“Yashil hudud jamoat bog‘i sifatida saqlab qolinishi” uchun hokimlikning munosabati yetarli bo‘lmaydi
Toshkent shahar hokimi 2019 yilda tadbirkorga ofis binolari qurish uchun bog‘dan 40 sotix yer maydoni ajratib bergan. Ayni paytda hokim o‘z qarorini bekor qilish huquqiga ega emas. Bu yer maydoniga bo‘lgan egalik huquqi hamon tadbirkorga tegishli ekanini anglatadi.
Kun.uz Mirzo Ulug‘bek tumanining Alpomish mahallasidagi 1,8 gektarli bog‘ning 40 sotix maydoni Toshkent shahar hokimining 2019 yildagi qarori bilan “ABIS-AG” MChJga ofis binolari qurish uchun berilgani hamda bundan odamlar norozi bo‘layotgani haqida maqola e’lon qilgandi. Ushbu maqolaga ko‘p o‘tmay Toshkent shahar hokimligi rasmiy munosabat bildirdi va yashil hudud jamoat bog‘i sifatida saqlab qolinishini ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasida qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil davomida foydalanilmasa, unga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi bekor qilinishi belgilangan. Ya’ni videolavhada tilga olingan Toshkent shahar hokimining 2019 yil 12 fevraldagi qarorining “yerni tadbirkorga ajratish” qismi bir yil muqaddam o‘z kuchini yo‘qotgan”, — deb yozdi hokimlik o‘z munosabatida.
Biroq Toshkent shahar hokimligi o‘z munosabatida 2019 yildagi qaror bilan tadbirkorga berilgan yer maydoniga bo‘lgan egalik yoki undan foydalanish huquqi bekor qilingani haqidagi hujjatni taqdim etmadi. Chunki endilikda hokim ushbu qarorni o‘zgartirish huquqiga ega emas. Bunga prezidentning 2021 yil 8 iyunda qabul qilingan “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yo‘l qo‘ymaydi.
Prezidentning mazkur farmoniga ko‘ra, tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish 2021 yilning 1 avgustidan bekor qilingan. Ya’ni Toshkent shahar hokimi 2019 yildagi qarori bilan tadbirkorga taqdim etgan yer uchastkasiga bo‘lgan egalik va foydalanish huquqini endilikda o‘zi bekor qila olmaydi.
Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevning yozishicha, Toshkent shahar prokuraturasi Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritib, Toshkent shahar hokimining 2019 yildagi qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkorlik sub’yektiga qurilish uchun berilgan 0,40 ga yer maydonida 875 tup daraxt va 250 tup buta mavjud.
Yer berish bo‘yicha qaror daraxt va butalarni kesishga doir moratoriy talabiga zid ravishda qabul qilingan.
Toshkent shahar hokimligi rasmiy munosabatida ta’kidlagani kabi, yashil hudud jamoat bog‘i sifatida saqlab qolinishi zarur. Ammo xozircha buning yuridik asosi yo‘q. Hokimlik saytida e’lon qilingan rasmiy munosabat esa hujjat o‘rniga o‘tmaydi.
Masalaning ayni shu tomoniga e’tibor qaratgan bloger Xushnud Xudoyberdiyev “yashil hudud jamoat bog‘i sifatida saqlab qolinishi” uchun hokimlikning munosabati yetarli bo‘lmaydi. Buning albatta sud hujjati ko‘rinishidagi yuridik asosi bo‘lishi shart” degan.
Shuningdek, “ayni paytda, ma’lum bo‘lishicha, kadastr hujjatlariga ko‘ra, bog‘ning yer maydoni hali ham “ABIS-AG” MChJga tegishli. Toshkent shahar hokimligining 2019 yildagi qarorini bekor qilishga chaqiraman. So‘z bilan emas, qonuniy yo‘l bilan ishni yakunlash kerak” degan bloger Nikita Makarenko.
Mavzuga oid
11:34
Toshkentda o‘quvchilar orasida sintetik narkotik iste’mol qilish ko‘payayotgani aytildi
11:04 / 19.11.2024
Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin
20:02 / 18.11.2024
Angliyaga pul evaziga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
17:10 / 18.11.2024