O‘zbekiston | 11:45 / 15.01.2023
10568
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatida ikki hududda gaz ta’minoti bo‘limi rahbarlari lavozimidan ozod etildi

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Surxondaryo viloyatining Termiz shahar va Sherobod tumani gaz ta’minoti bo‘limi rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyat navbatchilik shtabida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida hududlarda bir qator muammolar aniqlanganini ta’kidlab, mas’ullarning muammolarni hal etishdagi faoliyati qoniqarsiz ekanini qayd etdi.

Jumladan, birinchi navbatda aholiga gaz yetkazib berish lozimligi belgilangan bo‘lsa-da, Termiz shahri va Sherobod tumanida umumiy ovqatlanish shoxobchalari, hammom va boshqa tarmoqdan uzilishi kerak bo‘lgan obektlar tabiiy gazdan foydalanib kelgan.

Hudud mas’ullari tomonidan bu holat nazoratsiz qoldirilgan, shuningdek, ushbu hududlarda gaz sohasi bilan bog‘liq qator muammolar mavjud bo‘lib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan.

Faoliyatida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli Termiz shahar va Sherobod tumani gaz ta’minoti bo‘limi rahbarlarini egallab turgan lavozimidan ozod etish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Mavzuga oid