulini to‘lamasdan chiqmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan. Voqeaning ertasiga Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlar markazida hushidan ketgan bola, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda jon bergan.

Marhumning yaqinlari Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, bolaning tanasi ayovsiz kaltak zarbidan momataloq bo‘lib ketgan. Voqea yuzasidan rasmiylar ma’lumot berishdan qochyapti. Prokuratura jinoyat ishi ochib, ikki kishini qamoqqa olgan.

Ikkinchi mash’um voqeada ham fuqaro ichki ishlar idorasiga olib kelinganidan keyin sanoqli soatlar ichida jon berdi. O‘g‘rilik jinoyati uchun hukm qilingan mahkum 6 noyabr kuni Toshkent shahrida ushlanib, Qo‘qonga olib kelingan va ichki ishlar izolyatoriga joylashtirilgan. 8 noyabrga o‘tar kechasi shu yerda vafot etgan.

Rasmiy izohga ko‘ra, fuqaroning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgani aytilyapti. Sud-tibbiy ekspertizasi marhumning badanida jarohat izlarini topmagan. Holat yuzasidan prokuratura hozircha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazyapti. Bu keys bo‘yicha ham yetarli ma’lumot yo‘q, hatto marhumning yoshi ham ochiqlanmadi. Agar u yoshroq yigit bo‘lib chiqsa, yurak xuruji degan tashxisga nisbatan shubha uyg‘onishi aniq.

Achinarlisi, jamoatchilik o‘tgan hafta ham shunga o‘xshash voqeadan xabar topgan edi. Samarqandning Oqdaryo tumanida aliment to‘lamagani uchun qamoqqa olingan 34 yoshli erkak oradan 3 kun o‘tib, ruhiy kasalliklar shifoxonasida vafot etgan. Marhumning otasi muxbirimiz bilan suhbatda aytishicha, farzandida hech qanday surunkali kasallik yoki ruhiy buzilish bo‘lmagan. Ichki ishlar bo‘limi va shifoxona esa bir-birining dalillarini inkor etyapti.

Chilonzorda navbatdagi qurilish mojarosi

Ko‘p qavatli uylar orasida yangi ko‘p qavatli uy qurish uchun berib yuborilgan yer / Foto: Kun.uz 

Ichki ishlar xodimlariga taalluqli yaxshi xabarlar ham bor. Chilonzorda ko‘p qavatli uylar orasiga yana bitta ko‘p qavatli uy qurmoqchi bo‘lgan tadbirkor kutilmaganda profilaktika inspektorining qarshiligiga uchradi. Internetda tarqalgan videodan ko‘rinishicha, inspektor fuqarolarning tarafini olib, tadbirkordan qurilishni to‘xtatishni talab qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Ko‘tarma mahallasidagi 15 sotix yer mulki buzilgan tadbirkorga kompensatsiya sifatida berilgan. Mahalla idorasi bu qurilish uchun go‘yoki shu yerda yashovchilar rozilik bergandek hujjat rasmiylashtirgan. Tadbirkor qurilish qilaman deb daraxtzorni o‘rab olishni boshlaganidan keyin, doimgidek nizo kelib chiqqan.

Yakunda, odamlarning noroziligi sabab “dom”lar orasiga “dom” qurilmaydigan bo‘ldi. Shu masalada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ertaga nizo kelib chiqishi aniqligi ko‘rinib turgan yerni tadbirkorga bergan shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham qatnashdi.

“Bu yerda odamlar norozi bo‘ladi, daraxtlar kesiladi, bu yerga qurilish qilib bo‘lmaydi, deganmidim? Yuzta odamning oldida? Kameralar bormidi? Agar xalq norozi bo‘lsa, nima qilamiz, deganimda: “Men shundoq tashlab chiqib ketaman”, dedingiz. Erkak gapmi deganimda erkak gap dedingiz. To‘g‘rimi? Xalq norozimi? Bo‘ldi, bu yerda ortiqcha muhokama qiladigan gap yo‘q”, – deya izoh berdi Ortiqxo‘jayev.

Qurilishni to‘xtatib qo‘yib, ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirgan profilaktika inspektori Azimjon Qudabayev esa taqdirlandi. Chilonzor tumani hokimi va sektor rahbarlari unga tantanali ravishda minnatdorchilik bildirishdi.

Foto: Chilonzor tumani hokimligi

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekistonda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Undagi eng asosiy yangiliklardan biri – davlat ishida ishlaydiganlar endi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Shu munosabat bilan Andijon viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tibbiyot sohasidagi biznesmen Jur’atbek Quvvatov iste’foga chiqdi.

Yangi qonunga ko‘ra, davlat xizmatchilari o‘z vakolatini bajarish evaziga hech kimdan sovg‘a olishi mumkin emas. Shu bilan birga, ular xizmat safariga chiqqanlarida yoki turli rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovg‘a olishiga ruxsat beriladi. Sharti – hadya qilingan ashyoning narxi 1,5 mln so‘mdan oshmasligi kerak. Bu boradagi hujjat loyihasini shu hafta Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi e’lon qildi.

Diplomi yo‘q hokim yordamchilari oliygohlarga imtihonsiz o‘qishga qabul qilinadi. Muhokamadagi qaror loyihasiga ko‘ra, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilari sirtqi ta’limga, suhbat asosida o‘qishga kirishi mumkin. Ular iqtisodiy yo‘nalishlarda davlat granti asosida o‘qiydi.

Jizzaxda hokim yordamchisi 2 ming dollar olayotganda ushlandi. Rasmiy xabarga ko‘ra, Sharof Rashidov tumani hokimining yordamchisi qurilishi bitmagan 10 ta issiqxona uchun tadbirkorning hisobiga 330 mln so‘m tushirib berishni va’da qilgan. Shu hafta, shuningdek, korrupsion jinoyatlardan biri bo‘yicha hukm o‘qildi – yer ajratish masalasida 12 ming dollar pora bilan ushlangan Xorazm viloyati Hazorasp tumani hokimining sobiq o‘rinbosari 6 yilga qamaldi.

Toshkentdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi xususiylashtirildi. Uni Abu Dhabi Uzbek Investment kompaniyasi 87 mln dollarga sotib oldi. E’tiborlisi, hashamatli otelni qurish uchun davlat bundan salkam 3 barobar ko‘p – 205 mln dollar sarflagan edi. Bu pullar orasida pensiya jamg‘armasidan ajratilgan imtiyozli kreditlar ham bor.

Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotga a’zo O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Ozarboyjon prezidentlari hamda kuzatuvchi davlatlar – Turkmaniston va Vengriya rahbarlari ishtirok etdi. Sammitda 10dan ortiq hujjat imzolandi, ular orasida eng muhimlari – o‘zaro savdoni soddalashtirish haqida.

Havo sovishi munosabati bilan metan-shoxobchalarning ish vaqtiga cheklovlar kiritildi. Cheklovlar asosan tungi vaqtlarga oid. Gazni ko‘proq xonadonlarga uzatish maqsadida joriy qilingan tartib odatda metan-shoxobchalarda navbatlarni yuzaga keltiradi. Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, shoxobchalardagi gaz o‘g‘riliklarini taftish qilish haqidagi Prezident administratsiyasi topshirig‘idan keyin oradan o‘tgan ikki hafta ichida bu masalada yangilik bo‘lganicha yo‘q.

Mavzuga oid