O‘zbekiston | 07:55 / 08.12.2022
5874
3 daqiqa o‘qiladi

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish ishtirokchilarini nazorat qilish tartibi e’lon qilindi

Shaxsga doir biometrik va genetik ma’lumotlarga ishlov berish ishtirokchilari shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish faoliyatini nazorat qilish va tekshirish tartibini belgilash to‘g‘risidagi nizom loyihasi e’lon qilindi.

Nizom shaxsga doir biometrik va genetik ma’lumotlarga ishlov berish sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash va ma’muriy tartibda ko‘rib chiqishga vakolatli organ - Ichki ishlar vazirligi tomonidan respublikada shaxs biometrik ma’lumotlari asosida avtomatlashtirilgan identifikatsiya tizimlarida shaxsga doir biometrik ma’lumotlardan noqonuniy foydalanishini nazorat qilish choralarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Ichki ishlar vazirligi shaxsga doir biometrik va genetik ma’lumotlarga ishlov berish sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash faoliyatini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan kelishgan holda amalga oshiradi.

Shaxs biometrik ma’lumotlari asosida avtomatlashtirilgan  identifikatsiya tizimlarida shaxsga doir biometrik ma’lumotlardan noqonuniy foydalanishini nazorat qilish quyidagi chora-tadbirlar yordamida amalga oshiriladi:

davlat organlarida o‘tkaziladigan rejali va rejadan tashqari tekshiruv;

jismoniy va yuridik shaxs faoliyatida o‘tkaziladigan rejali va rejadan tashqari tekshiruv.

rejali va rejadan tashqari tekshiruvlar shaxsga doir ma’lumotlar bazasi operatori ish joyida va/yoki hujjatli tekshiruv shaklida amalga oshirilishi mumkin.

Ish joyida tekshiruv shaxsga doir ma’lumotlar bazasi operatori joylashgan joyda amalga oshiriladi. Hujjatli tekshiruv vakolatli organga shaxsga doir ma’lumotlar bazasi operatori tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarga oid bo‘lgan zarur hujjatlarni taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

Davlat organlarida tekshiruv o‘tkazish uchun vakolatli organ tomonidan mansabdor shaxslar va ular vazifalari ko‘rsatilgan holda tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida buyruq (farmoyish) chiqariladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar qonunchilikda belgilangan tartibda kelishilgandan so‘ng, vakolatli organ tomonidan mansabdor shaxslar va ular vazifalari ko‘rsatilgan holda tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida buyruq (farmoyish) chiqariladi.

Rejali va rejadan tashqari tekshiruvlar muddati 10 ish kunidan oshmasligi kerak.

Shaxsga doir ma’lumotlar bazasi operatori dasturiy va texnik vositalarini kompleks tadqiqotlari, testlar, maxsus ekspertizadan o‘tkazish, muayyan soha bo‘yicha qo‘shimcha ixtisoslashtirilgan mutaxassislarni jalb qilish zarurati bilan bog‘liq harakatlar o‘tkazilish talab qilingan taqdirda ham tekshiruv muddati qo‘shimcha ravishda 20 kunga uzaytirilishi mumkin, lekin tekshiruv umumiy davriyligi 30 kundan oshmasligi lozim.

Respublika bir necha viloyatlari hududlarida faoliyat yurituvchi shaxsga doir ma’lumotlar bazasi operatoriga nisbatan tekshiruvlar o‘tkazish muddati shaxsga doir ma’lumotlar bazalari operatori har bir filiali uchun alohida belgilanadi.

Mavzuga oid