O‘zbekiston | 12:51 / 14.12.2022
6137
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda piyodani urib yuborib, qochib ketgan haydovchi ushlandi

Hodisa oqibatida og‘ir tan jarohatlari olgan piyoda voqea joyida vafot etgan.

Angor tumanida qorong‘i ko‘chada Lada mashinasi bilan fuqaroni urib yuborgan haydovchi unga yordam bermasdan qochib ketgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 2022 yil 12 dekabr kuni soat 19:30 larda sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Angor tuman IIBga tumanning Yangiobod mahallasidan o‘tuvchi 4N-1597 avtomobil yo‘lining 6-kilometrida noma’lum shaxsning jasadi yotgani haqida xabar berilgan.

Shu kunning o‘zida IIB xodimlari voqea joyiga yetib borib, holatga oydinlik kiritish va murdaning shaxsini aniqlash ishlarini olib borgan.

Sud tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro noma’lum transport vositasi tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida og‘ir tan jarohati olib, shu joyning o‘zida vafot etgan.

Olib borilgan tezkor choralar natijasida piyodani urib ketib, unga birinchi yordam ko‘rsatmasdan voqea joyidan qochib ketgan 56 yoshli haydovchi aniqlangan.

Haydovchi «Lada» mashinasi bilan harakatlanayotib yoritish chiroqlari bo‘lmagan qorong‘i ko‘chada e’tiborsizlik qilgan va yo‘lning qatnov qismida mast holda yotgan piyodani ko‘rmasdan bosib ketgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Angor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi hamda 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid