New York Times: AQSh maxfiy ma’lumotlari 2022 yil fevral oyida internetga sizdirilgan
Maxfiy hujjatlarni oshkor qilganlikda gumonlanayotgan Jyek Teysheyra ma’lumotni hozir aniqlanganidan bir necha oy oldin va ancha kattaroq chat guruhida joylashtira boshlagan, deb yozadi The New York Times.
Ukrainadagi urush bilan bog‘liq maxfiy ma’lumotlarning birinchi e’lon qilinishi 2022 yil fevral oyida sodir bo‘lgan. Bunday xulosaga The New York Times gazetasi jurnalistlari 21 aprel, juma kuni chop etilgan maqolada kelishgan.
Undan kelib chiqadiki, maxfiy hujjatlarni oshkor qilganlikda gumonlangan AQSh Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisi Jyek Teysheyra ma’lumotni hozir aniqlanganidan bir necha oy oldin va ancha kattaroq chat guruhida joylashtira boshlagan. Ukrainaga bostirib kirish ro‘y berganidan ko‘p o‘tmay, profili gumonlanuvchining profiliga mos keladigan foydalanuvchi o‘yinchilar orasida mashhur bo‘lgan ijtimoiy media platformasi - Discord’da ilgari oshkor etilmagan chat guruhida Rossiya harbiy faoliyati haqida maxfiy ma’lumotlarni joylashtirgan. Chat guruhi 600 ga yaqin ishtirokchidan iborat edi.
Birinchi sizdirish holati Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan 48 soat o‘tmay sodir bo‘lgan. “Men Pentagon hisobotini ko‘rdim, unda aytilishicha, bosqin uchun kuchlarning uchdan bir qismi qo‘llanilgan”, — deb yozgan foydalanuvchi. Aftidan, o‘z tahliliga shubha qilgan guruhning boshqa a’zolarini hayratda qoldirmoqchi bo‘lib, u shunday deb ta’kidlagan: "Menda ochiq manbalardan ko‘proq ma’lumot bor. AQSh harbiy-havo kuchlarining razvedka bo‘limida xizmat qilishning afzalliklari", - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi The New York Times.
Ba’zi xabarlar Rossiya va Ukraina harbiy xizmatchilari orasida qurbon bo‘lganlar soni haqidagi yangilanish bilan boshlangan. U alohida qiziqish bilan Ukrainaga qaysi davlatlar harbiy yordam berayotgani haqidagi yangiliklarni joylashtirgan. Boshqa hollarda, jo‘natilgan razvedka ma’lumotlari jang maydonidagi voqealarni bashorat qilgandek tuyuladi. Xususan, Teysheyra Rossiyaning Kiyevdan yaqinlashib kelayotgan chekinishi haqidagi maxfiy ma’lumotlar bilan bo‘lishgan, uning so‘zlariga ko‘ra, u "Milliy xavfsizlik agentligi saytidan topilgan". "Ozgina "katta" yangiliklar. Boshqa barcha joylarda bo‘lgani kabi Kiyev g‘arbida ham qo‘shinlarning rejali ravishda olib chiqilishi rejalashtirilayotgan bo‘lishi mumkin", - deb yozgan u 2022 yil 27 martda. Ikki kundan so‘ng Rossiya rasmiylari Ukraina poytaxti yaqinidan qo‘shinlarini olib chiqib ketayotganini e’lon qilgan.
21 yoshli Teysheyra 13 aprel kuni 50 ga yaqin a’zosi bo‘lgan Thug Shaker Central nomli boshqa Discord guruhida e’lon qilingan maxfiy hujjatlarning sizib chiqishi munosabati bilan hibsga olingan edi. U yerda u birinchi marta 2022 yil oktyabr oyida maxfiy ma’lumot joylashtirgan.
Mavzuga oid
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
20:42 / 09.11.2024
Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi
16:25 / 09.11.2024