Jahon | 14:15 / 10.11.2024
12382
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp Zelenskiy bilan «iliq va yoqimli» suhbat o‘tkazgan. Unda Mask ham ishtirok etgan

Suhbat davomida Mask Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini aytgan.

Foto: Getty Images/BBC

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘tgan hafta chorshanba kuni Volodimir Zelenskiy bilan telefon muloqoti o‘tkazgan, unda Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbari Ilon Mask ham qatnashgan.

Mask Trampning Zelenskiy bilan telefon orqali suhbati vaqtida xonada bo‘lgani haqida birinchi bo‘lib juma kuni kechqurun Amerikadagi Axios nashri xabar tarqatdi. Keyinroq bu ma’lumotni boshqa nashrlar ham tasdiqladi.

Axios’ning muloqot jarayonidan boxabar bo‘lgan manbalariga ko‘ra, Zelenskiy uchun ikkita narsa kutilmagan hol bo‘lgan: muloqot chog‘ida Mask hozir bo‘lgani hamda suhbatning Kiyevga dalda beruvchi mazmuni.

Axios mualliflari yozishicha, 25 daqiqalik suhbat davomida Zelenskiy Trampni g‘alaba bilan tabriklagan, saylangan prezident esa Ukrainani qo‘llashda davom etishini bildirgan, ammo tafsilotlarga to‘xtalmagan.

Axios nashrining uch manbasi Zelenskiy suhbat yaxshi o‘tgani va uning Trampning g‘alabasi bo‘yicha eng jiddiy xavotirlari o‘rinsiz bo‘lib chiqqanini his etgani aytishgan. Nashr suhbatdoshlaridan biri qayd etishicha, «muloqot Zelenskiyda umidsizlik tuyg‘usi uyg‘otmagan».

Mask esa Starlink sun’iy yo‘ldosh terminallaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash orqali Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da qilgan. Oxirgi vaqtlarda u bu masalada betaraflik pozitsiyasini tanlayotgandi. Mask manbalarning ma’lumotlari yuzasidan izoh berishni istamagan.

Zelenskiy Trampdan tashqari Mask bilan ham gaplashgani faktini Ukraina prezidenti ma’muriyatidagi manba BBC’ga tasdiqlagan. «Prezident Trampning yonida Ilon ham bo‘lgan va u go‘shakni unga bergan, prezident Zelenskiy „Starlink“lar uchun minnatdorchilik bildirgan», — degan manba.

Muloqot vaqtida qanday kayfiyat hukm surgani haqidagi savolga javoban manba «normal, ishchi kayfiyati, yaxshi muloqot» deya javob bergan.

BBC suhbatdoshi Zelenskiyning Mask bilan muloqoti qisqacha bo‘lgani va u asosan Tramp bilan gaplashgani, bu muloqot yarim soatga yaqin vaqt davom etganini aytgan.

«Bu juda muhim masalalarni muhokama qilish uchun suhbat emasdi, lekin, umuman olganda, bu juda iliq va yoqimli muloqot bo‘ldi», — degan manba.

Axios nashri suhbatdoshlaridan birining aytishicha, Zelenskiy qo‘ng‘iroq Trampning saylovlardagi g‘alabasidan ko‘p vaqt o‘tmay ro‘y berganini ijobiy belgi deb hisoblaydi.

Ilon Mask 2024 yilgi saylovlarda Trampning eng yorqin tarafdorlaridan biri bo‘ldi va saylovoldi kampaniyasi chog‘ida unga yordam berish uchun bor imkoniyatlarini ishga soldi. Endi u Oq uyning yangi ma’muriyatida muhim rol o‘ynashi mumkinligi istisno etilmayapti.

Tramp Ukraina haqida nimalar degan va manbalar nima deydi?

Zelenskiy sentabr oyida Tramp bilan Nyu Yorkda uchrashuv o‘tkazgandi. Shundan buyon uning yordamchilari bir necha bor Ukraina hamda uning prezidenti haqida tanqidiy fikrlar bildirgan Trampning atrofidagilar bilan aloqani saqlab qolgan.

Zelenskiy va Tramp yaqinda Nyu Yorkdagi uchrashuvi chog‘ida. Foto: Getty I

Tramp bir kun ichida Ukrainadagi urushga barham berishini aytgan, ammo buni aynan qanday qilmoqchi ekaniga aniqlik kiritmagan. Uning muxoliflari yangi prezident Kiyevni hududiy yon berishlar hisobiga tinchlik sulhi tuzishga majburlashidan xavotir bildirishgan.

