Jahon | 08:11 / 23.12.2022
14824
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Kiyevga qaytishdan oldin Duda bilan uchrashdi

Ukraina va Polsha prezidentlari, Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuzi tufayli tarixiy qiyinchiliklarni keltirib chiqargan yil yakunlarini sarhisob qildi.

Foto: Picture Alliance

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 22 dekabr, payshanba kuni AQShdan Kiyevga yo‘l olar ekan, Jyeshuvga to‘xtab, u yerda Polsha prezidenti Anjyey Duda bilan uchrashdi. «Biz keng ko‘lamli urush tufayli tarixiy qiyinchiliklarni keltirib chiqargan yilni sarhisob qildik. Kelajakka oid strategik rejalar, 2023 yilda ikki tomonlama munosabatlar va xalqaro darajadagi o‘zaro hamkorlikni muhokama qildik», — dedi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.

«Prezidentlar Ukraina davlatining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va ayniqsa, urushdan qochish uchun Ukrainani tark etishga majbur bo‘lgan ukrainalik vaqtinchalik muhojirlar uchun o‘ta muhim bo‘lgan gumanitar masalalarga alohida e’tibor qaratgan holda keng ko‘lamli mavzularga to‘xtaldilar», deya Ukraina prezidenti idorasi Jyeshuvdagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha bayonot berdi. Zelenskiy Dudaga Polsha va uning fuqarolari tomonidan ukrainaliklarni kuchli qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Volodimir Zelenskiy 21 dekabr kuni Vashingtonga tashrif buyurib, u yerda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashdi va Kongressda nutq so‘zladi. Shu kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainaga 1,85 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. Ushbu paket birinchi marta Ukraina hududi havo mudofaa tizimini mustahkamlash uchun mo‘ljallangan Patriot zenit-raketa komplekslarini Kiyevga topshirishni nazarda tutadi.

Mavzuga oid