O‘zbekiston | 11:25 / 09.12.2022
6661
2 daqiqa o‘qiladi

Yil boshidan beri O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 1,7 mlrd dollarga kamaydi

Joriy yilning 1 yanvar holatiga 35,14 mlrd dollarni tashkil etgan O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 1 dekabr holatiga 33,44 mlrd dollargacha pasaydi. O‘tgan davr mobaynida oltinning fizik hajmi va qiymati sezilarli darajada oshgan bo‘lsa-da, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari 3,14 mlrd dollarga kamaygan.

Foto: iStock

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangiladi.

2022 yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 33,44 mlrd dollarni tashkil qilgan.  Taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich 2022 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, 32,31 mlrd dollar bo‘lgan. Raqamlar o‘tgan bir oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 1,13 mlrd dollarga ko‘payganini ko‘rsatmoqda.

Noyabr oyi davomida oltinning fizik hajmi (12,8 mln troya unsiya) o‘zgarmagan bo‘lsa-da, qiymati 21 mlrd dollardan 22, 46 mlrd dollarga oshgan. Bu asosan hisobot davrida jahon bozorida oltin narxlarining qimmatlashgani bilan bog‘liq.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari 10,29 mlrd dollardan 9,93 mlrd dollarga kamaygan.

«O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan 1,7 mlrd dollarga yoki 4,83 foizga kamaydi. Bunda oltin narxi yil boshidagi 1799,25 dollardan 1759,65 dollargacha pasayishining ta’siri 0,51 mlrd dollarni tashkil qildi», - deyiladi Markaziy bank izohida.

Zaxiralar mamlakatning “xavfsizlik yostiqchasi” ham hisoblanadi – ular salbiy tashqi shok holatlarda zarbani kamaytiruvchi omil sifatida zarur. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Mavzuga oid