Axios manbalaridan biri esa Ukraina vakillari Trampning gaplarni bunday qabul qilmaganini aytgan. «Zelenskiy va uning yordamchilari Tramp va uning jamoasidan o‘zaro suhbatlarda bu kabi gaplarni eshitishmagan, bizni xavotirga soladigan yoki barchasi uchun aynan Ukraina to‘lov qilishini his qilishga majburlaydigan hech qanday gap yo‘q», — deya manba so‘zlarini keltirgan Axios.

Nashrning uch manbasiga ko‘ra, Tramp boshqa gaplar qatori Zelenskiyga quyidagicha va’da bergan: «Va’da beramanki, siz mendan mamnun bo‘lasiz».

Amerikadagi prezidentlik saylovlaridan keyin Zelenskiy u bilan «ajoyib telefon muloqoti o‘tkazgani» va «uni tarixiy hamda ishonchli g‘alaba bilan tabriklagani»ni aytgandi.

«Biz yaqindan muloqotni davom ettirish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldik. AQShning kuchli va qat’iyatli yetakchiligi — tinchlik va adolatli dunyo uchun juda muhim», — degandi u.

Ilon Mask va Ukrainadagi urush

2022 yil fevralida Rossiya bosqini boshlanganida Mask Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan hamda Kiyevga o‘zining Starlink sun’iy yo‘ldosh internet tizimidan foydalanish imkoniyatini taqdim etgandi, bu esa RFdagilarda norozilik uyg‘otgandi.

Starlink terminallari partiyasi Ukrainaga o‘sha yil mart oyi boshidayoq yetib keladi — o‘shanda Ukraina raqamli transformatsiya vaziri Mixaylo Fedorov SpaceX rahbariga mamlakatni sun’iy yo‘ldosh interneti tizimiga ulashni so‘rab murojaat qilgandi.

Ukrainalik harbiylar uchun uyali aloqa va internet yo‘qligi sharoitida Starlink terminallari o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

2022 yil fevralidan keyin Mask ijtimoiy tarmoqlarda Kreml bilan faol ravishda internet-jang ham boshlagandi. Xususan, 14 mart kuni u to‘g‘ridan to‘g‘ri Vladimir Putinga duel taklif etilgan tvit yozadi.

«Men Vladimir Putinni jangga chorlayman. O‘rtaga — Ukraina qo‘yiladi», — deya yozgandi amerikalik tadbirkor ingliz tilida. Davomiga Kremlning rasmiy akkauntini teg qilgan holda rus tilida shunday qo‘shimcha qiladi: «Siz bunday jangga tayyormisiz?»

Ammo ko‘p o‘tmay u ukrainlar g‘azabiga ham sabab bo‘ladi — 2022 yil oktyabrida ijtimoiy tarmoqda Ukrainada qanday yo‘l bilan tinchlikka erishish haqidagi fikrlarini bildirib, urushni yakunlash variantlarini taklif etganidan so‘ng.

Uning takliflari orasida Rossiyaning okkupatsiya qilingan hududlarida BMT homiyligi ostida yangi referendum o‘tkazish, Qrimni Rossiyaga berish hamda uni suv bilan ta’minlash kabilar bor edi. Mask Ukrainaga betaraflik maqomini berishni taklif etgandi.

Mask shuningdek Ukrainada 2012 yil o‘tkazilgan saylovlar xaritasini keltirib, «Ukrainlarning katta qismi so‘zsiz Ukrainaning bir qismi bo‘lishni xohlashi, ammo sharqiy hududlarda ko‘pchilik Rossiyani afzal ko‘rishi»ni aytgandi.

Keyinroq SpaceX kompaniyasi Starlink tarmog‘idan harbiy maqsadlarda foydalanishni cheklab qo‘ydi — Ilon Mask buni «biz Starlink’dan dronlar bilan uzoq masofalarga zarba berishga qo‘ya olmaymiz» deb izohlagandi.

Maskning boshqa qadamlari, xususan, tinchlik rejasi uni Rossiya bilan aloqalar o‘rnatish hamda Ukraina hududlari anneksiya qilinishiga legitim tus berishga urinishda ayblash uchun asos bo‘ladi.

Mask bu kabi da’volarni doimo rad etib kelgan.

Mavzuga oid