Iqtisodiyot | 00:03 / 20.12.2022
32981
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sekinlashishi kutilmoqda

O‘zbekiston hukumati 2022 yilda YaIM 5,7 foizga, kelasi yili 5,3 foizga o‘sishini taxmin qilmoqda. Keyingi ikki yillik prognozlar ham 6 foizdan oshmaydi. Inflatsiya joriy yil yakunida 12 foiz, kelasi yil 9,5 foizga tushishiga umid qilinyapti.

Bugun, 19 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2023 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni birinchi o‘qishda qabul qildi.

Moliya vaziri Timur Ishmetovning aytishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2022 yilda 5,7 foizga o‘sishi kutilyapti. O‘sish sur’ati 2023 yilda 5,3 foiz, 2024 yilda 5,6 foiz, 2025 yilda 6 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Hukumat 2022 yilda inflatsiya darajasi 12 foiz atrofida bo‘lishini, 2023 yilda 9,5 foizgacha pasayishini kutyapti.

2023 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 311 trln so‘m, xarajatlari 343 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda, 32 trln 528 mlrd so‘m yoki YaIMga nisbatan 3 foiz miqdoridagi taqchillik bilan shakllantirilgan.

2023 yilgi davlat budjeti xarajatlari 257 trln 728 milliard so‘m bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Xarajatlarning 50 foizi yoki 130 trln so‘m ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi.

Ta’lim sohasiga 58 trln 372 mlrd so‘m yoki davlat budjeti jami xarajatlarining 23 foizini hamda 2022 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 16 foiz ko‘p mablag‘ rejalashtirilmoqda.

Ta’lim sohasi bo‘yicha 18 ta davlat dasturlarini amalga oshirish xarajatlariga 7 trln 585 mlrd so‘m mablag‘ rejalashtirilmoqda. Jumladan:

  • nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga Davlat budjetidan 2 trln 259 mlrd so‘m miqdorida subsidiyalar ajratish;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash bilan bog‘liq xarajatlar uchun 920 mlrd so‘m;
  • oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish kvotalarini oshirish maqsadida 984 mlrd so‘m;
  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan har bir talabaga bilim olish uchun qulay sharoit va teng imkoniyatlar yaratish maqsadida budjet mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditiga resurs ajratish uchun 1trln 700 mlrd so‘m;
  • talabalar turar joylarini barpo etish va unda yashaydigan har bir talaba uchun subsidiyalar ajratishga 284 mlrd so‘m mablag‘lar rejalashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash sohasiga:

28 trln 426 mlrd so‘m rejalashtirilgan. Shundan, ushbu sohaga tegishli 22 ta davlat dasturlarini amalga oshirish uchun 1trln 500 mlrd so‘m mablag‘lar rejalashtirilgan. Jumladan:

  • onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini ta’minlash uchun zarur dori va tibbiyot vositalari bilan qo‘shimcha ta’minlash xarajatlari uchun 31 mlrd so‘m;
  • onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlarga 138 mlrd so‘m;
  • onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga 180 mlrd so‘m rejalashtirilmoqda.

Ijtimoiy himoya va ijtimoiy ta’minot yo‘nalishiga 33 trln 67 mlrd so‘m ko‘zda tutilgan. Jumladan:

  • budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi salbiy farqni qoplash uchun 15 trln so‘m;
  • kam ta’minlangan oilalarni va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 18 trln 67 mlrd so‘m mablag‘lar rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid