Iqtisodiyot | 22:07 / 22.12.2022
35796
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Xitoyga bog‘liqlik ortmoqda, oltin sotish qisqargan, gaz eksporti esa ko‘paygan – O‘zbekistonning 11 oylik tashqi savdosi

Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida Xitoy va Rossiyaning ulushi 36,8 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich, 2021 yil yakunlari bo‘yicha 35,6 foizni, 2020 yil yakunlari bo‘yicha esa 33,2 foizni tashkil qilgan. Hisobot davrida oltin eksport qilish 14 foizga kamaygan va qimmatbaho metallning eksportdagi ulushi 20,3 foizgacha pasaygan.

Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonning 2022 yil yanvar-noyabr oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir hisobotni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi 44,97 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 17,36 mlrd dollarni, import hajmi esa 27,58 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 12 foizga, import hajmi 22 foizga o‘sgan. Tashqi savdoning salbiy saldosi 10,2 mlrd dollarni tashkil etgan.

Pandemiya inqirozi va xalqaro bozorlardagi vaziyat yomonlashuvi fonida hukumatning bir qator oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekiston hududiga olib kirishga qo‘yilgan to‘siqlarni yumshatishi import hajmi sezilarli darajada oshishiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Xitoy va Rossiyaga bog‘liqlik yanada kuchaygan. Rossiyaning O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 8,33 mlrd dollarga yetgan va bu borada Xitoyni ortda qoldirgan. Har ikkala mamlakatning umumiy TSAdagi ulushi esa 36,8 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yil yakunlari bo‘yicha 35,6 foiz, 2020 yil yakunlari bo‘yicha esa 33,2 foiz bo‘lgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan faqatgina uchta mamlakat – Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 17 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda. 

2022 yilning o‘tgan 11 oyida O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor top-10 davlat:

  • Rossiya – 2,8 mlrd;
  • Xitoy – 2,4 mlrd;
  • Turkiya – 1,4 mlrd;
  • Qozog‘iston – 1,3 mlrd;
  • Qirg‘iziston – 866 mln;
  • Afg‘oniston – 665 mln;
  • Tojikiston – 463 mln;
  • Kanada – 212 mln;
  • Turkmaniston – 184 mln;
  • Eron – 130 mln dollar.

O‘zbekiston importida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor top-10 davlat:

  • Xitoy – 5,8 mlrd;
  • Rossiya – 5,5 mlrd;
  • Qozog‘iston – 2,9 mlrd;
  • Koreya – 2,1 mlrd;
  • Turkiya – 1,5 mlrd;
  • Germaniya – 856,5 mln;
  • Turkmaniston – 674,3 mln;
  • Hindiston – 595 mln;
  • Braziliya – 500 mln;
  • BAA – 378 mln dollar.

Oltin eksporti kamaygan

O‘zbekiston noyabr oyida 557 million dollarlik oltin eksport qildi. Mart oyidan keyin qimmatbaho metall eksporti qayta tiklanishiga xalqaro moliya bozorida oltin narxlari qimmatlashgani sabab bo‘lishi mumkin. Umuman olganda esa yanvar-noyabr oylarida 3,53 mlrd dollarlik oltin sotilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davriga nisbatan 14,2 foizga kam. Oltinning umumiy eksportdagi ulushi esa 20,3 foizgacha (2021 yilning mos davrida 26,5 foiz) pasaygan.

Gaz va neft sotish ko‘paygan, elektr toki eksporti esa kamaygan

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2022 yil yanvar-noyabr oylarida 910,9 mln dollarlik tabiiy yoki sun’iy gaz eksport qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 30,3 foizga ko‘proq. Shuningdek, 148,4 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari sotilgan. Bu ko‘rsatkich ham 2021 yilga nisbatan 2 barobarga ko‘p. O‘z navbatida, hisobot davrida 76,8 mln dollarlik elektr toki sotilgani qayd etilgan va eksport hajmi 17,9 foizga kamaygan.

Noyabr oyida 39,6 mln dollarlik tabiiy gaz eksport qilingan bo‘lsa, qariyb 28,5 mln dollarlik gaz importi amalga oshirilgan. Elektr toki eksporti 14 mln dollar, importi esa 16,7 mln dollarni tashkil etgan. 

E’tiborli jihati, o‘tgan oyda ham O‘zbekistondan gaz eksporti va Xitoyga O‘zbekistondan gaz importi bo‘yicha o‘zaro bog‘liq statistikada yana katta tafovutlar yuzaga kelgan. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston noyabr oyida 39,6 mln dollarlik gaz eksport qilgan. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston faqat Xitoyga gaz eksport qilib kelmoqda. Xitoy statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistondan noyabrda 114,2 mln dollarlik gaz import qilingan. Ya’ni o‘zbek statistikasida Xitoyga eksport qilinayotgan gaz hajmi 2,88 barobarga kamroq ko‘rsatilgan. Oktabr oyida ham ikki mamlakat statistik ma’lumotlari orasidagi farq 1,62 barobarni tashkil qilgani xabar qilingandi.

Davlat statistika qo‘mitasining mazkur holatga izoh berishicha, press-reliz ma’lumotlariga «dastlabki» yoki «tezkor» degan yozuv kiritilgan. Shu jihatdan belgilangan muddat ichida amalga oshirilgan tovarlar eksport-importi miqdori va qiymati, shu jumladan statistik qiymati ham keyinchalik o‘zgarishi mumkin.

Mavzuga oid