Jamiyat | 14:34 / 09.12.2022
25692
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda erkak xotinini temir obdasta bilan urib o‘ldirdi

Asakada oilaviy kelishmovchilik tufayli yuz bergan janjalda erkak 24 yoshli xotinini yuzi va boshiga temir obdasta bilan urib o‘ldirgan va voqea joyidan yashiringan. Avvalroq Farg‘onada er ayolining boshiga bolta bilan urib unga og‘ir jarohat yetkazgandi.

Erkak o‘z xotinini urib o‘ldirilishi bilan bog‘liq yana bitta holat Andijon viloyati Asaka tumanida ro‘y berdi.

Kun.uz Bosh prokuratura matbuot xizmatidan olgan ma’lumotga ko‘ra, 5 dekabr kuni Asakaning Arg‘in mahallasida yashovchi 24 yoshli ayol jasadi qotillik alomatlari bilan yashash xonadonidan topilgan. Shu kuni tuman prokurori jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Aniqlanishicha, 5 dekabr kuni soat 11:40 larda oilaviy kelishmovchilik tufayli kelib chiqqan janjalda 29 yoshli erkak xotinining yuz va bosh qismlariga metalldan ishlangan obdasta bilan bir necha marotaba urib, uni qasddan o‘ldirgan.

Qotil obdastadagi qon dog‘larini yuvib, tozalab, so‘ngra yashash xonadonidan chiqib ketgan. Shahrixon tumani hududida qurilishi bitmagan binoda yashirinib, 7 dekabrga o‘tar kechasi soat 03:30 larda yashash uyiga qaytgan vaqtida ushlangan.

Fuqaro Ch. B. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish)da ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumondor ko‘rilib, tegishli tartibda ushlangan.

Bosh prokuratura jinoyat ishining tergovi nazoratga olingani, uning natijalari to‘g‘risida qo‘shimcha axborot berilishini bildirdi.

Noyabr oyi oxirida Farg‘onada 38 yoshli erkak farzandlari ko‘z o‘ngida xotinining boshiga bolta bilan urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan va ayol shifoxonaga yotqizilgan edi.

Mavzuga oid